Breaking News

Urganchda Bobojonovlarga tegishli uy-joy musodara qilinmoqda


Urganch tuman fuqarolik sudi siyosiy muhojirlikda yashayotgan jurnalistlar, Bobojonovlar oilasiga tegishli ko‘chmas mulkni davlat hisobiga o’tkazish haqida ajrim chiqargan.

Bobojonovlar: Musodara qarori asossiz, uyimiz qarovsiz emas
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:27 0:00

Sud bu ishni Urganch tuman hokimiyatining mazkur turar joylarning qarovsiz va egasiz qolgani haqidagi arizasiga muvofiq ko’rib chiqqan. “Ozodlik” radiosi jurnalisti Shuhrat Bobojonga ko’ra, uyning qarovsizligi haqidagi ariza asossiz, hokimiyatning qarori esa uning va ukalarining jurnalistik faoliyati bilan bog’liq.

Fuqarolik sudining ko’chmas mulk bo’yicha majlisi shu yilning yanvar oyida o’tgan, ammo yaqinga kelibgina qaror jurnalistning Xorazmda yashayotgan ukasi G’ayrat Bobojonovga taqdim etilgan.

Ajrimda Qorovul qishlog’i, Allaberganov ko’chasi 11-uyda joylashgan turar joy Urganch hokimligi balansiga o’tkazilsin, deyiladi. Shuningdek, bu uyda hech kim yashamasligi, ro’yxatda turmasligi, qarovsiz holdaligi, egalik huquqi belgilanmagani va davlat ro’yxatidan o’tkazilmagani ko’rsatilgan.

Shvetsiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan jurnalist, “Eltuz.com” nashri muharriri Qudrat Bobojonga ko’ra, bu manzildagi uy unga va ukasi G’ayrat Bobojonovga tegishli.

“Ajrimda bu uyni egasiz deb yozilgan, ammo uy egasiz emas. Katta hovli, pishiq g’ishtdan qurilgan, devor bilan o’ralgan, egasiz emas. Bu hovlida ikkita uy joylashgan, ajrim ukam G’ayratni nomiga kelgan. Ukam bilan mening uyim bitta uchastkada. Gaz, elektr o’tkazilgan, suvoqdan chiqqan, ikki qavatli uy. Faqat mening uyimni bir qavati ko’tarilgan. Ajrim ukamga kelgan, ular nima qilishmoqchi, bizni haydab chiqarishmoqchimi, qasd olishmoqchimi, hozircha tagiga yetmadik. Chamamda tuman hokimligini o’zi qandaydir o’yinlarni boshlab qo’ygan. Uyni go’yoki qarovsiz qolgan deyishmoqda, aslida u yerda ukam bolalari bilan yashayapti. Meni nabiralarim bor, biz hali o’lib ketganimiz yo’q, Shvetsiyadamiz, xabar qilingani yo’q. Bu yer uchastkasi bizga hokimlik tomonidan 1992-yilda berilgan edi, o’shanda qurilishni boshlab ko’targan edik”, - deydi Qudrat Bobojon.

Qudrat Bobojon farzandlari bilan, 2005-yil
Qudrat Bobojon farzandlari bilan, 2005-yil

Hokimiyat arizasiga ko’ra, tumandagi yana bir uy-joy Bobojonovlarning kattasi, “Ozodlik” radiosi jurnalisti Shuhrat Bobojonga tegishli uy ham xuddi shu sabablar, qarovsiz qolgani, egasizligi uchun davlat hisobiga o’tkazilmoqda.

Shuhrat Bobojonga ko’ra, jurnalistlarga tegishli uyni, xususiy mulkni mahalliy hokimiyat arizasiga ko’ra davlat hisobiga o’tkazilayotganini kasbiy faoliyatga bog’lamaslik qiyin.

“Menga oid xususiy mulkni, o’qituvchi bo’lib ishlagan paytlarimda ijroqo’mni qarori bilan berilgan uchastkani qarovsiz qoldi degan bahona bilan tortib olishyapti. Ukam G’ayrat Bobojonov, u ham paxtadagi majburiy mehnatga doir maqolalar qilgan, buning ortidan chiqish vizasidan mahrum qilingan edi. Uning uyini ham hech kim yashamaydi degan ro’kach bilan tortib olishmoqchi, bo’lmasa o'sha uyda to’y qilgan, kelin tushirgan, bolalari bilan yashayotgan edi. Bundan tashqari ukam Qudrat Bobojonga tegishli uyni ham musodara qilish haqida qaror chiqarishgan. Men jurnalistman, kasbim faoliyati davomida viloyatdagi amaldorlar, hokimiyat ham tanqid ostiga olinadi. Ukam Qudrat ham shunday jurnalistika bilan shug’ullanadi, G’ayrat esa paxta kampaniyasidagi reportajlari uchun taqiqqa uchragan edi. Demak, bu mahalliy mulozimlarning jurnalistlarni qo’rqitishga, tahdid ko’rsatishga qaratilgan mexanizmi, degan xulosa chiqmoqda”, - deydi Shuhrat Bobojon.

Bobojonovlar bir necha yillar avval tazyiqlar bois O’zbekistonni tark etishgan. Shundan buyon xorijda yashab, jurnalistika faoliyati bilan shug’ullanib kelishadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG