Breaking News

Bobomurod Abdullayev: O'zbekiston uchun orqaga yo'l yo'q


“O’zbekiston uchun orqaga yo’l yo’q”, - deydi 7 oylik hibsdan so’ng ozod etilgan jurnalist Bobomurod Abdullayev. Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblangan jurnalist ustidan o’tgan mahkama nafaqat sud-huquq tizimidagi islohotlar, balki ijtimoiy-siyosiy hayotda kuzatilayotgan o’zgarishlarning ham yorqin ifodasi o’laroq qabul qilindi.

Jurnalist Bobomurod Abdullayev bilan suhbat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:19 0:00

Bobomurod Abdullayevning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, sud hukmi matbuotga, jurnalistlarga berilgan daldadir.

Tuzumga tajovuz aybi bilan sudlanganlarning oqlanishi ilk bor Bobomurod Abdullayev va bloger Hayotxon Nasriddinov doxil mahkamada kuzatildi.

Sud nafaqat o’z qarori, balki qonunchilikka mos, ochiq, tomonlar va guvohlar ko’rsatmalari inobatsiz qoldirilmagani bilan ham ko’pchilik olqishiga sazovor bo’ldi. Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) tayyorlagan aybnomaning asossiz topilishi nafaqat sudlanuvchilarga, shuningdek, jamoatchilikka ham mamlakatda adolatli sud qaror topayotganiga umid berdi.

20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin deb ko’rilgan Bobomurod Abdullayevga jarima belgilandi xolos.

MXX hibsxonasidan tirik chiqishiga ko’zi yetmagan jurnalist sudning bu qaroridan rozi. Mahkama jarayoni uning uchun ham kutilmagan bir ochiqlik, adolat bilan o’tgan.

“Shunday jarayon qaysidir bir jinoiy ish misolida isbotlanishi kerak edi. Jinoyat kodeksiga, qonunchilikka maksimal tarzda rioya qilingan bir jarayon sudlar uchun, mamlakat, aholi uchun bir andoza sifatida bo’lishi kerak edi. Bizning mahkama shunday andoza vazifasini o’tadi, bu boshqa sudlar, ishlar uchun ham andoza darajasibo’lishi kerak. Bu nafaqat hukumatdagi o’zgarishlarni chet el davlatlariga namoyish uchun qilindi, balki ichkaridagi boshqalarga ham shu yo’ldan yurish kerak degan bir ko’rsatma o’rnida bo’ldi. Men hozir shunday fikrga kelyapman va bu juda yaxshi, chunki orqaga yo’l yo’qligini ko’rsatmoqda. Avvalgi jarayonlar, hech kim eshitilmaydigan, mahkumlarga advokatsiz ham hukm chiqariladigan jarayonlar ortda qoldi”, - deydi Abdullayev.

Mahkama, uning nazarida, nafaqat sud-huquq tartibot tizimlariga, balki jurnalistlarga nisbatan yo’llangan ishora ham; ularni dadillikka undovchi, o’z fikri, so’z erkinligini himoyalash uchun imkoniyatlar yaratilganini bildiruvchi bir jarayondir.

“Men o’zim ko‘rmadim, ammo aytishdi, jarayonni mahalliy nashrlar faol yoritib borishgan. Bu jarayonni yoritgani uchun hech narsa bo’lmaganini o’zi katta dalda. Jurnalist sifatida shartli qamoq bilan meni ozodlikka chiqishim ham shunday dalda, demakki jurnalistlar bemalol erkin ijod qilishi, agar biror huquq-tartibot tizimlari e’tiroz bildirgan taqdirda ham sudda o’z haqligini isbotlash uchun kurashishi mumkin”, - deydi Abdullayev.

U o’tgan yilning sentabr oyida MXX tomonidan hibsga olingan edi. Dastlab davlatga qarshi fitnada, hokimiyatni kuch bilan egallashga urinishda ayblangan jurnalist yetti oy hibsda saqlandi.

Abdullayev Mirziyoyev yetakchiligidagi o’zgarishlarni faol qo’llab kelayotgan jurnalistlardan, ammo o’zgarishlarning ma’lum bir davrini hibsxonada o’tkazishga majbur bo’ldi. U ozodlikdagi dastlabki kunlaridan so’ng ijtimoiy hayotdagi yangiliklarga bevosita guvoh bo’layotganini aytadi:

“Ayni paytda sog’lig’imni tekshiruvdan o’tkazyapman, oradan yetti oy o’tganiga qaramasdan qiynoq, kaltak asoratlari qolgan, shularni ko’rsatyapman. Chiqib o’zim haqimdagi yozilgan maqolalar bilan tanishar ekanman, odamlar ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarga faol aralashayotganini kuzatdim. Jurnalistlarimiz ham o’zlariga qo’yilgan to’siqdan voz kechib, erkin yozishmoqda, buni ko’rib xursand bo’ldim. Yetti yarim oy ichida hatto ko’chalarda ham o’zgarish ko’paygandek, hamma yoqda qurilish, ijtimoiy hayotda ham bir jadallik bor”.

O’zbekistonda islohotlarning asosiy ko’rsatkichlaridan biri sifatida ko’pchilik matbuotdagi o’zgarishlarni misol keltiriladi, ammo bu misolni tanqid ostiga olayotganlar ham yetarli. Ular ta'biricha mamlakatda dadillashgan matbuot emas, jurnalistlar olqishlab kelayotgan Prezident Mirziyoyevning o’zi faol, matbuotni tanqidga undab kelmoqda.

O’zini Mirziyoyevning tarafdorlari qatorida ekanligini Abdullayevga ko’ra, sobiq tuzum davridan kelayotgan bu aqida o’zgarishi uchun vaqt talab etiladi.

“Karimov davridagi 25 yillik tuzum davrida islohotni faqat davlat o’tkazishi mumkin deb belgilangan edi. Har qanday islohot davlat tashabbusida, ya’ni prezident tomonidan bo’lishi kerak edi. Bunday tuzumda islohot boshida faqat davlat rahbari turishi tabiiy qabul qilinadi, va hozir ham tabiiy shunday bo’lyapti. Hozir mana tuzum o’zgaryapti, yangi sistema qurilmoqda. Bu tizimda islohotlarni pastdan ham boshlash mumkinligiga imkon beriladi, davlat rahbaridan qat’i nazar islohotlar davomiyligini ta’minlash uchun sharoitlar yaratiladi deb umid qilaman”, - deydi u.

Bobomurod Abdullayev va Hayotxon Nasriddinov hamda tadbirkorlar Ravshan Salayev va Shavkat Olloyorovlar o’tgan hafta sud qarori bilan ozod etildi.

To’rtlik O’zbekistonda hokimiyatni bosib olish maqsad qilingan reja tayyorlashda, davlatga qarshi fitnada, “Usmon Haqnazarov” nomi ostida yozilgan maqolalarga aloqadorlikda ayblangan edi.

Nasriddinov, Salayev va Olloyoroq to’liq oqlandi. Haqnazarov taxallusi ostida maqolalar yozganini aytgan Abdullayev shartli jazo bilan ozodlikka chiqarildi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG