Breaking News

Ozodlik: Jurnalist uyining tortib olinishi - siyosiy o'ch


"Ozodlik" radiosi jurnalisti Shuhrat Bobojon
"Ozodlik" radiosi jurnalisti Shuhrat Bobojon

“Ozod Yevropa/Ozodlik” (RFE/RL) xalqaro radiosi o'zbekistonlik jurnalist Shuhrat Bobojonovning Xorazmdagi mulki musodara qilinishini “siyosiy o’ch olish” deb xabar tarqatdi. Bobojonov ayni paytda Chexiyaning Praga shahridagi "Ozodlik" radiosi o'zbek xizmatida faoliyat yuritadi.

Avvalroq Urganch tuman sudi aka-uka jurnalistlar Shuhrat, Qudrat va G’ayrat Bobojonovlarga tegishli Xorazmdagi uy-joy “qarovsiz qolganligi” ro'kachi bilan davlat hisobiga musodara qilinishiga doir qaror chiqargan edi.

“Ozodlik” muxbiri Shuhrat Bobojonovning aytishicha, unga, shuningdek, ukalariga tegishli Xorazmdagi uy-joyni tortib olish qarori Urganch hokimiyati tashabbusiga ko’ra mahkamaga chiqarilgan.

“Hokimiyat shu yo’l bilan bizning jurnalistik faoliyatimiz uchun qasos olishga qaror qilgan. Bu uy mening shaxsiy mulkim, bunga doir barcha tegishli hujjatlarga egaman. Mening, ukalarimning uy-joylari hokimiyat tomonidan tortib olinayotgani bizning jurnalistik faoliyatimiz, tanqidiy chiqishlarimiz uchun uyushtirilgan siyosiy buyurtma, qasosdir” - deydi Shuhrat Bobojonov.

Sud qaroriga ko’ra, aka-uka jurnalistlardan yana biri, Shvetsiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan jurnalist Qudrat Bobojonga tegishli uy-joy ham davlat hisobiga musodara qilingan.

Urganch tuman sudining bu boradagi qarori mahkamadan 6 oy o’tib ukasi G’ayrat Bobojonovga topshirilgan.

“Qorovul” qishlog’i, Shodlik mahallasi, “Ziyokor” ko’chasi 14- uyda joylashgan turar-joy egasiz, deb topilsin va Urganch tuman hokimligi balansiga o’tkazilsin”, deb ko’rsatilgan bu sud qaroriga Urganch tuman hokimligining jurnalistlarga tegishli uy-joy qarovsiz qolgani haqidagi da’vosi asos qilib olingan.

O’zbekistondagi vaziyatni yoritib kelayotgan “Eltuz” nashri muharriri Qudrat Bobojonga ko’ra, mustaqil jurnalistlarga nisbatan bu kabi bosimlarning davom etayotgani yangi hukumatning ham tanqidlarga toqatsiz qolayotganidan darak beradi.

“Eltuz” nashri so’nggi paytda hokimiyat, ayniqsa, huquq-tartibot idoralaridagi, sobiq MMX doxil korrupsiyaga doir davomli tanqidiy chiqishlar berib kelgan, ularda bugun ham daxlsizlik maqomida qolayotgan amaldorlar ham chetlab o’tilmagan.

“Jurnalistik faoliyatimiz davomida, ayniqsa, Karimov rejimi davrida bir necha bor turli tahdidlarga nishon bo’lganmiz, bizga nisbatan turli aybnomalar uyushtirilgan. Ammo hatto Karimov davrida ham jurnalist tanqidi uchun uning mol-mulki, uy-joyini tortib olishga jazm qilishmagan edi”, - deydi Qudrat Bobojon.

Ayni paytda musodara qarori ustidan shikoyat arizasi kiritilgan. Urganch tuman sudi jurnalistlar mulkining musodara qilinishiga doir mahkamani qayta ko’rib chiqishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG