Breaking News

Afg'oniston parlamentiga saylanish uchun nomzodlar o'n minglab dollar sarflamoqda


Afg'oniston saylov kampaniyalarida pul
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:41 0:00

Afg'onistonda uch yilga kechikkan parlament saylovlari bo'lib o'tishiga nihoyat bir necha kun vaqt qoldi. Nomzodlar reklama va tarafdor yig'ish uchun o'n minglab dollar sarflamoqda. Qashshoq mamlakatda bu kabi xarajatni faqat boylargina ko'tara oladi. Ular kunini zo'rg'a o'tkazayotgan oddiy aholi muammolarini tushunadimi?

Saylovga sanoqli kunlar qolar ekan, Kobul ko'chalari siyosiy reklamalar bilan to'lgan. Poytaxtning o'zida qonunchi bo'lish uchun 800 dan ortiq nomzod bor. Mamlakat bo'ylab ular soni 2500 dan ortiq.

Saylov kampaniyasi olib borish juda qimmat jarayon. Okruglar va aholi soniga qarab saylov uchun sarflanadigan mablag'larga cheklov qo'yilgan. Ammo qonun talabiga rioya qilayotganlar kam.

"Ayrim nomzodlar sarfi kampaniya boshidayoq me'yordan oshib ketgani haqida bizda xabarlar bor. Kobulda va boshqa viloyatlarda ba'zilar 100 ming dollar va undan ham ko'p xarajat qilishi kutilyapti. Bu esa ayrim nomzodlar tomonidan tartibning to'liq buzilishini ko'rsatadi", - deydi Afg'onistonning Erkin va adolatli saylov forumi vakili Yusuf Rashid.

Mustaqil kuzatuvchilar fikricha, buncha mablag' sarflaydiganlar saylangandan keyin ishlatgan pulini qaytarishga harakat qiladi. Bu hukumat kontraktlarini qo'lga kiritish, o'z biznesi uchun manfaatli bo'lgan qonun va siyosatlar ishlab chiqish orqali bo'lishi mumkin.

"Xalqaro oshkoralik" hisobotida Afg'oniston dunyoning eng korrupsiyaga botgan besh davlatidan biri sanaladi.

"Boy, lekin xalqqa xizmat qilmaydigan odamlar bor. Bu safar biz ovoz berishda nomzodning boyligiga e'tibor bermaymiz. Ishga eng yaroqli odamga ovoz beramiz", - deydi saylovchilardan biri.

O'zini eng maqbul nomzod deb hisoblovchilar esa saylov kampaniyasi uchun yetarli mablag'i yo'qligini aytadi. Ko'chalarni faqat boy nomozdlarning suratlari bezagan.

Erkin va adolatli saylov forumiga ko'ra, saylovchilarni pul berib o'ziga og'dirayotganlar ham bor. Ba'zi joylarda bir ovoz uchun 100 dollargacha mablag' berilgan. Qashshoq afg'onlar buni rad etishi qiyin.

Bitta saylov uchun 50 mingdan 100 ming dollargacha mablag' sarflaydigan boy nomzodlar parlamentni to'ldirsa, ular aksariyati qashshoq bo'lgan aholi manfaatlarini himoya qila oladimi? Faollarni shu savol qiynamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG