Breaking News

AQSh chet elda hibsga olingan fuqarolarini qanday himoya qiladi?


O'zbekistonda 46 yoshli amerikalik Zokir Aliyev terrorizmga aloqadorlikda gumon qilinib hibsda ekan, AQSh o'z fuqarolarini bunday holatlarda qanday himoya qiladi, degan savol tez-tez yangramoqda.

AQSh Davlat departamentining asosiy vazifalaridan biri - xorijdagi fuqarolarini xavf-xatardan asrash. Ular hibsga olingan taqdirda Amerika elchixonalari va konsulliklari davlat qonunlari, xalqaro qonunlar va mezbon davlat qonunlariga binoan barcha choralarni ko'rishi kerak. Amerikalik vatanida qanday huquq va erkinlikka ega bo'lsa, xorijda ham ular hurmat qilinishi zarur.

Biroq Davlat departamentining qayd etishicha, asosiy muammo, ya'ni amerikalikni hibsdan ozod etish uning vazifasi emas. Department qila oladigan va qila olmaydigan ishlar bor.

Fuqarolarga maslahat:

  • Birinchidan, siz borayotgan davlatdagi umum sharoit, qonunlar va tartib-qoidalar bilan tanishib oling. Ularga rioya qiling.
  • Ikkinchidan, siz borayotgan yurtning AQShdan farqli jihatlarini yodda tuting. Davlat departamenti har bir davlat haqida alohida axborot beradigan sahifalar bor. Ularni o'qing. Borishingizdan oldin tegishli konsullikka bu haqda xabar bering. Maxsus formani to'ldirasiz va shu orqali AQSh siz qayerga ketayotganingiz haqida informatsiyaga ega bo'ladi.
  • Hibsga olinsangiz, mutasaddilardan AQSh elchixonasi yoki konsulligiga xabar berishni so'rang.
  • Yaqinlaringiz ham AQSh konsulligiga murojaat qilsin.

Davlat departamenti fuqarolar chet elda hibsda olinganda o'ziga xos shokka tushishi, ruhiy holati murakkablashishini tushunadi. Til bilmaslik, odatlar va yuridik tizimni tushunmaslik singari muammolar ko'p uchraydi. Shunday vaziyatda konsullik yo'l ko'rsatadi.

AQSh hukumatidan quyidagilarni kutish mumkin:

  • Ingliz tilini biladigan mahalliy advokatlar ro'yxati
  • Konsullik sizning yaqinlaringiz yoki rahbarlaringiz bilan bog'lanishi, ularni xabardor qilishi mumkin. Buni, avvalo, mahbusning o'zi yozma ravishda iltimos qilishi kerak.
  • Mahbusning oldiga borib, o'qish uchun materiallar yoki vitaminlar yetkazishi mumkin.
  • Mahbusga tibbiy yordam kerak bo'lsa, bu zaruriyat ta'minlanadi.
  • Mezbon davlatning adliya tizimi haqida axborot-maslahat beriladi.
  • Mahbus istasa, uning e'tiqodidan kelib chiqib, ruhiy ko'mak ko'rsatiladi.
  • Mahbus moliyaviy yordamga muhtoj bo'lsa, maxsus jamg'arma ochishda konsullikka ma'muriy jihatdan tayanishi mumkin.

AQSh hukumatidan quyidagilarni kutmang:

  • Mahbusni ozod etishni;
  • Mahbus aybsiz yoki aybdor, deya bayon qilishni;
  • Mahbusga advokatlik qilishni yoki uni sudda himoya qilishni;
  • Mahbusga rasmiy tarjimon bo'lishni;
  • Yuridik, tibbiy yoki boshqa xarajatlarni qoplashni.

Davlat departamentiga ko'ra, xorijda hibsga olingan amerikalik yuzasidan elchixonalar bayonot bera olmaydi, chunki shaxsiy daxlsizlik haqidagi federal qonunlar buni man etadi. Lekin har bir ish elchixona, konsullik va boshqa idoralar tomonidan izchil o'rganiladi va zarur siyosiy-ma'muriy choralar ko'riladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG