Breaking News

Amerikadagi turkistonliklar jamiyati bugun nimalar bilan band?


Amerikadagi turkistonliklar jamiyatiga nazar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:30 0:00

1958-yilda tashkil etilgan turkistonlik amerikaliklar jamiyati bir necha avlod muhojirlar boshini qovushtirib keladi. Jamiyat a'zolarining asosiy qismini o'zbeklar tashkil etadi. Avval Bruklinda faoliyat ko'rsatib kelgan mazkur jamiyat 11 yil oldin Nyu-Jersining Dover shahriga ko'chib o'tgan. 2007-yil tashkilot Doverning ko'rkam go'shasida o'zining 3 qavatli binosini sotib oladi va ushbu markaz hamon jamiyat a'zolari to'planadigan asosiy joy.

Yaqinda “Amerika Ovozi” muxbiri ushbu markazda bo'ldi, 60 yillik tarixga ega jamiyatning bugungi tashvishlari, oldilariga qo'ygan maqsad va vazifalari borasida jamiyat raisi Abdulla Xo'ja bilan suhbatlashdi.

Nyu-Jersi shtati Dover shahrining markaziy ko'chalaridan birida joylashgan bu bino Amerikadagi o'zbeklar uchun qadrdon joy. U turli yillarda Markaziy Osiyodan kelgan o'zbek muhojirlari boshini qovushtirib kelayotgan nodavlat “Turkiston-Amerika uyushmasi” binosi. Tashkilot 60 yillik tarixga ega.

“Turkiston-Amerika uyushmasi”ga Ikkinchi jahon urushidan so'ng AQShga ko'chib kelgan o'zbek muhojirlarning birinchi to'lqini asos solgan” - deydi tashkilot prezidenti Abdulla Xo'ja.

“Ikkinchi to'lqin 60-yillardan keyin Turkiyadan kelgan vatandoshlar bo'lsa, uchinchisi 70-yillarda Afg'oniston, Pokistondan ko'chib kelgan yurtdoshlardan iborat ” - deydi suhbatdoshimiz.

“Undan keyin esa 90-yillarda kelganlar bor, O'zbekiston mustaqil bo'lgach yurtdoshlarimiz yana kela boshladilar. Undan oldin kelolmasdilar. Chiqishga ruxsat yo'q edi. Hozir bizning jamiyatda hammasidan bor. Dunyoning har burchagidan kelgan o'zbeklar, hamshaharlar safimizda bor. Yangi kelganlar ham kelib jamiyatga a'zo bo'laman, hamkorlik qilaman desa ular uchun bizning darvozamiz ham, ko'nglimiz ham ochiq” - deydi Abdulla Xo'ja.

“Bizda yangi kelgan, yoki oldin kelgan degan gaplar yo'q” - deydi uyushma rahbari.

2004- yildan buyon qayta-qayta saylanayotgan jamiyat prezidenti tashkilot vatandoshlarga Amerikada o'rnashishlari qatori yangi vatanlarida o'zliklarini yo'qotmasliklariga xizmat qilayotganiga ishonadi.

“Har bir odam o'z madaniyati, urf-odatlarini saqlashi kerak. Bizning o'z yurtimizdan chiqib ketganimizga 70 yil bo'lgan bo'lsa-da, o'z urf-odatimizni saqlab qolganmiz. Biz hatto O'zbekistonda tug'ilmaganmiz. Shunga qaramasdan ona tilimizni saqladik. O'zimizning milliy kunlarimizni nishonlaymiz. Ona yurt hissi muqaddas, uni asrash kerak. Ba'zilar bor, kelib pul topib, dollar ishlab o'zlarini yo'qotishayapti. Hammasini yo'qotgach, hayot shu ekan deydi. Ustiga o'lim kelganda, bir qiyinchilikka uchraganda esa bizlarga dod-faryodlarini to'kib sochishadi. Shuni tushunish lozim, jamiyatdan ajralmaslik, o'zaro yaqin bo'lish kerak. O'z jamiyatidan qancha uzoqlashsa odam o'zligini shuncha tez yo'qotishi hech gap emas. Jamiyatga, jamoatga qo'shilib tursa o'ziga foyda bo'ladi” – deya tushuntiradi Abdulla Xo'ja.

Tashkilot maqsadini anglagan ota-onalar bu yerga avval o'zlari, so'ng farzandlarini yetaklab keladi.

“4-5 yildan buyon bu yoqqa kelib turamiz. Yangi yil, hayitlarga kelamiz. Bir xil vaqtlar o'zimiz, ba'zan ota-onalarimiz bilan birga kelamiz. Kichkinaligimda ko'proq ota-onam bilan birga kelardim. Hozir ko'pincha ukam bilan birga kelib turaman” - deydi Farhod Hikmatov.

Yangi to'lqindagi o'zbekistonlik muhojirlar oilasi farzandi 21 yashar Farhod Hikmatov o'z xalqi qadriyatini, hatto o'zbekona choy quyish odobini ham shu yerda o'rganganini aytadi. Ammo, u ana shu to'garaklar endi yo'qolganidan tashvishda.

“O'ylayman yaxshi joy, avvallari dam olish kunlari yosh bolalarga madaniyatimiz, o'zbekchilikni shu yerda o'rgatardilar. Lekin hozir shular yo'q bo'lib qoldi” – deya afsuslanadi Farhod Hikmatov.

Tashkilot rahbari bunday muammo mutaxassislar yetishmovchiligidan kelib chiqayotganini aytadi. Uning yechimini topishda esa O'zbekistonni hamkorlikka chorlayapti.

“Bizda dars beradigan, usta va haqiqiy muallimlar yo'q. Tilni, dinni o'rgatadigan. O'zbekiston ham bu masalada bizga yordam bersa ko'p yaxshi bo'lardi. Ya'ni muallim yuborib turishsa. Tillarni o'rgatadigan, tarixni biladigan mutaxassislarni. Bundan keyin diniy savodxonlik ham juda muhim. Bu masalada takror-takror gaplashayapmiz, domlalar ham zarur, ma'lumoti kuchli domlalarni yuborish kerak bu yerga. Ko'rayapsizlar-ku, Bruklinda yoshlar har xil masjidlarga borib yo'ldan chiqib ketib boshqa yo'llarni tanlashayapti. Shunga O'zbekistondan ma'lumoti kuchli domlalar yuborilsa yaxshi bo'lardi” - deydi Abdulla Xo'ja.

Tashkilotning yana boshqa maqsadi O'zbekiston xalqi madaniyati bilan amerikaliklarni tanishtirish, shu orqali AQSh va O'zbekiston o'rtasida aloqalarini yanada mustahkamlash. Tashkilot rahbari buning uddasidan chiqayotganini ta'kidlaydi jamiyat a'zosi Abdurahim To’ra. “Shukronalik kuni” kabi Amerika bayramlarini har yili jamiyat markazida mahalliy xalq bilan birga nishonlanishi bunga bir misol.

“Abdullajonga rahmat, 10 yildan buyon saxovatli ishlar qilayapti. Shunday amerikaliklar ham bor ekan, bir yil qarab turar ekan, qachon o'zbekcha oshni yeyman deb. O'rgatib qo'yibdi Abdullajon” - deydi Abdurahim To’ra.

Katta tadbirlar o'tkazish oralig'ida tashkilot jamiyat va o'z a'zolarining kundalik tashvishlarini ham yoddan chiqarmaydi. Bino uchun bankdan olingan qarzni qaytarish, avtohalokatga tushib o'lim bilan olishayotgan o'zbekistonlik talaba qiz oilasiga qiyin kunlarida dalda bo'lish, ko'hna Turkistonning asl tarixini yangi avlodlarga ham yetkazishga ulgurish - bular Abdulla Xo'janing shu kunlarda o'y-xayolidagi yumushlarning ayrimlari.

O'tgan davr davomida Amerikadagi o'zbekistonliklarning keksa tashkiloti vazifalari o'zgarmagan, birgina ota yurt ozodligi uchun yurishlar o'rnini endi vatan bilan aloqalarni mustahkamlash egallagan, xolos.

Turkiston-Amerika jamiyatining 50 yillik tantanalari (arxivdan):

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG