Breaking News

Rahmat Oqilov Shvetsiyada umrbod qamoqqa mahkum


Rahmat Oqilovning suddagi ko'rishi (rasmiy chizgi)

Shvetsiya sudi Rahmat Oqilovni bir umrlik qamoq jazosiga hukm qildi. Asli samarqandlik Rahmat Oqilov o’tgan yil Stokgolmda terrorchilik xuruji sodir etib besh kishini o’ldirgan edi. Oqilov ishi Shvetsiyada o’zbeklar bilan bog’liq yagona mojaro emas. Ayni paytda yana to’rt nafar o’zbekistonlik xuruj rejalashda gumonlanib hibsda.

O'zbekistonlik Shvetsiyada bir umr qamoqda o'tiradi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:15 0:00

O’zbekiston Rahmat Oqilovga chiqarilgan hukm arafasida 200 nafardan oshiq samarqandlik diniy ekstremizmga aloqadorlik aybi bilan hamon qidiruvda ekanligini ma’lum qildi. O’zbeklarni terrorchiga aylantirayotgan sabablar hamon bartaraf etilmagani ta’kidlanmoqda.

Rahmat Oqilov xurujdan so’ng o’z qilmishiga iqror bo’lib, terrorchilik harakatini “Islomiy davlat” guruhini qo’llab quvvatlash uchun amalga oshirgani haqida ko’rsatma bergan edi.

Sud hukmi terror xurujidan bir yildan oshiq vaqt o’tib e’lon qilinmoqda, ammo bu Oqilov bilan bog’liq ishning xotimasi emas. Shvetsiyada terrorga aloqadorlikda gumonlanib yana bilan bir nechta o’zbekistonliklar hibsga olingan, ular ustidan surishtiruv davom etmoqda.

Stokgolm, 9-aprel, 2017
Stokgolm, 9-aprel, 2017

Shvetsiyada yashayotgan o’zbekistonlik diniy faollardan biri Muhammadsolih Abutovga ko’ra, Ochilovga hukm e’lon qilinishi o’zbeklarga nisbatan shubhani aritmagan, terrorchilik gumoni bo’yicha surishtiruvlar davom etmoqda.

“Ochilov sudda hammasini tan oldi, jinoyatini, “Islom davlati”ga moyilligini, qilgan ishini to’g’ri deb hisoblashini, sud jarayonida hammasini ochiq gapirdi, yashirgani yo’q. Lekin Shvetsiyada birorta hafikri borligini aytmadi, yolg’iz o’zi amalga oshirganini, maslakdoshlari esa hammasi tashqarida ekanligini aytdi. Ammo u bilan aloqadorlikda gumonlanayotgan ustidan tergov davom etyapti. Uch oy avval bu ish yuzasidan uch o’zbekistonlik hibsga olingan edi, yaqinda esa yana bir o’zbek ushlandi. Ular terrorchilik xurujini rejalashda gumonlanmoqda. Gap shundaki, Rahmat Oqilov ular haqida, ular ham Oqilov haqida biror narsa aytishmagan, ijtimoiy tarmoqdagi faoliyati gumonlarga asos bergan, bitta shaharda yashashgani, hammasi o’zbekistonlik bo’lgani uchun biri birini tanimasligi qiyin ko’rilmoqda. Xullas, Oqilovning xurujidan keyin shved maxsus xizmatlari o’zbeklarga nisbatan tekshiruv boshlagan, o’zbeklar ichida radikal kayfiyatdagi dindorlar ko’p degan fikrda. Buni tan olish kerak, Yevropadagi o’zbeklar ichida shunday toifa bor”, - deydi Abutov.

Oqilov uyushtirgan terror xuruji jamoatchilikda keng munozara qilingan, ayniqsa, uning o’z qilmishidan pushaymon emasligi haqidagi bayonoti ko’pchilikni junbishga keltirgan va nima sababdan o’zbekistonliklar xorijdagi terror ijrochilari bo’lib qolayotgani haqidagi savollarni muhokama chiqargan edi.

Terror kuni: Stokgolm, 7-aprel, 2017
Terror kuni: Stokgolm, 7-aprel, 2017

Oqilov xuruj ortidan rasmiy Toshkent bayonot bergan, Oqilovning diniy ekstremizm bo’yicha qidiruvga berilgani, “Islomiy davlat” guruhi bilan muloqoti yuzasidan Yevropa maxsus xizmatlari xabardor qilinganini ta’kidlagan edi.

“Oqilov shu radikallashgan guruhlar qo’lidagi qurbon, uning O’zbekistondagi hayodi dindorlik bilan ajralib turmagan, bunday olganda dinsiz ham bo’lgan. Uni bu yerda deport xavfida turgani, O’zbekistonga qaytishdan qo’rqani, qolversa oilasidan ajragani, bular hammasi undan terrorchi yashashga imkon tug’dirdi”, - deydi Abutov.

Rahmat Oqilov ustidan Shvetsiyada sud hukmi o’qilishidan avval O’zbekistonda u tug’ilgan shahar Samarqandda mahalliy hokimiyat tomonidan diniy ekstremizm tahdidiga doir yig’ilish o’tkazilgani xabar qilindi.

Bu majlisda xorijda qochqinlikda yurgan o’zbekistonliklar haqida gap borgan. Ta’kidlanishicha, viloyatda 241 kishi diniy ekstremizmga aloqadorli aybi bilan qidiruvda, ulardan 15 nafari xorijdan O’zbekistonga qaytarilgan, 13 nafari afv qilingan.

Qidiruvdagilarning qanchasi haqiqatda ekstremizmga aloqadorligi haqida gapirish qiyin, Karimov davrida uzoq vaqt xorijda qolganlarni, muxolif qarashdagi dindorlarni ekstremizmda ayblash an’anaga kirgan edi.

Rahmat Oqilov, Shvetsiya politsiyasi taqdim etgan surat
Rahmat Oqilov, Shvetsiya politsiyasi taqdim etgan surat

“Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov tahlilicha, diniy ekstremizm bo’yicha qidiruvlarni asossiz deyish qiyin.

“200 dan oshiq odam ekstremizga aloqadorlikda ayblanayotganini ishonchsiz deyish qiyin, chunki shunday xavf bor. Mamlakatda shunday bir guruhlar yuzaga chiqqan edi. Buning natijasini biz turli davlatlarda o’zbeklar tomonidan sodir etilgan terror xurujlari misolida ko’ryapmiz, AQShda, Yevropa davlatlarida. Katta ehtimol bilan bunday xurujlar kelajakda ham takrorlanishi mumkin. Bitta viloyatda 200 dan oshiq odam ekstremizmda ayblanib qidiruvda ekan, xavotirlanish uchun asos bor. Bundan qat’i nazar, so’ngi yilda o’zgarishlar bor, qidiruvdagilar qaytishyapti. 25 yil davomida sobiq hukumat diniy aqidaparastlik ustidan to’liq nazorat o’rnatdi, nega odamlar qidiruvga berilganini hech surishtirmadi, hatto prokurorlar ham. Keyingi paytda bu narsa qayta ko’rilmoqda, qaytganlarni jamiyatga qo‘shish uchun harakat qilinmoqda”, - deydi Tashanov.

Abutov O’zbekiston hukumati tomonidan diniy ekstremizmda ayblangan faollardan biri. Uning fikricha, diniy ekstremizmga doir rasmiy qidiruv ro’yxati qayta ko’rib chiqilishi kerak.

“Biz ham Karimov davrida terrorchi sifatida qidiruvga berilgan edi. Hozir 250 yaqin odam qidiruvda ekan, ularga nisbatan yangi hokimiyatning munosabati qanaqa? Shu ochiqlanishi kerak edi, ekstremist degani bilan odam ekstremist bo’lib qolmaydi. Hukumat bu ro’yxatni aniqlashtirishi, har birini alohida ko’rib chiqishi kerak. Qolaversa yangi hokimiyat ham diniy masalada Karimov davridagi bir xatoni yana takrorlayapti. O’sha faqat hanafiy mazhabidagi imomlar rasmiy, qonuniy qilib qo’yildi, boshqalar esa qonundan tashqarida, nolegal deb belgilandi. Dinni kim qanday tushunishi fuqarolarning o’z huquqi, bunga davlat aralashmasligi kerak”, - deydi deydi Abutov.

Rahmat Oqilov mamlakatdan tashqarida xurujga qo’l urgan yagona o’zbekistonlik emas. Terrorchi guruhlar ta’siri ostidagi bu kabi hujumlar Turkiyada, AQShda ham o’zbekistonliklar tomonidan amalga oshirilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG