Breaking News

Markaziy Osiyoda suv yetishmovchiligi: muammomi yoki imkoniyat?


Tojikistonning Vaxsh daryosi bo'yida sovetlar davridan qolib ketgan suv quvurlari
Tojikistonning Vaxsh daryosi bo'yida sovetlar davridan qolib ketgan suv quvurlari

Oddiy ichimlik suvi, umuman, tabiiy suv manbalari va undan foydalanish Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Mintaqadagi eng sersuv daryo - Amudaryoni Tojikiston tog‘lari suv bilan ta’minlaydi, uning asosiy irmoqlaridan biri bo‘lgan Vaxsh daryosida qurilayotgan va Zarafshon daryosida qurilishi mo‘ljallangan GESlar loyihasi yaqin vaqtlargacha mintaqa davlatlari orasida munozaralarga sabab edi. Hozirda esa sharoit tubdan o‘zgargan, suv - mintaqada birlik irmog‘iga aylangan.

Markaziy Osiyoda suv muammolari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:40 0:00

Bundan atigi 4-5 yil muqaddam ichki daryolardan foydalanish, suv ta’minoti masalasi Markaziy Osiyo davlatlararo munosabatlarining sovuqlashishiga ham sabab bo‘lgan edi. Qardosh O‘zbekistonning yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari tufayli oradan bu masala umuman ko‘tarilib, Toshkent hatto Tojikistondagi Zarafshon daryosida yangi ikki GES qurilishiga yordam berishga tayyorligini e’lon qilgan. Aslida suvdan unumli foydalanish mintaqaning barcha mamlakatlariga xos muammo. Masalan, Tojikiston shimolida Qirg‘iziston bilan bu muammo haligacha saqlanib turibdi.

Tojikiston Fanlar akademiyasi energetika va ekologiya institutining suv masalalari bo‘yicha katta ilmiy xodimi Huseyn Abrorovning aytishicha, joylarda suvdan foydalanish madaniyati durust shakllanmagan.

"Suvdan foydalanish masalasining salbiy bir tomoni shundan iboratki, xususan, bizning qishloq xo'jaligimizda isrofgarchiligimiz, jahonda muqarrar qilingan o‘rtacha suv xarajatlari hajmidan bir necha barobar balandda turadi. Masalan, bizda bir gektar yerga ishlov berishda 12-14 ming kubometr suv sarflanadi. Ammo, aytaylik, Isroilda gektariga atigi besh ming kubometr suv ishlatishadiyu, oladigan paxta hosili 50 sentnerga yetadi. Bizda esa o‘rtacha hosildorlik atigi 22 sentner atrofida qolyapti. Suvdan oqilona foydalanish madaniyatini o‘rganishimiz kerak. Hozir bu masalada Markaziy Osiyo davlatlari liderlari ham yagona fikrga kelmoqdalar, bu juda muhim jihat", - deydi tojik olimi.

Suv muammolari bo‘yicha yetakchi mutaxassis, o‘zbekistonlik olim Iskandar Abdulloev mintaqada bir qator xalqaro tadbirlarda ishtirok etgan, ko‘plab ilmiy maqolalar muallifi hamdir. Shu yil Toshkentda o‘tkazilgan ana shunday xalqaro tadbirlardan birida suv muammolarini yechishda ikki yo‘ldagi maktab haqida gapirarkan, o‘zbek olimi suv muammosini nafaqat yetishmovchilikda, balki taqsimlanishda ham ko‘rib, unga Afg‘onistonni ham qo‘shadi.

"Bu Markaziy Osiyodagi besh emas, Afg‘onistonni ha qo‘shish mumkin, oltita mamlakatda ham bir xil muammo hisoblanadi. Bu masalani alohida-alohida bo‘lib ham yechish mumkin, lekin, birinchidan, ko‘proq xarajat bo‘ladi, ikkinchidan, natijasi bo‘lmasligi mumkin. Siz tartibga solganingiz bilan, qo‘shnida o‘nglanmasligi mumkin. Shuning uchun birgalikda hamfikr bo‘lib hamkorlikda ishlash kerak. Qolaversa, biz hozir global tizimda yashayapmiz, ulardan ajralib qolgan emasmiz, o‘shalar bilan ham maslahat qilish kerak, boshqa mamlakatlar ham shu jarayonlarni o‘tkazmoqda. Suv muammolarini hal etishda har xil teoriya bor, ikkita yo‘nalish bor, ikkita maktab desa bo‘ladi. Biri aytadiki, suv bu, albatta ,konfliktga olib keladi. Boshqa bir maktab aytadiki, suv, albatta, hamkorlikka olib keladi deb. Biz ko‘proq ikkinchi maktab vakillarimiz. Hozir dunyoda ikki yuz yetmishdan ortiq suv havzalari bo‘ladigan bo‘lsa, o‘shalarning hammasida suv bo‘yicha munosabatlar o‘rnatilgan. Bizning hududimizga keladigan bo‘lsak, 1991-yildan boshlab vaqtincha bo‘lsayam bir kelishuvga kelaylik, deyilgan edi. Albatta, bu juda oson kechadi deb bo‘lmaydi, chunki mustaqil bo‘lgandan keyin har qaysisining o‘z manfaati bor, lekin ularni bir-biriga qarshi qo‘yish shart emas. Manfaatlarda suvni hamkorlikka aylantirish kerak, bu osonmas, lekin qiyin ham emas. Agar chegaralarda, iqtisodda yaxshi hamkorlik qilinsa, biz bir-birimizga ko‘proq bog‘lansak, suv muammo bo‘lmaydi, lekin suvni faqat bo‘lamiz deb turib olsak, u, albatta, muammoga aylanadi. Oxirgi 15 yildan ko‘proq vaqtda transchegaraviy suv masalalarini kuzatib boraman. Oxirgi yillarda bu borada sho‘rolar davrida ellik yillab hal qilinmagan masalalar hal qilindi", - deydi Iskandar Abdulloev.

O‘zbek olimining fikricha, hozir mamlakatlar suv masalalarini o‘zlari alohida ko‘raman desa, bir-biriga nisbatan konkurensiya bo‘ladigan bo‘lsa, ular, albatta, zarar ko‘rishini anglab turibdi, suvni bo‘lgandan ko‘ra iqtisodiy hamkorlik yaxshiroq hisoblanadi.

Ba’zi mahalliy ekspertlar O‘zbekistondagi Farhod GESi to‘g‘onining Tojikiston hududida qolayotganini ko‘milgan minaga taqqoslashadi. Bu haqdagi savolga javob berar ekan, o‘zbek olimi bunda katta muammo ko‘rmaydi.

"Eng katta muammo mamlakatlar o‘rtasida bir-biriga nisbatan iqtisodiy hamkorlik qilish tuyg‘usini paydo qilish. Bu bo‘lmasa, nafaqat to‘g‘on, balki oddiy muammolar ham kelib chiqadi, kichkinagina muammodan ham bahona topsa bo‘ladi, bahona topaman desa hamma joydan ham topaveradi. Menimcha, hozir baland ovozda aytmaymanu, ammo umid qilamiz, mintaqada shunaqa narsa bo‘lyaptiki, iqtisodiy hamkorlikning o‘ziga xos tomonlari tushunib yetildi. Agar mamlaktlar bir-biri bilan iqtisodiy hamkorlik qilsa, konfliktga bormasa, Markaziy Osiyoning kuchi kattaligi ko‘rindi. Shu yo‘nalishda ketilsa, hamma GESlar ham hal qilinadigan muammo, ammo bir-biriga raqib sifatida qaraladigan bo‘lsa, muammo hamma joyda topiladi", - deydi Abdulloev.

Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ag‘bay Ismagulov bir vaqtlar Qozog‘istonning Tojikistondagi elchisi bo‘lib xizmat qilgan. U aytadiki, mintaqada eski qarashlar tarixda qoldi, o‘sha oddiy suv masalasi bugunda barcha respublikalarni birlashtiruvchi belbog‘ bo‘lib xizmat qiladi.

"Keyingi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari orasida muloqotlar ortayotgani ko‘rinib turibdi. Toshkentda, Dushanbe, Ashxobodda ham, mavzu bo‘yicha xalqaro tadbirlar o‘tkazildi, nazarimda Bishkekda ham o‘tkazilgandi. Ya’ni, muloqot bo‘lmoqda, asta-sekinlik bilan davlatlar rahbarlari, siyosatchilar ham, ekspertlar ham mintaqada yagona birlik shartligini tushunib yetishmoqda, bu juda chiroyli holat. O‘lkadagi daryolar bu yurtning belidagi belbog‘ kabidir, uni mahkamroq bog‘lash vaqti keldi va shunday ham bo‘lmoqda, buni olqishlash kerak", - deydi qozoq siyosatchisi.

Tojikistonda ekologiya sohasidagi nodavlat tashkilot yetakchilaridan biri bo‘lgan Qurbonali Hamdamov aytadiki, mintaqaviy muammolar bugungi kunda o‘zaro ixtilof emas, balki hamkorlikka sabab bo‘lmoqda. Uning fikricha, hozir suv zaxiralari bo‘yicha mintaqaviy muammolar yo‘q, suv do‘stlik, birlik ramziga aylangan; ayrim joylardagi kichik-kichik yetishmovchiliklar esa mahalliy o‘rinda hal qilinaveradi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG