Mirziyoyev ekstremistlar qilmishi uchun yaqinlarini jazolamaslikka chaqirdi


Prezident Shavkat Mirziyoyev (chapda) Andijon shahrida, 3-iyun, 2017-yil.

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Andijonga safari davomida ekstremizm yo'lida adashganlarni jamiyatga qaytarish, tuzalmas ashaddiylarini fuqarolikdan chiqarish haqida gapirdi.

Prezident Andijondagi uchrashuvlarida 12 yil avvalgi qirg'in haqida bevosita gapirmagan, ammo aholini “akromiylar”dan ogohlantirgan, radikalizm kuchayishida hokimiyatning ham aybi borligini tan olgan. Radikal g'oyalarni ma'rifat bilan yengishga da'vat qilgan prezident mahkumlarning qarindoshlarini jamiyatga qaytarish ustida ishlashga chaqirmoqda.

Faollarga ko'ra, Mirziyoyev hali Andijon fojeasi haqida gapirishga tayyor emas.

Prezidentning aytishicha, jamoatchilikda ashaddiy radikallar va adashganlar qatlami bor, adashganlarni jamiyatga qaytarishga harakat qilish zarur, ashaddiy tuzalmaslar bilan ishlash foydasiz; ular fuqarolikdan chiqarilishi kerak.

Mirziyoyevning chiqishida asosiy yangilik keskin nazoratda ushlangan dindorlarning yaqinlarini jamiyatga qaytarishga tayyorlikni bildirishdan iborat bo'ldi. Bu bayonot Andijon vqoealarida ishtirok etganlikda ayblanib, qamalgan yuzlab dindorlarning jamiyatdan chetlatilgan qarindoshlariga ham daxldor deyish mumkin.

Mirziyoyev Andijon fojealari haqida bevosita gapirmadi, ammo aholini “akromiylar”dan ogohlantirdi. Bu Andijon qirg'iniga nisbatan yangi hokimiyatning pozitsiyasi ham o'zgarishsiz qolishidan darakdek. Mirziyoyev odamlarning noqonuniy diniy oqimlarga qo'shilishida ijro hokimiyatining aybi borligini tan oldi, ammo bunday bayonot o'z vaqtida marhum Karimov tomonidan ham qilingan edi.

O'zbekiston Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovga ko'ra, prezidentning bu tashabbusi ortidan qamoqdagi dindorlarning jamiyatdan ajratib qo'yilgan qarindoshlari, yaqinlariga nisbatan mavjud munosabat o'zgarishi kerak.

“Bunday oilalarda ko'pchiligining eri qamoqda, ayoli 3-4 nafar farzandi bilan uyida qiynalib o'tiribdi. Mahalla ularga hatto yordam puli ham ajratmaydi. Sening ering xalq dushmani deb. Bunaqa rahbarlar hali o'tiribdi, munosabat o'zgarmagan. Mirziyoyev, nazarimda, Andijonda aynan shuni aytmoqchi, qo'rquv, vahimani yig'ishtirib yangicha qarash kerak, demoqchi. Albatta, ekstremistik qarashdagi odamlar ham bor, ammo qamoqda 15 mingga yaqin dindorlar o'tiribdi, ularning aksariyati ekstremist emas, hatto buni tushunishmaydi ham. Ashaddiylar soni nari borsa 2-5 foiz bo'lishi mumkin”, - deydi Ikromov.

O'zbekistonda diniy ayblovlar bilan qamoqda o'tirganlarning asosiy qismi Andijon viloyatiga to'g'ri kelishi ta'kidlanmoqda. Ikromovga ko'ra, 12 yil o'tib ham andijonliklarni hamon qo'rquv va vahima tark etmagan, prezidentning safari aynan shu vahimani yo'qotishga xizmat qilishi kerak.

“Andijonda hamon qo'rquv hukmron. Oldingi rejim, Karimovning qo'lidan kelgani aholini qo'rquvda, vahimada saqlash bo'ldi, bo'ynini egdi, qashshoqlashtirdi. Mirziyoyev bugun shu munosabatni o'zgartirishi kerak, nafaqat iqtisodiy jihatdan, balkiy siyosiy jihatdan ham”, - deydi Ikromov.

Prezident “akromiylar” guruhini tilga olgan bo'lsa-da, qirg'inning qurbonlari, sabablari haqida hech narsa demadi. Faollarga ko'ra, u hali Andijon xunrezligi haqida gapirishga tayyor emas.

“Bu baribir gapirilishi kerak, tariximizda qoldi, buni o'chirib bo'lmaydi, shuncha odam o'ldi, biz hatto ularning aniq sonini ham bilmaymiz, Andijonda bo'lganimda odamlar haligacha bedarak ketgan qarindoshlarini qidirib yurishibdi. Bular qancha odamni otib tashlashdi, bu juda katta jinoyat. Yangi prezident bu narsaga sekinlik bilan bormoqchi, ehtimol bu to'g'ridir”, - deydi Ikromov.

Mirziyoyev 3-iyun kuni ilk bor prezident sifatida Andijonga safar qildi, viloyat hokimligida mahalliy faollar bilan uchrashuv o'tkazdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG