Breaking News

Gollivud faqat osiyolik aktyorlardan iborat film ishladi


"O'ta boy osiyoliklar" nomli romantik komediya ijodkorlari, Los-Anjeles, AQSh, 7-avgust, 2018-yil.

Jon Chuning "O'ta boy osiyoliklar" nomli romantik komediyasi go'zal va hashamatli hayot tarzi haqida. Singapurning ekzotik va ultra-modern muhitida suratga olingan film osiyolik boylarning zamonaviy hayotidan hikoya qiladi. Kartinaning o'ziga xos jihati shundaki, undagi barcha aktyorlar osiyolik.

Yosh juftlik Singapur sari sayohatga otlanar ekan, Nyu-York universiteti professori Reychal qallig'i Nik Yon shahar-davlatdagi eng boy oilalardan birining farzandi ekanini bilmaydi. Hali yetib kelmasidan turib, uning surati ijtimoiy tarmoqlarga tarqaladi va Nik bilan turmush qurish umidida yurgan boshqa ko'plab boy qizlarning nishoniga aylanadi. Nikning onasi Eleanor Yonga ko'ra, Amerikada tug'ilgan Reychal o'g'li uchun munosib kelin emas. Mustaqil va irodali ayol Singapurning an'anaviy qadriyatlariga zid, deb hisoblaydi u.

Reychal va Nik munosabatlari Osiyoning hashamatli maskanlarida davom etadi. Film qahramonlari rang-barang: quvnoq, jiddiy, lekin go'zal va juda boy odamlar. Hammasi osiyolik.

"Avstraliya, Angliya, Kosta-Rika, Amerika, Singapur va Malayziyadan aktyorlar bor. Butun Osiyodan yig'ilganmiz", - deydi aktrisa Konstans Vu.

Konstans Vuga ko'ra, film AQShda osiyoliklar e'tibordan chetdagi ozchilik guruh degan qarashlarga nuqta qo'yadi.

"Ko'pincha Gollivudda osiyoliklar bir xil toifaga kiritiladi. Go'yoki Osiyodagi osiyoliklar va Amerikadagi osiyoliklar o'rtasida farq yo'qdek. Yoki Britaniya va Avstraliyadagi osiyoliklar. Farq bor. Madaniy tafovutlar mavjud. Bu film shu narsani ko'rsatib bergan, lekin bunday asarlar ko'p emas", - deydi aktrisa.

Filmdan ko'zlangan maqsadga erishildi. U eng ko'p ko'rilgan kartinalardan biriga aylandi. Nihoyat osiyolik aktyorlar Gollivudning ajralmas qismiga aylanyapti, degan qarashlar o'zini tasdiqladi. Fiona Chen rolini ijro etgan Viktoriya Louk Singapurdan bizga "Skype" orqali aloqaga chiqdi.

"Filmga olish jarayonida uning ta'siri qanchalik bo'lishi haqida o'ylamagandik. Amerikadagi osiyoliklar jamiyatini namoyon qilganimiz uchun tomoshabinlar bizga, rejissyor va prodyuserlarimizga ko'p rahmatlar aytishdi", - deydi u.

Muvaffaqiyatlar bilan bir qatorda tanqidlar ham yo'q emas.

"Film o'ta boy osiyoliklar haqida, juda kichik guruh bu. U butun aholini namoyon qilmaydi, degan ko'plab tandiqlar bo'lishi tabiiy", - deydi Louk.

U hammani qamrab olmasligi mumkin, ammo AQSh va Osiyodagi kinoteatrlar tomoshabinlar bilan to'la. Viktoria Loukning aytishicha, yaqin kelajakda filmning davomi ham ishlanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG