Breaking News

Putin O'zbekistonga ne maqsadlar bilan bormoqda?


Mirziyoyev va Putin (arxiv)

Rossiya rahbari Vladimir Putinning O’zbekistonga safari Moskvada marhum prezident Islom Karimov xotirasiga yodgorlik ochilishi bilan boshlanmoqda. Putinning davlat tashrifi davomida ta’lim sohasidan tortib, siyosiy-iqtisodiy aloqalar, xavfsizlik masalalariga doir qator bitimlar imzolanadi. O’zbekistonda atom stansiyasi qurilishi loyihasiga start beriladi.

Putinning O'zbekistonga safaridan nima kutish mumkin?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:51 0:00

Putin bungacha 2016-yilda Islom Karimovni xotirlash uchun Samarqandda bo’lgan. O'shanda vaqtinchalik prezident vazifasini bajargan Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan edi.

Mirziyoyev prezidentlikka saylangach 2017-yilda Rossiyada davlat tashrifi bilan bo’ldi. Moskvada o’tgan muzokaralarda o’zaro hamkorlikni yangi bosqichga chiqarishga kelishildi.

Karimov Kreml bilan aloqalarda masofa ushlab kelganiga qaramasdan Putin O’zbekistonga davlat tashrifini Moskvada Karimov xotirasiga yodgorlik o’rnatishdan boshlamoqda.

Yodgorlik ochilish marosimida O’zbekiston Senati raisi Nig’matilla Yo’ldoshev, Karimovning bevasi Tatyana Karimovalar ishtirok etgan.

Moskva va Toshkent aloqalari yangi bosqichga chiqqani kuzatiladi, ayniqsa harbiy hamkorlik, xavfsizlik, iqtisod, ta’lim, energetika sohasi, xalqaro miqyosdagi aloqalarni muvofiqlashtirishda.

Mahalliy matbuotga ko’ra, Toshkentda o’tayotgan ta’lim sohasidagi Rossiya-O’zbekiston forumida Rossiyaning 80 ga yaqin oliy o’quv yurtlaridan rektorlar qatnashmoqda, Rossiya o’quv yurtlarining O’zbekistondagi bo’limlari bir necha barobarga ortishi kutilmoqda.

Davlat tashrifi davomida imzolanadigan bitimlar doirasi ancha keng, jumladan harbiy, xavfsizlik sohasida ham.

17-oktabr kuni O’zbekiston Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov Moskvada hamkasbi Nikolay Patrushev bilan uchrashib axborot xavfsizligini ta’minlashni muhokama qilgan.

12-oktabr kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Toshkentga safar qilib, O'zbekiston Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov bilan o’tgan muzokaralar davomida ikki davlat harbiy uchoqlarini o’zaro havo hududidan foydalanishiga doir kelishuv imzolangan.

Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan Rossiya bilan boshlangan shiddatli yaqinlashuv aynan O’zbekistonda davlat tiliga e’tibor susayishi, sovet davri qatag’onlari, milliy ozodlik harakati qurbonlari unutilishi hisobiga bo’layotgani ta’kidlanmoqda.

Sharhlovchi Anvar Nazir deydiki, yangi hokimiyat sovet qatag’oni qurbonlarini xotirlashni nafaqat unutgan, balki sovet davri qadriyatlarini jonlantirmoqda. Milliy ozodlik uchun kurashgan adiblar, Turkiston g’oyasini ko’targan jadidlarga qarshi norasmiy taqiqlar joriy qilingan.

“Agar Turkiston g’oyasiga taqiq tushgan bo’lsa, marhamat qilib, Amur Temur haykalini olib tashlasin. Uning ham Turkiston haqidagi gaplari bor. Fitrat, Cho’lpon, Rauf Parfi bilan hammasi Turkiston haqida yozishgan, ularni ham adabiyotdan olib tashlasin. Men tushunmayapman, nimalar bo’lyapti. Mana, O’zbekistonda rasman qoralangan bosqinchi general Kaufman qurdirgan bino ta’mirlanib, Toshkent markazida tantanali tarzda ochib berildi. Rus tilli matbuoti buni Mirziyoyevni Kaufmanga ko’rsatgan ehtiromi deb ham taqdim etdi. Hech kim buni rad qilgani ham yo’q, prezident matbuot xizmatidan tortib. Buni foni o’zbek tili, adabiyoti muzeyini olib ko’ring, ahvoli achinarli, hech bunga e’tibor ham berayotgani yo’q. Xullas hammayoqni sovetparastlik bosib ketgan", - deydi Anvar Nazir.

Toshkentdagi O’zbekiston-Rossiya ta’lim forumi qamrovi ham Mirziyoyev hukumati ta’limda Rossiyaga tizimiga moyillik ko’rsatayotganidan darak beradi. Avvalroq o’rta maktablarda rus tilini o’qitish uchun Rossiyadan o’qituvchilar taklif qilinishi, ular O’zbekistonda uy-joy bilan ta’minlanishi haqida ma’lum qilingan edi.

Mirziyoyev Putinning tashrifi arafasida O’zbekiston va Rossiya o’rtasida atom elektrostansiyasini qurish bo’yicha hamkorlik bitimini tasdiqladi.

Buxorodagi To’dako’l yaqinida rejalanayotgan atom stansiyasi qanday shartlar evaziga qurilayotgani hozircha mavhum, rus matbuotidagi xabarlarga ko’ra, 2028-yilga borib birinchi reaktori ishga tushirilishi kutilayotgan atom stansiyasi 11 milliard dollarga tushadi. Obyektni boshqarish, qo’riqlash Rossiya tomonidan amalga oshirilishi haqida ma’lumotlar bor.

Anvar Nazir tahlilicha, atom stansiyasi yuzasidan o’zbek jamoatchiligi fikri o’rganilmadi, mavhum siyosiy qaror o’laroq yuzaga chiqmoqda.

“Bu gepolitik loyiha, Putinning siyosiy qarori. Lekin uni hech kim prezidentlikka bog’lab qo’ymagan, stansiya 10-12 yil davomida quriladi. Xo’sh, Putin siyosatdan ketib, loyihaning iqtisodiy qiymatlari o’rtaga chiqsa, talablarni kuchaytirsa, O’zbekiston bu loyihani nima qiladi, kimga sotadi? Xullas, shoshilinch qabul qilingan siyosiy qarorga o’xshaydi bu”, - deydi Anvar Nazir.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG