Breaking News

O'zbekistonda politsiya tuzish payti keldimi?


O'zbekiston ichki ishlar xodimlari

Kattaqo’rg’onda militsiya xodimi tomonidan tahqirlangan ayol hodisasi ortidan O’zbekistonda milliy politsiya tashkil etish zaruriyati haqida gapirilmoqda. Mahalliy matbuot xabariga ko'ra, huquq-tartibot tizimlarida katta islohotlar boshlash uchun ishchi guruh tuzilgan. Sharhlovchilar sobiq tuzum davridan kelayotgan militsiya xizmati eskirgani, zamonaviy talablarga mos milliy politsiya xizmatiga o’tish vaqti kelganini ta’kidlamoqda. Bunga Ukrainada inqiloblar ortidan politsiya xizmatiga doir o’tkazilgan islohotlar misol qilib keltirilgan.

O'zbekistonda militsiya islohoti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:41 0:00

Ayol kishini tergov xonasida tahdid va tazyiq o’tkazish bilan yechintirgan Kattaqo’rg’on ichki ishlar boshqarmasi kapitani San’at Umarov ayni paytda hibsda. Bu hodisa yuzasidan munozaralar, Ichki ishlar tizimida keskin o’zgarishlar qilishga chaqiriqlar davom etyapti.

Dastlab, bu hodisada Ichki ishlar vazirligini ayblash noto'g'riligi haqida bayonot bergan Xotin-qizlar qo’mitasi raisi Tanzila Norboyeva jamoatchilik yog'dirgan tanqidlar ortidan Kattaqo’rg’onga safar qilgan, tahqirlangan ayolning xonadonida bo’lib, unga moddiy va ma’naviy yordam ko’rsatgan.

Matbuotda Tanzila Norboyevadan keltirilgan iqtiboslarga ko’ra, Xotin-qizlar qo’mitasi raisining hodisa yuzasidan Ichki ishlar vazirligiga oid munosabatida o’zgarishlar yuz bergan. U, jumladan, qamoqxonalarda saqlanayotgan ayollar huquqi, sharoiti bilan bog’liq masalalar, ayollar so’roq qilinayotgan xonalarni kuzatuv kameralari bilan ta’minlash, Ichki ishlar vazirligida o’zgarishlar qilish lozimligi haqidagi talablarni olg'a surgan.

Zamonaviy politsiya xizmati tashkil etilishi kerak. Gap, albatta, nomda emas, tizim, maqsad, mohiyat o’zgarishida.

Kattaqo’rg’on militsiyasida ayolning tahqirlanishi, tazyiqlar ostida yechintirilgani aks etgan videoning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi jamoatchilikda Ichki ishlar vazirligiga nisbatan keskin norozilik to’lqinini yuzaga chiqardi, tizimda jiddiy islohotlar o’tkazish zarurligi talab qilinmoqda.

Sharhlovchi Anvar Nazirga ko’ra, O’zbekistonda IIVni sobiq tuzum an’analari, ish uslubidan xalos etib, yangi zamonaviy milliy politsiya tashkil qilinishi kerak. Bunga Ukrainada o’tkazilgan milliy politsiya islohoti yaxshi misol, islohot faqat iqtisoddan iborat emas, deydi u.

“Zamonaviy politsiya xizmati tashkil etilishi kerak. Gap, albatta, nomda emas, tizim, maqsad, mohiyat o’zgarishida. Mana shunday islohot Ukrainada o’tkazildi, milliy politsiya xizmati tashkil qilindi, yangi odamlar olindi, ta’lim tizimi, ish uslubi o’zgardi. Bu yerda ham shunday qilish kerak, avvalo, korrupsiyaga barham berish kerak. Yaqingacha IIV akademiyasida o’qish bahosi 20 ming dollar atrofida baholab kelinayotgan edi. Hozirgi kunda 21-asr chaqiriqlariga mos, zamonaviy politsiya xizmati tashkil qilinishi kerak. So’nggi paytda ikki nafar sobiq vazir IVV tizimiga qaytarildi, har ikkisi ham sobiq tuzum davrida ishlagan odamlar, na Almatovda, na Matlubovda zamonaviy politsiya xizmati haqida tushuncha bor. Karimov davrida huquq-tartibot idoralari birini biriga qarshi qo’yish uchun ham ishlatib kelindi, ya’ni IVV MXXga qarshi ishlatilgan, bular hammasi sovet davridan kelayotgan an’analar. Bizga yangi zamonaviy, milliy politsiya xizmati kerak”, - deydi Anvar Nazir.

Ukrainada milliy politsiya islohoti maydon inqiloblarida berilgan qurbonlardan so`ng kuzatildi. Yuzdan ortiq isyonchilar otib tashlangan inqilobdan keyin aholining huquq-tartibot xodimlari, ichki ishlar vazirligiga nisbatan ishonchi keskin pasaydi, ko’p hollarda ular nafrat nishoniga aylandi. Shundan so’ng Ukraina AQSh, Yevropa Ittifoqi ko’magida ichki ishlar tizimini keskin isloh qildi, milliy politsiya tashkil qilindi, tizim xizmati mutlaqo yangilandi.

Qozog’istonlik muxolifatchi Aydos Sodiq bir necha yillardan buyon Ukrainada yashaydi, bu yerda milliy politsiya bilan bog’liq islohotlar o’tkazilishini yaqindan kuzatgan. Uning fikricha, huquq-tartibot tizimida islohot o’tkazilishi uchun, avvalo, jamiyatlar ochiq bo’lishi kerak.

“Qozog’iston, O’zbekiston kabi tuzumlarda militsiyaga oddiy fuqarolar huquqini emas, hukumatni, hokimyatni xalqdan himoya qiluvchi kuch sifatida qaraladi. Shu bois oddiy bir fuqaro huquqi diqqatga molik emas. Hokimiyatning huquq-tartibot tizimiga bu qarashi o’zgarmas ekan, uni isloh qilish samarasiz. Politsiya yoki Ichki ishlar vazirligi tizimida shaffoflik bo’lishi esa diktatura rejimlarida mumkin emas. Ukrainada o’tkazilgan islohotlarga kelsak, bu yerda milliy politsiya tashkil etilishidan so`ng, deylik, O’zbekiston yoki Qozog’istonda kundalik holatga aylangan militsiya xodimlarining behudaga har narsaga tiqilishi, so’rab surishtirishi, odamlarning huquqini buzishi deyarli kuzatilmaydi. Men to’rt yildan buyon Kiyevda yashayman, meni etnik ko’rinishimdan qat’i nazar, hozirgacha biror marta politsiya to’xtatib, so’rab surishtirganiga, huquqlarimni buzishga uringaniga guvoh bo’lmadim. Ular o’z xizmatiga ehtiyoj paydo bo’lganida, zudlik bilan hozir bo’lishadi, xolos. Har holda Qozog’istonda, o’ylashimcha, O’zbekistonda ham, fuqaroni istagan paytda to’xtatib, so’rab surishtirish, huquqlarini buzish odatiy narsa”, - deydi Aydos Sodiq.

Kattaqo’rg’ondagi holat yuzasidan O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda aytilishicha, ayni paytda qamoqqa olingan kapitan San’at Umarov tizimga tasodifan kirib qolgan nopok kadrlardan biri; vazirlik o’z safini bunday nopok, tasodifiy xodimlardan tozalash ishlarini davom ettiradi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG