Breaking News

Markaziy Osiyo ijodkorlari o'zaro aloqalarni kuchaytirmoqda


O'shda ijodkorlar uchrashuvi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:49 0:00

Shu yilning 25-avgustida Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻizistonda yashab ijod qiluvchi oʻzbek qalamkashlari Qirgʻizistonning Oʻsh shahrida oʻtkazilgan tadbirda uchrashdi.

Oʻzbek tilida chop etiluvchi “Oʻsh sadosi” davlat gazetasi tomonidan uyushtirilgan tadbir “Vatan madhi” deb nomlandi.

Ellikka yaqin ijodkorlar ishtirokidagi adabiy anjuman “Bobur” nomidagi oʻzbek akademik teatrida oʻtib, millatlararo aloqalar, doʻstlik munosabatlarini mustahkamlash mavzularida oʻzbek, qirgʻiz va tojik tillarida sheʼrlar oʻqildi.

Markaziy Osiyoning uch davlati Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikistonda yashab, ijod qilayotgan ellikka yaqin oʻzbek ijodkorlari 25-avgust kuni Qirgʻizistonning Oʻsh shahrida oʻtkazilgan adabiy anjumanda uchrashdilar. Oʻshdagi “Bobur” nomli oʻzbek teatri binosida oʻtkazilgan mazkur anjuman “Vatan madhi” deb nomlandi.

Tadbir tashkilotchisi boʻlgan “Oʻsh sadosi” viloyat gazetasining bosh muharrir oʻrinbosari Akrom Boboyevning aytishicha, anjuman doirasida qirqqa yaqin ijodkorlarning asarlaridan tuzilgan almanax 5000 nusxada chop etildi.

O'sh shahrida bo'lib o'tgan ijodkorlar anjumanidan
O'sh shahrida bo'lib o'tgan ijodkorlar anjumanidan

“Qirgʻiziston hukumati qoshidagi millatlararo aloqalar va davlat agentligi ushbu tadbirning oʻtkazilishiga yaqindan koʻmak koʻrsatdi. Oʻylaymizki, bu tadbir boshqa davlatlarda ham davom etadi”, - deydi muharrir oʻrinbosari Akrom Boboyev.

Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻsh viloyati yozuvchilar uyushmasining raisi Toʻraboy Joʻroyev bugungi kunda qirgʻiz shoirlarining koʻplab asarlari oʻzbek tilida chop etilayotganini, oʻzi esa marhum oʻzbek shoiri Muhammad Yusuf sheʼrlarini tarjima qilib kitobga tayyorlayotganini aytib, namunalar oʻqib berdi.

Oʻzbekistonlik bolalar yozuvchisi Muazzam Ibrohimova “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida avvalroq shu kabi tadbir Fargʻonada uyushtirilganini va bu davomiy boʻlishi kerakligini aytar ekan, adabiyot katta kuch ekanini taʼkidlab oʻtdi.

“Adabiyot shunday katta kuchki, u xalqlarni birlashtirishi ham mumkin, sochib-tarqatib tashlashi ham mumkin. Qancha yaxshi asarlar yaratilsa, mehr-oqibatga, doʻstlikka chorlovchi kitoblar, asarlar koʻproq boʻlsa, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik ham mustahkam boʻladi... Ilohim, biz shunday chiroyli asarlar yarataylikki, ularni oʻqib ulgʻaygan avlod bir-biriga hurmat, ehtiromli, muhabbatli boʻlib voyaga yetishsin”, - deydi oʻzbekistonlik ijodkor Muazzam Ibrohimova.

Anjumandan soʻng mehmonlar Oʻsh shahrining diqqatga sazovor yerlarini tomosha qilishdi va keyingi uchrashuvni Tojikistonda oʻtkazish umidi bilan xayrlashishdi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG