Breaking News

Afg'oniston parlamentiga kimlar nomzod?


Afg'oniston ko'chalarini to'ldirgan nomzodlar plakatlari

Afg’onistonda 20-oktabr kuni bo’lib o’tadigan parlament saylovlarida eng yosh nomzod 26 yoshda. Qonuniy talabga ko’ra, fuqaro 25 yoshdan saylanish huquqiga ega. Afg’oniston Mustaqil saylov komissiyasining ma’lum qilishicha, 50 foizdan ziyod nomzodlar yosh fuqarolar sifatida ro’yxatga olingan.

BMTning Aholini ro’yxatga olish fondi ma’lumotlariga ko’ra, Afg’oniston aholisining ko’pchilik qismi 25 yoshdan kichik.

“Mamlakat aholisining 60 foizdan ko’prog’ini yoshlar tashkil etishini unutmaylik. Ular o’zgarishlar qilishi kerak, qonun loyihalarini ishlab chiqish va ularni amalga tatbiq qilishda ishtirok etishi lozim”, - deydi ayol nomzodlardan biri Maryam Sama.

Siyosiy tahlilchilarga ko’ra, yosh nomzodlar odatda uch toifaga bo’linadi. Bular:

Oilaviy qudrati va nufuzini davom ettirish istagidagi boy siyosatchilar yoki urush qo’mondonlarining farzandlari;

Siyosiy jabhaga aloqadorligini saqlab qolishga intilayotgan sobiq hukumat xodimlari;

Haqiqiy o'zgarishlar qilish istagidagi o’qimishli kadrlar.

So’nggi guruh vakillarining ko’pchiligi hukumatning yaqin o’tmishdagi faoliyatidan norozi ekanini bildirgan.

“Odatda, biz siyosatni qudartli shaxslar, urush qo’mondonlari va ishbilarmonlar ixtiyoriga topshirar edik. Bu bizning ongimizga o’rnashib qolgan salbiy an’ana edi. Ana shu odatlarga barham berayapmiz. Biz bu maydonni o’z martabasini suiiste’mol qilganlar uchun ochiq qoldirolmaymiz”, - deydi nomzodlardan Mirvois Stanekzay.

Yosh nomzodlarning tarafdorlari ularning shaxsiy va oilaviy manfaatlardan qadr-qimmatga asoslangan siyosat hisobiga voz kechishiga umid bildirmoqda. Aksariyat nomzodlarning ma’lumoti o’rtacha afg’on yoshlari ma’lumotidan yuqori va tashqi dunyoning siyosiy taraqqiyotiga moyil shaxslar.

“Ularning siyosatni tushinishi juda yaxshi. Turli mamlakatlarda ta’lim olishi, sayohat qilishi yoki xalqaro siyosatni kuzatib borishi natijasida tashqi dunyoning ta’siri kuchli ularda”, - deydi siyosiy sharhlovchi Mushtoq Rahim.

Biroq Afg’onistonda hech kim saylovlar o’tishi bilan darhol joriy vaziyat o’zgarishiga ishonmaydi.

Siyosiy tahlilchilarga ko’ra, parlament safiga qo’shiladigan yoshlarning eski kadrlar bilan ishlashiga va sabrli bo’lishiga to’g’ri keladi. Chunki Afg’onistonda demokratiya endigina ildiz otayotgan pallada o’zgarishlar sur’ati ham nisbatan sekin kechishi kutiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG