Breaking News

Mirziyoyevning ilk xorij safari Rossiyaga emas, Turkmanistonga bo'ladi


Shavkat Mirziyoyev (chapda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan, Toshkent, 6-sentabr, 2016-yil.
Shavkat Mirziyoyev (chapda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan, Toshkent, 6-sentabr, 2016-yil.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ilk rasmiy tashrifi Turkmanistonga bo`ladi. 5-6-mart kunlariga belgilangan davlat tashrifi davomida bir nechta hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Siyosatshunoslar Mirziyoyevning ilk xorij safari uchun Turkmaniston tanlanganini Toshkent tashqi siyosatining dastlabki ishoratlari sifatida qabul qilishmoqda.

Mirziyoyevning anchadan buyon kutilgan rasmiy tashrifi tafsilotlari so`nggi kunlarda ochiqlanayotgani Vladimir Putinning Turkmaniston va O`zbekistonni chetlab o`tgan mintaqaviy safari bilan bog`liqligi ham ehtimol qilinadi.

Turkmanistonning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan tasdiqlangan ma`lumotga ko`ra, Shavkat Mirziyoyev 5-6-mart kunlari davlat tashrifi bilan Turkmanistonda bo`ladi. Mirziyoyevning tashrifi davomida ikki tomonlama hamkorlik haqida bir nechta bitimlar imzolanishi kutimoqda.

Shavkat Mirziyoyevning ilk rasmiy safari qayerga bo`lishi haqida turli qarama-qarshi ma`lumotlar bildirildi. So`nggi vaziyatga ko`ra, prezidentning ilk safari Qozog`istonga rejalanayotgan edi.

Mirziyoyevning Turkmanistonga safari tashrifga ikki kun qolganda ochiqlanmoqda. Siyosatshunoslar O`zbekiston prezidentining ilk safari uchun Turkmaniston tanlangani mintaqadagi so`nngi vaziyatga bog`liq deb hisoblamoqda.

Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomovga ko`ra, yangi prezidetning ilk xorijiy safari tashqi siyosatdagi ustuvorlikni belgilaydi, ammo Turkmaniston misolida bu ayrim savollar uyg`otadi.

“Odatda, prezidentning ilk tashrifi siyosiy va iqtisodiy jihatdan ustuvor ko`rilgan davlatga amalga oshiriladi. Avval Mirziyoyevning Qozog`istonga safar qilishi kutilgan edi, buni tushunsa bo`ladi. Qozog`iston mintaqaning iqtisodiy jihatdan yetakchi davlati yoki nega Rossiyaga ekanligi ham tushunarli. Ammo bu safarning Turkmanistonga qilinayotgani ayrim mulohazalar uyg`otadi. Nazarimda, Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi bo`yicha hali aniqlik yo`q. Bu Putinning mintaqa bo`ylab safarida O`zbekiston va Turkmanistonni chetlab o`tganida ham ko`rinadi. Har holda Rossiya ayni paytda Mirziyoyevdan to`la rozi emas, ehtimol Putin munosabatlarning shiddatli yaqinlashishini kutgandir, turli tashkilotlarga qaytish misolida. Ammo bunday bo`lmadi. Mirziyoyev shoshilayotgani yo`q”, - deydi Alisher Ilhomov.

Prezidentning ilk safari mintaqa davlatlaridan boshlanayotgani Toshkentning tashqi siyosiy tamoyillariga mos tushadi. Mirziyoyev tomonidan e`lon qilingan bu tamoyilga ko`ra, O`zbekiston uchun tashqi siyosatidagi asosiy ustuvor masala mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va xavfsizlikni ta`minlash.

Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi mintaqa davlatlari Qirg`iziston, Tojikiston va Qozog`iston bilan aloqalarning tezlikda iliqlashishi, hukumatlararo hamkorlikning jadallashishi bilan kuzatildi. Turkmaniston Karimov davrida ham aloqalar nisbatan iliq bo'lib kelgan yagona qo`shni davlat edi. Turkmaniston yopiq siyosati, betaraflik maqomi, jumladan, Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlarga qo`shilmagani bilan ham mintaqaning boshqa davlatlaridan farq qiladi.

“Albatta, Turkmaniston O`zbekiston uchun muhim davlat. Logistika, transport koridorlari, energetik hamkorlik, suvdan foydalanish yuzasidan ham. Lekin o`zaro iqtisodiy hamkorlikda zudlik bilan yechimi kutilayotgan muammolar bor deyish qiyin. Har holda tashrifning boshqa sabablari mavjud. Qolaversa, Putin mintaqa bo`ylab safarida shu ikki mamlakatni chetlab o`tgani ham bejiz emasdek. Moskva va Toshkent o`rtasida qandaydir taranglik bor. Toshkent o`z navbatida bu tashrifga mintaqaviy hamkorlik tusini bermoqda, ammo bu tashabbusga qo`shni davlatlarning munosabati qanday bo`lishi muhim. Mirziyoyevning ilk tashrifi ortidan bu ayonlasha boshlaydi, geosiyosiy jarayonlarda siljishlar bo`lishi ham ehtimol”, - deydi Ilhomov.

Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifi 5-6-mart kunlari amalga oshishi kutilmoqda. Ayni paytda O`zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Elyor G`aniyev Ashxobodda prezident tashrifiga doir uchrashuvlar o`tkazmoqda. Tashrif davomida Ashxobodda Islom Karimov nomiga qo`yilgan yodgorlikning ochilish marosimi bo`lib o`tishi ham xabar qilingan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG