Breaking News

Ozchilik guruhlarga mansub kinoijodkorlar Gollivudda amaliyot o'taydi


"Oltin akademiya" dasturi qatnashchilari
"Oltin akademiya" dasturi qatnashchilari

"Oskar" mukofoti taqdimoti bilan shug'ullanuvchi kino akademiyasi yoshlar uchun amaliyot dasturini joriy qildi. "Oltin akademiya" deb nomlangan dasturda Gollivudda yetarli darajada o'z o'rniga ega bo'lmagan ozchilik guruhlarga mansub talabalar va yosh professionallar malaka oshiradi. Ular orasida muhojirlar ham ko'p. Tafsilotlar bilan men Behzod Muhammadiy.

Kopchilik Gollivudga shuhrat izlab keladi. Amaliyot o'tayotgan bu yoshlar esa, asosan, kamera ortida ishlaydi.

"Yoshman, lekin kelajakda kinematograf bo'lishni juda xohlayman", - deydi ulardan biri.

Ayris Li kollejni yaqinda tugatdi. Bolaligidan filmlar jonu dili. AQShda tug'ilgan, ammo ota-onasi Tayvandan. Ularga orzularimni tushuntirish oson bo'lmadi, deydi Li.

"Ular mening ko'ngilochar sohada karyera qilishimni xohlashmagan. Birinchi avlod, odatda, bunday sohaga bormaydi", - deydi u.

Kinematografiya san'ati va fanlari akademiyasi "Oltin akademiya" dasturi orqali muhojirlar farzandlari hamda yetarli e'tibor ko'rmagan yosh iqtidorlarga imkoniyat bermoqda.

"Afro-amerikaliklar, ispanzabonlar, osiyoliklar, ayollar... Bu sohada ayollarning yetarli darajada qatnashishi bo'yicha muammolarimiz bor", - deydi akademiya vakili Edgar Aguri.

Asli yamanlik kinoijodkor Yusuf Assabahi filmlardagi stereotipni o'zgartirish niyatida ekanini aytadi.

"Ko'plab teledasturlarda Yaman fanatiklar va radikallar makoni sifatida ko'rsatiladi, go'yoki ularning G'arbga hujum qilishdan boshqa maqsadi yo'q. Bu xato", - deydi u.

Assabahi Yamanda tug'ilgan. AQSh va tarixiy vatani o'rtasida ko'p qatnaydi. Uning kinorejissyor bo'lish istagi ota-onasini biroz xavotirga soldi.

"Bilasan, bu xatarli karyera; lekin shu ishni yoqtirsang, qarshi emasmiz, deb aytishdi", - deydi Assabahi.

Akademiya amaliyotchilari sifatida Assabahi va boshqa ishtirokchilar film ishlashdan tortib uning moliyasigacha bo'lgan mavzularda tajriba orttirishadi. Yozgi amaliyot davrida ular soha odamlari bilan tanishib, hatto doimiy mentorga ham ega bo'lishlari mumkin.

O'tgan yilgi amaliyot bitiruvchilarining yarmi to'liq ish topgan yoki boshqa amaliyot dasturlariga qabul qilingan.

"Biz bu yerda qilayotgan ish kelajak uchun sarmoya. Bu yosh yigit-qizlar shu sohani qurishadi. Ular bir-birlarining ishlarini davom ettiradi. Kelasi bir-ikki yilda bir-birlarini ishga olishadi", - deydi Edgar Aguri.

Tashkilotchilarning aytishicha, maqsad yetarli ovozga ega bo'lmagan toifaga mansub yosh mutaxassislarning Gollivudda muvaffaqiyat qozonishiga yordam berish.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG