Breaking News

AQSh Tayvanga 330 million dollarlik qurol-aslaha sotadi


Tayvanda AQShda ishlab chiqarilgan F-16 samolyotlarida harbiy mashg'ulot.

Vashington Tayvanga bir necha yillar ichida ikkinchi bor qurol sotishga qaror qilgani uning harbiy raqibi Xitoyni ranjitmaydigan va shundoq ham tanglik holatidagi Amerika-Xitoy munosabatlarini keskinlashtirib yubormaydigan tarzda rejalangan.

24-sentabr kuni Pentagon Kongressga Tayvanga yuboriladigan 330 million dollarlik qurol-aslaha ro'yxatini taqdim etgan. Unga AQShda ishlab chiqarilgan F-16 va F-5 samolyotlarining ehtiyot qismlari ham kiritilgan. Biroq, Tayvanning ko’p yillik talablariga qaramay, paketga F-35 rusumli qiruvchi samolyotlar va suvosti kemalari texnologiyasi kiritilmagan. Xitoy yirik savdo bitimiga jiddiy qarshilik bildirmagan, odatiy e’tiroz bildirgan xolos.

Xitoy o’z-o’zini boshqaruvchi Tayvan ustidan nazorat o’rnatishni istaydi. Pekin ikki tarafning, vaziyat taqozo etgan taqdirda, kuch ishlatish yo’li bilan bo’lsa ham, birlashishiga intiladi. Tayvan 70 yildirki, o’z mustaqil hokimiyatini o’rnatishga harakat qilmoqda. Xitoy tahdididan himoyalanish maqsadida Tayvan harbiy salohiyatini o’shirdi va “GlobalFirePower.com” tarqatgan ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 24-o’rinni egallab turibdi.

Tayvan Mudofaa vazirligi 25-sentabr kuni e’lon qilgan bayonotida Vashingtonga minnatdorchilik bildirgan. Unda yangi qurol-aslaha paketi Xitoy bilan tinchlikni saqlab turishga xizmat qilishi ta’kidlangan. “Qurol savdosi AQShning bizning xavfsizligimizga nisbatan qayg’urishini ifoda etadi”, deyiladi bayonotda.

Sinxua axborot agentligining 25-sentabr kuni yozishicha, Xitoy qurolli kuchlari AQShning Tayvanga rejalangan qurol-aslaha savdosiga mutlaqo qarshi va jiddiy norozi. Bu haqda agentlikka qurolli kuchlar matbuot kotibi ma’lum qilgan. Shuningdek, Xitoy harbiylari Vashingtonga ham rasmiy e’tiroz bildirgan.

2010-yilda AQSh 6,4 milliard dollarlik qurol savdosini e’lon qilganida Pekin rejalangan AQSh-Xitoy o’rtasidagi harbiy tashriflarni bekor qilib, Amerikaning Xitoyda faoliyat yuritayotgan mudofaa pudratchilariga qarshi sanksiyalar joriy qilish bilan tahdid qilgan edi. O’tgan yili amalga oshirilgan qurol savdosi oshkor bo’lganida, o’sha davr OAV ma’lumotlariga ko’ra, Pekin voqelikka g’azab bilan munosabat bildirgan.

Ayrim olimlarning ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati Xitoy bilan navbatdagi tanglikning yuzaga kelishini istamaydi. Ma’lumki, joriy yilda AQSh hukumati 250 milliard dollarlik Xitoy importiga nisbatan tariflarni oshirgan, Prezident Tramp Pekinni adolatsiz tijoratchi deb atagan edi.

Xitoyning Ilg’or siyosiy tadqiqotlar ekspertlar kengashi bosh kotibi Endryu Yangning aytishicha, Tayvan Xitoyning uzoq davrga mo’ljallangan qurol savdosi bo’yicha pozitsiyasini qo’llab-quvvatlashi kerak. Uning ta’kidlashicha, Xitoy hukumati tayvanliklarning ishlash, ta’lim olish va sarmoya kiritishini osonlashtiradi, biroq unga qarshi siyosiy choralar ham qo’llashi mumkin.

“Xitoy o’zining ikki tomonli munosabatini mustahkamlashda davom etadi: Bir qo’li bilan tayvanliklarni Xitoy tomon chorlab, ikkinchi qo’lida uzun kaltak tutib turadi, kaltak esa yanada kattalashib bormoqda”, - deydi Yang.

Tayvan Fo Guang universiteti professori Liuga ko’ra, Xitoy joriy yilning noyabr oyida AQShda kutilayotgan oraliq saylovlarni Prezident Donald Tramp nufuzi va savdo siyosatini izga soladigan voqelik sifatida kuzatib turibdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG