Breaking News

Afg'oniston IShID ta'siri kuchaygani haqidagi Rossiya da'vosini rad etdi


Afg'onistondagi IShID jangarilari

Afg'oniston rasmiylari mamlakat 34 viloyatining 9 tasida minglab "Islomiy davlat" jangarilari bor, degan Rossiya da'vosini inkor etmoqda.

Mudofaa vazirligi so'zlovchisi Muhammad Radmanishning aytishicha, Nangarhor, Kunar, Nuriston va Juzjon viloyatlarida 2000 atrofida jangari bor, xolos.

Bundan bir kun avval Rossiyaning BMTdagi vakili Vasiliy Nebenzya Afg'onistonning Markaziy Osiyo bilan tutash viloyatlarida "Islomiy davlat" faollashgani haqida ogohlantirgan edi.

"Guruh safida 10 minggacha jangari bor va ular 34 viloyatning kamida to'qqiztasida allaqachon faol. Mamlakat sharqida mavqeini borgan sari kuchaytirib bormoqda. Bu joy Markaziy Osiyoga ta'sirlarini yoyish nuqtasiga aylanib bormoqda", - dedi Nebenzya.

Yana uning da'vo qilishicha, guruh jangarilar, xususan, markaziy osiyoliklar uchun tayyorgarlik lagerlarini tashkil etmoqda.

"Biz bu faktlardan ko'z yuma olmaymiz", - deya qo'shimcha qildi Nebenzya.

IShID Afg'onistondagi bo'limini Xuroson viloyati deb ataydi va mamlakat bo'ylab, xususan, poytaxt Kobulda harbiylarga va tinch aholiga qarshi xudkush bomba hujumlarini uyushtirib keladi. Bu xurujlarda yuzlab qurbonlar berilgan.

So'nggi portlash shu hafta seshanba kuni Kunar viloyatida yuz berdi. Hujumda kamida to'qqizta politsiyachi halok bo'lgan.

Chavkay tumanida yuz bergan bu xuruj uchun mas'uliyatni IShID o'z zimmasiga oldi. Guruhning da'vo qilishicha, hujumda "murtad afg'on hukumatiga sodiq 13 xavfsizlik xodimi" o'ldirilgan.

Amerika harbiylari ham IShIDning ta'siri kuchayayotgani haqidagi Rossiya da'vosini asossiz deb hisoblamoqda. Ularga ko'ra, Moskva Tolibonga ko'rsatayotgan yordamini oqlash uchun shunday qarashni olg'a surmoqda. Kreml AQShning bunday gaplarini inkor qiladi.

AQSh Davlat departamenti diplomati Alis Uelsning Kongressda o'tgan tinglovda aytishicha, Rossiyaning Afg'onistonni barqarorlashtirish ishlarida yordamchi bo'layotgani yo'q.

"Rossiya Tolibonni IShIDga qarshi qonuniy yechim sifatida ko'rsatishga urinmoqda. Biz buni Tolibon bilan muloqot qilish uchun asos sifatida qabul qila olmaymiz", - deydi Uels.

AQSh harbiylarining aytishicha, Afg'on maxsus kuchlariga ko'rsatilayotgan yordam natijasida IShIDning Nangarhor, Kunar, Nuriston va Juzjon viloyatlaridagi ta'siri ancha kamaygan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG