Breaking News

Koinotda insoniyat yolg’izmi?


Yerni suratga olayotgan Xabbl teleskopi
Yerni suratga olayotgan Xabbl teleskopi

AQSh Kongressi Milliy Fanlar Akademiyasiga jiddiy vazifa yukladi: koinotda Yerdan boshqa ongli hayot tarzi mavjud bo’lgan planetalar bormi? Bu savolga javob topish uchun mamlakatning barcha shtatlaridan olimlar jalb etilgan.

Xabbl fazo teleskopi koinotda olingan muhim suratlarni taqdim etgan. Biroq uning imkoniyatlari trillionlab galaktikalarda hayot mavjudligini aniqlash uchun yetarli emas.

“Agar yulduzlar bir foizining o’ndan biri yerga o’xshash planetalarga ega bo’lsa va ularda hayot mavjudligi ehtimolidan kelib chiqilsa, Somon yo’li galaktikasining o’zida milliardlab shunday makonlar bo’lishi mumkin”, - deydi Notr Dam universitetining fizik olimi Jastin Krep.

O’zga sayyoralar bo’yicha ilmiy strategiya qo’mitasi a’zosi Jastin Krep navbatdagi o’n yillikda Amerika koinotda qanday tadqiqotlar qilishi ustida ishlamoqda.

Qo’mita sentabr oyida bu boradagi batafsil tavsiyalardan iborat hisobotni taqdim etdi. Unga ko’ra, NASAdan koinotda yerga o’xshash planetalarni suratga olish va tadqiq qilish bo’yicha maxsus missiyani amalga oshirish talab etiladi. Biroq bu oson ish emas.

“Biror planetani suratga olish qator muammolar tug’diradi. Chunki ular orasidagi masofa juda yaqin. Buning uchun muayyan o’lchamli teleskop lozim. Muammo shundaki, yer atmosferasi tasvirni xiralashtirib, jarayonni qiyinlashtiradi”, - deydi Krep.

NASAning yer atmosferasidan tashqaridagi tadqiqotlar missiyasini joriy etish va yanada kuchli uskunalarni yaratish mazkur muammoni hal qilishi mumkin. Qo’mitaning ikkinchi tavsiyasiga ko’ra, Xabbl teleskopiga nisbatan o’n barobar tiniq tasvirga oladigan ikkita uskunani yaratish lozim. Krep va uning jamoasi laboratoriyada yangi teleskop ustida ishlamoqda.

Yuqori texnologiyalarga ega uskunani yaratish qisman moliyalashtirilgan keng diapazonli infra-qizil teleskopni tugallash uchun ham qo’l keladi. Fazoda u olis masofalardagi planetalarni izlashdan tashqari, ularning tarkibi va hayot alomatlarini tekshiradi.

Bu asriy savolga javob bo’ladi, deydi olim.

“Koinotda insoniyat yolg’izmi? Mazkur savol teologiya va falsafa kabi qator sohalarga ham daxldor. Bu insonga xos qiziqish. Dunyomizning qanday sinoatlari bor? U ihotalanganmi? Boshqa planetalarda hayot mavjudmi? Ular bilan aloqa qila olamizmi?” – deydi Jastin Krep.

Ana shu savollarga javob topish bo’yicha tavsiyalar zamonaviy uskunalarni yaratish bilan birga dunyo bo’ylab jamolar bilan hamkorlik tizimi va ularni moliyalashtirish uchun sarmoyadorlar dasturini joriy etishni ham nazarda tutadi. Hisobot Kongressda ko’rib chiqilgach, mamlakatning navbatdagi o’n yillik rejasiga kiritilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG