Breaking News

Zokir Aliyev konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda aybdor deb topildi


Zokir Aliyev
Zokir Aliyev

AQSh fuqarosi Zokir Aliyev O’zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuzda aybdor deb topilib, jarimaga tortilgan. 2-iyul kuni Qarshida o’tgan mahkamada davlat qoralovchisi Zokir Aliyevga 25 yillik qamoq jazosini so’ragan. Sud Aliyevning “O’zbekiston islomiy harakati”ga aloqadorligi, Afg’onistondagi janglardagi ishtirokiga doir ayblovlarni olib tashlagan, ammo 159-modda bo’yicha konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda, 244-modda bilan noqonuniy tashkilotlarga a’zolik va ekstremizmda aybdor topilgan.

Zokir Aliyev ustidan hukm o'qildi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:37 0:00

Mahkamadagi muhokamalar Zokir Aliyev diniy ekstremistik tashkilotlardagi faoliyati uchun emas, balki “Birlik” va “Erk” kabi o’zbek muxolifatiga tegishli dunyoviy partiyalarga xayrixohligi, muxolif qarashlari uchun jarimaga tortilganini ko’rsatadi.

AQSh fuqarosi Zokir Aliyev ustidan Qarshida o’tgan mahkama mamlakat sud-huquq tizimida kam kuzatiladigan holatlardan birini qayd etgan. Prokuror Aliyevni terrorizmda ayblab, 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilishni so’ragan bir paytda sud ayblanuvchini jarima bilan ozodlikda qoldirish haqida ajrim chiqargan.

Dastlab “O’zbekiston islomiy harakati”ga a’zolikda, Afg’onistondagi janglarda ishtirok etishda ayblanib O’zbekistonga kelishi ortidan hibs qilingan Zokir Aliyevning o’zi hozircha sud qarori yuzasidan shikoyat kiritish yoki kiritmaslik yuzasidan bir to’xtamga kelmagan.

“Hozir men buni advokatim bilan muhokama qilyapman, shu kunlar ichida hamma qog’ozlar beriladi, ular bilan tanishib chiqadi, e’tirozlar bo’ladigan bo’lsa, apellyatsiya masalasini o’ylab ko’ramiz. Qolaversa, elchixona vakillari ham men bilan har kuni bog’lanib turishibdi, kerakli huquqiy maslahatlarni berib turishibdi, hammasini tegishli ravishda o’ylab, bir qarorga kelamiz”, - deydi Aliyev.

Mahkama Zokir Aliyevni 65 AQSh dollari miqdoridagi jarima bilan jazolagan. Sud qaroridan Zokir Aliyev 90-yillar boshida va oxirlarida O’zbekistondagi faoliyati uchun jazolanmoqda degan qarorga kelish mumkin.

“Men advokat bilan hali maslahatlashmadim, O’zbekistondagi qonunchilikni ham hali to’liq tushuna olganim yo’q, lekin sud qarorini o’qiyotganda 159 va 244-modda bo’yicha jinoyatlar sodir etgan, deb o’qiganini bildim, ya’ni aybdor deb topishdi. Lekin o’sha 1992 va 1998-yillarda O’zbekistonda eng kam ish haqi qancha bo’lsa, o’shani 600 va 500 barobarida jarima to’latishga qaror chiqarishdi. Aytgancha, mahkamaga televideniye ham keldi, muloqot qildi, yanglishmasam, hali bular Qashqadaryoda ko’rsatilsa kerak”, - deydi Zokir Aliyev.

Zokir Aliyev shu yilning 16-iyunida 25 yillik tanaffusdan so’ng AQShdan O’zbekistonga uchib kelishi ortidan, Chiroqchi tumanida qarindoshlarining uyidan hibsga olingan edi. Hibs davomidagi tergov harakatlari ortidan Davlat Xavfsizlik xizmati Zokir Aliyev “O’zbekiston islomiy harakati”ga aloqadorlikda, Afg’onistondagi janglarda ishtirok etishda ayblanayotgani va uning o’zi bu ayblovlarni tan olgani haqida shov-shuvli ma’lumot tarqatdi. Keyinchalik tergov davomidagi hibsdan ozod qilingan Zokir Aliyev “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida DXX ayblovlarini rad etgan edi.

“Ajrimni bir kunda chiqarib berdi. Unda Afg`oniston, terrorizmga doir ayblovlar yo’q, olib tashlangan. Sud davomida asosan menga qo‘yilgan narsa, ayb o’sha 1992 va 1998-yillarda hozir ham noqonuniy ko’rilayotgan o’sha “Birlik” xalq harakati, “Erk” partiyasi, ulardagi faoliyatim haqida bo’ldi. Keyin yana shu yillarda siz “Turkiston” g’oyasiga qo’shilgan ekansiz, buni talabalarga targ’ib qilgan ekansiz, deb aytishdi. Buning uchun o’sha yillarda birga o’qigan talabalarni guvohlikka olib kelishdi. Xorazmdan, Toshkentdan, ular tasdiqlashdi birga o’qiganimizni, lekin ijobiy guvohlik berishdi. Mahkamada asosan shu haqda gaplashildi, keyin ular maslahat qilishdi. Lekin baribir 159-modda va 244-modda bo’yicha aybdor topishdi, ammo prokurorning deportatsiya qilish, 25 yillik qamoq jazosini belgilash haqidagi so’rovini qabul qilmadi”, - deydi Zokir Aliyev 2-iyun kuni o’tgan mahkama haqida.

Zokir Aliyev 1992- yilda O’zbekistondan Turkiyaga jo’natilgan talabalar safida o’qishga ketadi. Keyinchalik Turkiya bilan munosabatlar yomonlashishi ortidan O’zbekiston hukumati bu talabalarni majburan ortga qaytaradi. Aliyev O’zbekistonga qaytishdan bosh tortadi. Bir muddat o’qishini Turkiyada davom ettirib, so`ng AQShga ko’chadi. U 2014-yilda AQSh fuqaroligini qabul qilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG