Breaking News

Afg'onistondan askarlarning chiqarilishi: tanganing narigi tarafi


AQShning Afg'onistonda tinchlik o'rnatish bo'yicha maxsus elchisi Zalmay Xalilzod
AQShning Afg'onistonda tinchlik o'rnatish bo'yicha maxsus elchisi Zalmay Xalilzod

Afg’oniston bo’yicha AQSning siyosiy pozitsiyasini belgilagan sobiq diplomatlar Trampning bu mamlakatdan minglab qo’shinlarni chiqarish to’g’risidagi qarorini tanqid qilmoqda. Ularning aytishicha, Amerika qo’shinlarining qisqarishi maxsus elchi Zalmay Xalilzodning Tolibon bilan tinchlik sulhini tuzish vazifasini qiyinlashtiradi.

Prezident Tramp Amerika qo’shinlari Suriyadan chiqishini ma’lum qilishidan ko'p o’tmay Afg’onistondagi 14 ming kishilik qo’shin ham deyarli teng yarmiga qisqartirilishini e’lon qildi. Ikki qaror ko’pchilikni, jumladan, AQSh tashqi siyosati uchun mas’ul rasmiylarni ham ajablantirdi.

Shaxsini ma’lum qilishni istamagan sobiq diplomatning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Afg’onistonda Amerika qo’shinlarini qisqartirish qaroriga Xalilzod ta’sir ko’rsatgan. Chunki Tolibon uzoq yillardan beri Amerika harbiylari mamlakatdan chiqib ketishini talab qilib kelayotgan edi.

“Muammo shundaki, qo’shinlarning qisqartirilishi tinchlik sulhini tuzish sharti bilan amalga oshirilishi kerak edi. Afsuski, amalda bunday emas. Qarorning harbiy va siyosiy oqibatlarini hisobga olish lozim. Afg’oniston hukumati qarordan xursand emas. Ular o'zlarini elchi Xalilzod tomonidan sotilgandek his qilmoqda”, - deydi sobiq diplomat.

Janubiy va Markaziy Osiyo mintaqasi bo’yicha davlat kotibining sobiq o’rinbosari elchi Richard Baucherning ma’lum qilishicha, Afg’onistonda qo’shinlarni qisqartirish strategik emas, balki siyosiy qaror.

Sobiq elchi Robin Rafel ham yuqoridagi qarashni qo’llab-quvvatlaydi. Unga ko’ra, qo’shinlarning qisqarishi Xalilzod jamoasiga qo’shimcha mas’uliyat yuklaydi. U tinchlik sulhini tuzish bilan birga Amerikaning mazkur mintaqada ishonchli ittifoqchi sifatidagi nufuzini ham saqlab qolish uchun kurashishi lozim.

“Aks holda, Tolibon hamda AQSning Afg’onistondagi operatsiyalarini jiddiy maqsadlardan xoli deb biladigan Pokston kabi qo’shni mamlakatlar Tramp qarorini o’zgacha talqin qiladi”, - deydi Rafel.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG