Breaking News

Turkiston g’oyasi O’zbekistonda hamon taqiq ostidami?


Turkiya va Sharqiy Turkiston bayroqlari osilgan kitob do'koni, Istanbul, Turkiya, 14-dekabr, 2017-yil.
Turkiya va Sharqiy Turkiston bayroqlari osilgan kitob do'koni, Istanbul, Turkiya, 14-dekabr, 2017-yil.

Turkiyadan yaqinda O’zbekistonga qaytgan rassom Yoqubjon Siddiqov “Turksoy” tashkilotidagi faoliyati yuzasidan so’roqqa tutilgan. Amerikadan O'zbekistonga sayyoh sifatida kelgan Zokir Aliyev terrorga aloqador jinoyatlarda gumonlanib hibsga olinganda Turkiston birligi targ’ibotida ham aybdor ko’rilgan edi. Qamoq jazosini o’tayotgan o’zbek olimi Andrey Kubatin ishida ham Turkiston tarixiga aloqador masalalar ko'tarilgani aytiladi.

O'zbekistonda Turkiston g'oyasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:49 0:00

O’zbek milliy ozodlik harakati tarixi Turkiston birligi g’oyasi bilan bog'liq. Mustaqillikdan keyingi turg’unlik davrida bu g’oya tarafdorlarining aksariyati xalq dushmaniga aylantirildi. Sharhlovchilarga ko’ra, o’zgarishlar qilayotgan, mintaqa bilan aloqalarni qayta tiklayotgan yangi hokimiyat davrida ham Turkiston birligi g’oyasi xavotir va ta’qibdan xoli emas.

Rassom Yoqubjon Siddiqovning so’roqqa tutilishi rasman uning pasportidagi chiqish vizasi muddati bilan bog’liq. U viza muddati tugashi ortidan Turkiyadan Qozog’istonga kelib-ketgan, O’zbekistonga qaytgach, tekshiruv paytida pasporti olib qo’yilgan, o’zi esa so’roqqa tutilgan. Siddiqovning yaqinlariga ko’ra, pasport olib qo’yilishi noqonuniy, O’zbekiston Turkiya va Qozog’iston bilan vizasiz tartibga ega.

Vaziyat bilan tanish manbaga ko’ra, Siddiqov pasport bilan bog’liq vaziyat haqida emas, ko’proq “Turksoy” tashkilotidagi faoliyati yuzasidan so’roqqa tutilgan. Bu so’roq turkiy xalqlar madaniy birligi asosida qurilgan “Turksoy”ga nisbatan mavjud xavotirlardan darak beradi. Huquq-tartibot idoralarining bu harakati asossiz emas, Qarshida Zokir Aliyev ustidan o’tgan mahkamada ham Turkiston birligi g’oyasini olg'a surish qonunga xilofligi haqida gap borgan edi. Qamoq jazosini o’tayotgan o’zbek olimi Andrey Kubatin ishida ham panturkizm ayblov sifatida keladi.

Qarshidagi mahkamada jarima bilan ozod qilingan Zokir Aliyev bu haqda shunday deydi:

“Turkiston, Turon, birlashish g’oyasi haqida juda ko’p gap bo’ldi mahkamada, deyarli 50 foizi shu haqda. Men hatto panturkizmni nelegal tashkilot sifatida ko’rib, meni shu g’oyada ayblashsa kerak, deb o’ylagandim. Aybnomadan bildimki, Turkiston birligini olg'a surish hozir ham qonuniy yoki ruxsat berilgan g’oya emasdek, menga shunday tuyuldi”.

Bu g’oya hozir ham ta’qib ostida demoqchimisiz, deb so'ralgan savolga, “Shunday”, deb javob beradi Zokir Aliyev.

Toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazir rassom Yoqubjon Siddiqovning “Turksoy” faoliyati yuzasidan so’roqqa tutilishiga nisbatan norozilik bildirgan faollardan biri. U, shuningdek, Turkiston g’oyasi asoschilari bo’lmish o’zbek jadidlari faoliyatini o’rganib keladi, bu borada bir qator tadbirlar ham o’tkazgan, ammo o'zi ta’qibga yoki tazyiqqa uchramagan.

“Rassomning ushlanishida gap savollarga bog’liq, chunki gap pasport haqida, stiker, texnik tomonlar haqida emas, “Turksoy” haqida, nega bu tashkilotda faol qatnashgani, uning mukofotini olgani haqida ketmoqda. Bu xuddi Zokir Aliyev ustidan o’tgan sharmandali mahkamaga o’xshaydi. Uni asossiz terrorizmda ayblab, jarima bilan ozod qilishga majbur bo’lishdi. Endi esa mana ikkinchi asossiz bir hodisa. O’zbekiston uchun “Turksoy” dushman emas, qolaversa, turkiy tilli davlatlar uyushmasiga qaytdi. Qozog’iston, Turkiya bilan munosabatlar iliqlashib borishining fonida bunday so’roq o’tkazilishi huquq-tartibot organlarining o’ta past saviyasidan darak beradi”, - deydi Anvar Nazir.

Marhum Islom Karimov davrida O’zbekiston turkiy tilli davlatlarga tegishli har qanday yig’ilish, tashabbuslarni keskin inkor qilib kelgan. Turkiston birligi g’oyasi bilan bog’liq faoliyatning taqiq ostiga olinishi ham aynan shu yillardan boshlab qaror topdi. Mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan Toshkentning turkiy tilli davlatlar doxil tashkilotlarga nisbatan munosabatida ham o’zgarishlar kuzatildi. O’zbekiston, jumladan, Turkiy davlatlar Parlament assambleyasiga qaytish xohishini e’lon qildi.

Bu o‘zgarishlardan qat’i nazar, hukumat, xususan, kuch ishlatar tizimlari doirasida Turkiston birligi g’oyasi hamon xavotirli unsurlardan biri sifatida ko’riladi.

“Men shu savolga javob olishni istayman. Hamma narsa qonunda belgilanishi kerak, Andrey Kubatinning ishida panturkizm degan atama yuzaga chiqdi, bizdagi jinoiy va ma’muriy kodeksda Turkiston birligi g’oyasi, panturkizm hech qanaqa ekstremistik yoki taqiqlangan g’oya sifatida belgilanmagan. Bu yerda sudlarning, huquq-tartibot idoralarining savodsizligi bor xolos. Turkiston birligi go’yasi hech qayerda taqiqda emas. Agar bu g’oya taqiqlangan bo’lsa, prezident marhamat qilib A.Temur haykalini olib tashlasin, o’zbek jadidlari adabiyotini yo’qotsin. Xullas, bu boradagi vaziyat absurd, tushunarsiz, chunki boshqa tomondan men ijtimoiy tarmoqda Turkiston haqida yozaman, boshqalar ham. Hozircha hech kimni kuch ishlatar idoralari chaqirganicha yo’q”, - deydi Anvar Nazir.

Turkiston g’oyasi chor Rossiyasi mustamlakasiga qarshilik harakati sifatida yuzaga chiqgan. O’tgan asr boshida mintaqada shu nomdagi muxtor respublika tashkil ham qilingan, ammo ikki oylik faoliyati ortidan bolsheviklar tomonidan ayovsiz yakson qilingan. Shundan so’ng Turkiston birligi g’oyasi asosan adabiyotga ko’chdi. Mustaqillikning ilk yillarida Turkiston birligi atrofida yuz bergan qisqa jonlanish diktatura kuchayishi ortidan yana so'ndirilgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG