Breaking News
Din

Tojikistonliklar yoshlarning radikallashuvidan xavotirda


Tojikiston poytaxti Dushanbedagi markaziy masjid
Tojikiston poytaxti Dushanbedagi markaziy masjid

Norasmiy ma’lumotlarga ko'ra, tojikistonlik ikki mingdan ortiq yoshlar Suriya, Iroq va Afg’onstonda jangarilarga qo’shilib ketgan. Rasmiylar ularning uch yuzdan ortig’i halok bo’lganini aytishadi.

Respublikada yoshlarni diniy radikal oqimlarga qo’shilib qolishdan asrash maqsadida bir nechta nodavlat tashkilotlari faoliyat olib bormoqda. Ulardan biri “Fuqarolar erkinligi idorasi” Dushanbeda huquqshunos Dilafro’z Samadova rahbarligida ish yuritadi. Uning aytishicha, mahalliy hukumatlar nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda ish yuritayotgan bo’lsa-da, natijalarni hali qoniqarli deb bo’lmaydi.

Tojikistonda ekstremizm
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:26 0:00
Yuklab oling

Birinchidan, davlat va nodavlat tashkilotlari orasida zurur bo’lgan aloqa yetarli emas, ikkinchidan, ekstremistik g’oyalar targ’ibotini ijtimoiy tarmoqlarda avj oldirgan guruhlarga qarshi hukumat ham xuddi o’sha yerda o’z tashviqotini yo’lga qo’yishi kerak, deydi u.

"Huquqiy va diniy ma’rifat nima ekanligini, kerakli ma’lumotlarni yoshlar internetdan ola bilishlari kerak, balki boshqacha partiya va guruhlarning malumotiyu-tashviqotlarini ham. Ekstremistik guruhlar ijtimoiy tarmoqlarda juda faol, demak, hukumat idoralari ham o’sha yerda faol bo’lishlari zarur. Yoshlar qayerda bo’lsa, davlat xizmatchilari ham o’sh yerda bo’lishlari, ularning mafkurasida bo’shliq qoldirmasliklari kerak. Bu juda muhim jihat, ekstremistik guruhlar hukumat nazaridan chetda qolgan har qanday tirqishdan ustalik bilan foydalanishadi, ularga imkon bermaslik, davlat idoralari, xizmatchilari biz kabi jamoatchilik tashkilotlari bilan to’kis aloqada bo’lishi zarur", - deydi Dilafro’z.

Mahalliy ziyolilardan bo’lgan injener Shermurod Berdiyevning aytishicha, radikal diniy oqimlarga yoshlarning qo’shilib qolishiga ularning oiladagi qashshoqliklaridan tashqari ma’rifatdan uzoqligi ham sabab bo’ladi.

"Oilaviy sharoitgina emas, dunyoviy ilmlardan bexabarlik, kitob o’qimaslik ana shunday raviyalarga olib boradi, onasidan, vatanidan ajralib qolishlarini tushunib yetishmaydi, lekin baribir vaqti kelib qo’msashadi, ammo kech, bekor bo’ladi", - deydi muhandis Shomurod.

Tojikiston janubidagi Ro’dakiy nohiyasidan Abdukarim Yo’ldoshev yoshlarning begona aqida kishilariga shogird bo'lib qolishi jamiyat uchun xavfli ekanligini ta'kidlaydi.

"Ongimizning pastligi, ilmimizning kamligi sabab bitta Qur’onning, islomning soyasida har oqimlarga qoshilib ketaveramiz. Aqli bor odamga bu mustaqilligimiz, istiqloliyat kuch-g’ayrat beradi. Nobop va nopok ustozlardan olingan saboq tufayli yoshlar shunday adashmoqda, ustozlarni tanlay bilish kerak", - deydi Abdukarim.

Tojikiston rasmiylari Sharq mamlakatlarida diniy saboq olayotganlarning aksariyatini mamlakatga qaytarib ham oldi, hozir bilim olish uchun chetga chiqayotganlarni qattiq nazorat qilmoqda, buning uchun maxsus ruxsat kerak bo’ladi. Bunday tartib va nazorat ham ba’zi yoshlarning e’tiroziga sabab bo’lgan.

Tojikiston Adliya vazirligining siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlarini qayddan o’tkazish boshqarmasi boshlig’i Ra’no Karimzoda qo’shni Afg’onistonda davom etayotgan xunrezliklar sababini ham islomdagi aqidaparastlik, odamlarning turli-tuman mazhabu oqimlarga ergashishida deb hisoblaydi.

"Afg’onistonda qariyb qirq yildan beri to’xtamay davom etayotgan janglarning sababchisi aynan ekstremistik guruhlardir. Aynan Afg’onistonda hozir turli-tuman mazhablaru oqimlar ko’payib ketdi, biri-birovini tan olmaydi, kuchni faqat zo’ravonlik va qurolda ko’rishadi. Ular Tojikistonda o’rnatilgan tinchlikdan o’rnak olishlari, turli siyosiy qarashdagi kuchlar, partiya va jamoatchilik tashkilotlari o’zaro til topishishlari zarur. Aholisi to’qqiz millionga yetayotgan Tojikistonimizda yetti siyosiy partiya bor, barchasining asosiy maqsadi tiklanish va rivojlanishga qaratilgan. Mana shunday ustuvor siyosat bo’lgandagina jamiyatda osoyishtalik qaror topadi", - deydi hukumat rasmiysi.

Vatandan tashqarida turib, Facebook va Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlarda bir qancha diniy guruhlar a’zosi bo’lgan tojikistonlik yigitning aytishicha, Markaziy Osiyo respublikalarida diniy erkinlikning bo’g’ilayotganligi, aqida uchun ozodlikdan asossiz mahrum etish, masjidlarning berkitilishi ham yoshlarning radikallashuviga sabab bo’ladi.

"Tojikistonda ham, O’zbekistonda ham, hamma yerda bizlarni ekstremist hisoblashadi, lekin hukumat yoshlarni masjidlardan uzoqlashtirmoqda, diniy aqidaparastlik qonundan tashqari deyishadi, vaholanki, mamlakat konstitutsiyalarida vijdon erkinligi ta’minlanganu, bunga amal qilishmaydi. So’ng nega bular radikallashib ketishyapti, bularni qamash kerak deyishadi, bu adolatdan emas", - deydi radikal qarashdagi mutaassib yoshlar vakili.

Xo’janddagi “Nuri islom” jom’e masjidi imom xatibi, So’g’d viloyat Ulamolar sho’rosi a’zosi Ibodullo Kalonzoda mutaassiblarning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarini bo’hton deb hisoblaydi.

"Bu hammasi yolg’on, bo’hton narsa. Mana yo’llar ochiq, mehmonlar Tojikistonga kelishsin, mana shu ozodlikni, erkinlikni, bag’rikenglikni ko’rishsin, buni faqat ko’z bilan ko'rish kerak. Tuhmat qilgan odamlar niyatlari yomon odamlar, shuning uchun bizning haqimizga bo’htonlar qilishadi, shuning uchun kelib ko’rsinlar, tojikcha maqol borki, “Shunidankay buvad, monandi didan”, ya'ni, yuz bor eshitgandan bir bor ko’rgan ma’qul", - deydi shahar jome’ masjidi imomi.

Oliy ma’lumotli Maqsatoy Boltaboeva fikricha, radikal qarashdagi mutaassiblarga joy berayotgan demokratik G’arb davlatlarining o’zi ularning nishoniga aylanayotganligi achinarli hol, terroristlar esa asli musulmonlardan hisoblanmaydi.

"Hozir chet mamlakatlar ularga joy berib, o’zlari baloga qolmoqda, portlat-portlat, odamlarni o’ldir-o’ldir bo’lmoqda, demak, ular o’zlari islomiy emas. Hech bir kitobda aytilmaganki, yuz kishi to’plangan joyga borib, “Allohu akbar” deb o’zingni portlatginu, sen jannatga borasan deb. Axir, aksincha, o’zini o’ldirganga janoza o’qilmaydi-ku! Demak, ular haqiqiy islomdan emas!" - deydi Maqsatoy.

Mintaqada ba’zi mutaassiblarning “biz o’zimiz ko’paygandan-ko’payib, chorak asrda Germaniya va Fransiyani islom mamlakatiga aylantiramiz” degan iddaolari haqida kuyunib gapirarkan, o’qituvchi Maqsatoy bunday musulmochilik odamni sharmanda qiladi, deydi.

"Bolani ko’paytirish itning ham qo’lidan keladi, ha, sen it emassan-ku! Farzand ko’rib, uni tarbiyala, voyaga yetkaz, uy-joyli qilgin! Germaniyaga borib sen ko’payasanmi? Maqsad nima? Kelajakda bolangga nemis fuqarosi degan pasport olib berishmi?Tojikistonmi, Tojikiston fuqarosi bo’l, Tukiyaniki bo’lsang, Turkiyaniki bo’l! Qancha-qancha odamlar o’lib ketyapti Suriyada. Qayerga qarasangiz, musulmon borgan joyda notinchlik, odam uyaladi", - deydi iztirob bilan muallima.

Mahalliy ziyolilardan biri aytadiki, mintaqada hukumatlar yoshlarni zarur darajada ish va maosh bilan ta’minlay olmagunlaricha, so’z va ish birligiga erishmagunlaricha o’rtadagi muammo bartaraf etilmaydi.

Boshqaruvdagi adolatsizlik, ijtimoiy tengsizlik va yalpi qashshoqlik sabab, iztirobli alamzadalik radikalizmga yo’l ochaveradi, deydi xo’jandlik ziyoli.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG