Breaking News

Markaziy Osiyo Yoshlar Ligasi nima maqsadlarni ko'zlamoqda?


Markaziy Osiyo Yoshlar Ligasi O'zbekiston, Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston, Turkmaniston va Afg'onistonni qamraydi

Yaqinda Markaziy Osiyo Yoshlar Ligasi nomli ijtimoiy harakatga start berildi. Markaziy Osiyo xalqlari, xususan yoshlarni birlashtirish, millat va elatlarga bo’linishga chek qo’yish, mintaqaviy muammolarga yechim taklif qilish – bu harakat a’zolari tomonidan ilgari surilayotgan g’oyalar. “Amerika Ovozi” liga asoschilaridan biri, o'zbekistonlik Javlon Juraev bilan suhbatda bo’ldi.

Markaziy Osiyo yoshlari birlasha oladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:26 0:00

Juraev Norvegiya Xalqaro Ishlar Institutida tadqiqotchi bo’lib ishlaydi. Qirg’iziston poytaxti Bishkek shahridagi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Akademiyasida o’qigan, iqtisodchi.

Markaziy Osiyo Yoshlar Ligasini tuzish g’oyasi Bishkekda tahsil olayotgan paylarida paydo bo’lgan. Akademiyada u Afg’oniston, Tojikiston, Qozog’iston va Qirg’iziston yoshlari bilan muloqot qilib, fikr almashib, shunday birdamlikda harakat qilish zamon talabi ekanini tushungan.

Asosiy maqsad - Markaziy Osiydagi xalqlar va yoshlar orasida dialog boshlash, deydi Juraev.

“Bishkekda tahsil olayotganimda Markaziy Osiyodagi yoshlar bilan fikr almashish jarayonida shu narsa ayon bo’ldiki, biz qo’shni xalqlar, qo’shni davlatlar haqida juda kam narsa bilamiz, ular haqida tasavvurlarimiz juda cheklangan. O’zbekistonlik yoshlardan Rossiya va AQSh siyosati, muammolari haqida so’rasangiz, juda ko’p narsalarni aytib berishi mumkin. Lekin, o’zbekistonlik yigitlar va qizlardan Qozog’iston yoki Afg’onistondagi o’zgarishlar, muammolar va yutuqlar haqida so’rasangiz, aniq bir tasavvur, ma’lumot yo’qligiga amin bo’lamiz. O’zim ham xuddi shunday halotga duch kelganim uchun shunday fikr paydo bo’ldiki, biz shu mintaqada yashayapmizmi, muloqotni boshlashimiz, fikr almashishib, qo’shnilarimiz haqida bilishimiz kerak. Bir-birimiz haqimizda qancha ko’p bilsak, atrofimizda nimalar ro’y berayotganini, muammolarga yechim topish va qaysi sohalarda hamkorlik qilishimiz mumkinligini, qanday yutuqlarga erishish osonroq bo’ladi degan xulosa chiqadi”,- deydi Javlon Juraev.

Javlon Juraev, Markaziy Osiyo Yoshlar Ligasi asoschilaridan biri
Javlon Juraev, Markaziy Osiyo Yoshlar Ligasi asoschilaridan biri

Suhbatdosh O’zbekistonning mintaqaviy siyosatini, qo’shnilar bilan do’stlashishga urinishlari va so’nggi o’zgarishlarni ijobiy baholaydi.

“O’zbekistonda so’nggi paytlardan ro’y berayotgan, amalga oshirilayotgan o’zgarishlar, islohotlar, qo’shnilar bilan do’stlashihsh siyosati, shunday bir yaxshi muhit yaratb beradiki, biz yoshlar faqatgina davlatga qarab turmasdan o’zimizning tashabbusimiz bilan chiqib, to’plagan bilimimiz vositasida qo’shnilarimiz, xususan Afg’oniston bilan muloqotni qayta boshlash, samarali dialog yaratish kerak degan g’oyani paydo qildi desak ham bo’ladi”,- deydi Juraev.

Hozirgi kunda ushbu ijtimoiy harakatning faoliyati faqat internet bilan cheklanib qolmoqda. Juraevga ko’ra, yoshlar bu ishni qizg’in kutib olishyapdi. Odamlar ezgu fikr-tilaklar bilan chiqayapti.

“Biz qanday tashkilot bo’lmoqchi ekanimizni aniqlamoqchi bo’ldik. Qanday ijtimoiy harakat bo’lamiz, qatriyatlarimiz, targ’ib qilayotgan narsalar va hokazolar. Biz, birinchi faoliyatimizni “Facebook”dagi maxsus sahifa orqali boshladik. Biz yangi va tajribasiz ijtimoiy harakatmiz hozircha. Ommaviy axborot vositalariga murojaat qilish, bilimli va iqtidorli yoshlarga yetib borish va fikrlarimizni yetkazishni reja qilganmiz”,- deydi Juraev.

Suhbatdosh nazarida, Markaziy Osiyo noxolis ma’lumotlar bilan to’lib-toshgan. Barcha davlatlar haqidagi ma’lumotlarni haqqoniy qilish kerak. Yomon va noto’g’ri tsavvurlarga nuqta qo’yish zarur.

“Afg’onison haqida bitta kichik misol keltiraman. Afg’oniston desangiz, O’zbekiston yoshlari tasavvurida, qurol ko’targan, soqol qo’ygan, salla o’ragan jangari odamlar mujassm bo’ladi. Afg’oniston haqida aniq ma’lumotga ega yoshlar juda ozchilik. Shuning uchun Afg’oniston nomini xolis yetkazib berish, Afg’oniston haqida noto’g’ri tasavvur bilan yashahni to’xtatishga harakat qilayapmiz. Afg’niston ham katta mamlakat, iqtisodiy salohiyati kuchli. 34-40 million aholisi bor. Ularning hammasi ham jangari emas, aksar odamlar tinchliksevar, mehnatsevar, bilimga chanqoq, zamon bilan hamnafas bo’lib yashagisi keladi degan narsani O’zbekiston yoshlari va dunyoga yetkazmoqchimiz”,- deydi Javlon Juraev.

Uzoqdagi qarindoshdan ko’ra, yaqindagi qo’shni yaxshi.

“Agar biz tashkilotni rasmiy ravishda, ijtimoiy harakat, nodavlat, notijorat tashkilot sifatida ro’yxatdan o’tkazadigan bo’lsak, Markaziy Osiyodagi oltita davlatda, bir vaqtning o’zida ro’yxatdan o’tkazishimiz kerak”, - deydi suhbatdosh.

“Hukumatlarning siyosatiga aralashmagan holda, bu siyosatlarga qarshi chiqmagan holda, maqsadlarimiz ezgulikni ko’zlab, do’stlikni ko’zlab qilinayotganini yetkazishga harakat qilayapmiz. Agar biz noto’g’ri yondashsak, o’sha davlatlardagi a’zolarimiz, biz bilan fikrdosh yoshlar jabrlanishi mumkin. Shuning uchun hech kimga zarar yetkazmaslikka harakat qilayapmiz”,- deydi Juraev.

Agar faoliyat jarayonida qaysidir davlat bu ishga qarshilik bildirsa, liganing barcha a’zolari bilan maslahatlashib, muammoga yechim topishga qaror qilingan, deydi suhbatdosh.

“Ba’zi yangi a’zolar orasida Afg’oniston notinch, bunday harakatga ruxsat beriladimi yoki Turkmaniston juda izolyatsiyalangan davlat, tashqi ijtimoiy harakatlarga qarshi chiqishi mumkin degan tashvishlar bo’ldi”,- deydi Juraev.

Tashvishlar, tanqidlar bo’lishi tabiiy, deya qo’shadi u.

Moliya - nozik masala. Lekin harakat tashkilot sifatidan faoliyat boshlaydigan bo’lsa, moliyani a’zolarning shaxsiy ko’magi va a’zolik to’lovlaridan ta’minlash rejalangan.

“Alohida ta’akidlash kerak, biz qizlarni safimizga taklif qilamiz. Biz qizlarning aqliy, insoniy, ma’naviy salohiyati yigitlarnikidan kam emas deb hisoblaymiz. Qizlar ham jamiyatning yetarlicha kuchi hisoblanadi. Ular bo’lg’usi onalar, bo’lg’usi tarbiyalovchilar, kelajakni barpo qiladigan odamlar. Shuning uchun, barcha davlardan safimizda qizlar ham bo’ladi degan umiddaman”, - deydi Juraev.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG