Jurnalist Bobomurod Abdullayev Mirziyoyev va Inoyatov o'rtasidagi ziddiyat qurbonimi?


Muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq harakati raisi Muhammad Solih Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) qamog’idagi jurnalist Bobomurod Abdullayev uzoq yillardan buyon o‘z maqolalari bilan jamoatchilikda shov-shuv uyg‘otib kelgan anonim muallif Usmon Haqnazarovdir, deya e'lon qildi.

Muxolifatchiga ko‘ra, Bobomurod Abdullayevning hayoti qamoqda xavf ostida qolayotgani uchun bugun shunday iqror bilan chiqishga majbur bo‘lgan.

27- sentabr kuni hibsga olingan, O‘zbekiston hukumatiga nisbatan fitna uyushtirishda ayblanayotgan jurnalist Abdullayev Usmon Haqnazarov nomi ostida yozilgan maqolalar muallifligida ham gumon qilinayotgani norasmiy manbalar tomonidan ta’kidlab kelinayotgan edi.

Muhammad Solih deydiki, uning bunday bayonot bilan chiqishiga Bobomurod Abdullayevga nisbatan qo‘llanilayotgan qiynoqlar sabab bo‘lgan.

“Bobomurod Abdullo bugun Usmon Haqnazarov bo‘lganligi uchun ham qiynoqqa tutilmoqda. Biz buni bugun bildirishni lozim topdik. Chunki, insonlar Bobomurodning nega qamalganini, nega bu og‘ir qiynoqlarga tutilayotganini bilishi kerak. Bu qiynoqlar shuning uchun qilinyaptiki, Usmon Haqnazarov 14 yil davomida avval Karimov rejimini, bugun esa Inoyatov saltanatini ag‘dar-to‘ntar qilayotgan edi. Bugun shuning o‘chni olishyapti, buni Inoyatov qilyapti, men bunga Mirziyoyev daxldorligi haqida taxmin qilmayman. Ammo bu Mirziyoyev tashabbuslariga urilgan jiddiy zarbadir, chunki unga nisbatan iliq kayfiyatlar endi boshlanayotgan edi, mustaqil jurnalistlarni qamash, qiynoqlar qo‘llash bu siyosatga jiddiy shikast yetkazadi”, - deydi Muhammad Solih.

Jurnalist Bobomurod Abdullayev
Jurnalist Bobomurod Abdullayev

Dastlab 2003- yillarda paydo bo‘lgan va maqolalari jamoatchilikda munozara uyg‘otgan Usmon Haqnazarovning kimligi hozirgacha noma’lum qolayotgan edi.

Uning maqolalarining aksariyati hukumatdagi ziddiyatlar, shuningdek MXX faoliyatiga doir edi. O‘zbekistonda hokimiyat almashgandan so‘ng Haqnazarov maqolalarining aksariyati yangi prezident Shavkat Mirziyoyev va MXX rahbari Rustam Inoyatov o‘rtasida borayotgan hokimiyat kurashi haqida edi.

Muhammad Solihga ko‘ra, so‘nggi paytda Bobomurod Abdullayev o‘ziga nisbatan kuzatuv kuchayganini sezgan, ammo chiqish vizasidan mahrum qilingan Bobomurodni tashqariga olib chiqishning imkoniyati bo‘lmagan.

“Bizda ham uni ustidan nazorat kuchaytirilgani haqida ma’lumot bor edi. Ichkaridan Usmon Haqnazarovning izidan qattiq tushishgan, mamlakatdan qochsin, degan xabar keldi. Ammo buning imkoniyati bo‘lmadi, chunki orqasidan doim odam yurgan edi. Bundan tashqari unga chiqish vizasi ham berilmayotgan edi. Uyida ham, tashqarida ham doim kuzatuv ostida bo‘ldi. Shuning uchun afsuski, uni chiqarishning iloji bo‘lmadi”, - deydi Muhammad Solih.

MXX rahbari Rustam Inoyatov
MXX rahbari Rustam Inoyatov

Ayni paytda MMXga qarashli tergov izolyatorida saqlanayotgan Bobomurod Abdullayevni ehtiyot chorasi sifatida qamoqda ushlash haqida sud qarori chiqqan.

Jurnalist O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159- moddasini 4-bandiga binoan hukumatga qarshi fitna uyushtirish, tuzumni ag‘darishga urinish harakatlarini ko‘zda tutuvchi bu modda 10 yildan 20 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutadi.

“Harom mol yegan, ko‘zini harom yog‘ bosgan odamlarni tanqid qilish, ular uchun fitnadir. Xalqni himoya qilish, xalqning manfaati uchun o‘z hayotini o‘rtaga qo‘yish, bu ular uchun bir jinoyatdir. Ulardan boshqa yana nimani kutish mumkin", - deydi Muhammad Solih.

Muhammad Solih, O'zbekiston Xalq harakati raisi
Muhammad Solih, O'zbekiston Xalq harakati raisi

"Meni ham aynan shu moddalar bilan ayblashgan edi, fitna tayorolashda. Ammo keyin nima bo‘ldi, bizga nisbatan ko‘rsatma bergan Zayniddin Asqarov bularning hammasi IIV, MXX tomonidan tayyorlangan fitna ekanligini aytdi. Shuning uchun ham uni qamoqda o‘ldirishdi. Ya’ni ularning uslubi hali o‘zgargani yo‘q, bunga qarshi kurashish uchun hatto bugungi davlat rahbari ham ikkilanib yoki yolg‘izlanib qolyapti. Shuning uchun biz Mirziyoyev tashabbuslarini dastaklash kerak deb kelamiz”, - deydi muxolifatchi.

2- oktabr kuni 30 ga yaqin inson huquqlari tashkilotlarini birlashtirgan Fuqoroviy birdamlik platformasi jurnalist Bobomurod Abdullayev zudlik bilan ozod qilinishi so‘ralgan bayonot tarqatdi.

Markaziy Osiyodagi inson huquqlari tashkilotlari ham qo‘shilishgan bu bayonotda YXHTning matbuot erkinligi bo‘yicha Toshkentda rejalangan xalqaro konferensiya oldidan jurnalist Bobomurod Abdullayevning qamoqqa olinishi o‘ta xavotirli voqea deya baholanadi, O‘zbekiston hukumati zudlik bilan jurnalistni ozod qilishga chaqiriladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG