Breaking News

Тramp va demokratlar: Devor sabab hukumat hamon yopiq


Oq uy, Vashington, 8-yanvar, 2019
Oq uy, Vashington, 8-yanvar, 2019

Amerika hukumati byudjet ma'qullanmagani bois ishdan to'xtab qolganidan 17 kun o'tib, Prezident Donald Tramp Oq uydagi ofisidan turib, xalqqa murojaat qildi. Muddao nima? Devor.

Meksika bilan chegarada devor qurish uchun "yetarli mablag' ajratilmas ekan, Kongress bilan murosa qilinmaydi", dedi prezident. Oq uy shu maqsadda 5,7 milliard dollar talab qilmoqda.

"Muammo 45 minutlik muzokara bilan hal etilishi mumkin, biroq demokratlar ko'nmayapti", - dedi prezident.

Devordan tashqari prezident 750 yangi chegarachi, huquq-tartibot uchun 2000 yangi xodim, 52 ming hujjatsiz muhojir uchun vaqtincha turar joy va ular bilan bog'liq inshootlar uchun mablag' so'ramoqda.

Uning tasvirlashicha, chegarada kun sayin inqiroz avj olib, mamlakat tinchligiga tahdid solmoqda. Har kuni minglab noqonuniy migrantlar ushlanadi va ularning ishini ko'rib chiqish uchun resurs yo'q, deydi prezident. Ahvolni tuzatishning samarali yo'li - yangi devor qurish, mustahkam to'siq o'rnatish, deydi Tramp.

Unga ko'ra, chegaradan faqat hujjatsiz muhojirlar emas, terroristlar va ulkan miqdorda qoradori ham o'tmoqda. Jinoyat ko'lami kengaymoqda, amerikaliklar qirilmoqda, jamiyat mislsiz zarar ko'rmoqda.

"Bu - Amerika uchun mislsiz moddiy va ruhiy zarba, har kuni".

Biroq ommaviy axborot vositalari, shuningdek, hukumatning tegishli organlari ham chegaradagi vaziyatni inqirozli deb baholamaydi.

Hujjatsiz migrantlar o'tishga harakat qiladi. Jinoiy guruhlar faoliyat yuritadi. Huquqbuzarlik va qonunbuzarlik hollari kuzatiladi. Lekin prezident aytganidek fojiali darajada emas, deydi ahvol bilan tanish mutaxassislar va mutasaddilar, jumladan Texas va Arizona singari chegaradagi shtatlarning rasmiylari. Holat aslida oldingiga qaraganda bugun kuchliroq nazorat ostida ekani qayd etiladi.

Spiker Nensi Pelosi va Senatda demokratlar lideri Chak Shumer, Kapitoliy, 8-yanvar, 2019
Spiker Nensi Pelosi va Senatda demokratlar lideri Chak Shumer, Kapitoliy, 8-yanvar, 2019

Demokratlar Trampni favqulodda holat e'lon qilib, devor qurish uchun bahona topishga bel bog'laganlikda ayblaydi. Biroq prezident hozircha bu yo'ldan bormayapti. Borsa, harbiylar devor qurishga jalb etilishi mumkin.

Vakillar palatasida hukmron demokratlar prezidentga devor uchun mablag' bermoqchi emas. Chegara xavfsizligi uchun pul ajratiladi va Oq uy shu bilan qoniqsin, deydi spiker Nensi Pelosi. Uning partiyasi Trampga prezidentlik va'dasii bajarish uchun imkon berishni istamaydi. Oq uy uchun kurashda Tramp "devor quramiz" deya so'z bergan.

Hukumat qachon ochiladi?
Hukumat qachon ochiladi?

Demokrak liderlardan biri Steni Hoyer deydiki, AQShga hech kim bostirib kirayotgani yo'q.

"Chegarada vaziyat inqirozli deyishga asos yo'q. Favqulodda xavfning o'zi yo'q",- deya kongressmen prezidentni yolg'onchilikda ayblaydi.

Respublikachilar orasida ham Tramp siyosatiga qarshilar talay. Texas shtatidan kongressmen Mark Tornberri deydiki, chegara xavfsizligi bilan shug'ullanadigan organlar bor. Harbiylarni jarayonga jalb etish noo'rin bo'ladi, deydi u.

Vitse-prezident Mayk Pens ham prezident singari "inqirozli ahvol" xususida tez-tez gapirar ekan, unga nisbatan ham ishonch so'nib bormoqda, deydi siyosiy sharhlovchilar.

Hukumat ishdan to'xtab qolgani bois jabr ko'rayotgan xalq manfaatini o'ylash o'rniga prezident safsatabozlik bilan band, deydi demokrat senator Chak Shumer Oq uyda yangragan bugungi bayonotga munosabat bildirar ekan.

Shumer va Pelosi prezidentni ataylab murosa qilmayotganlikda qoralab, Tramp nafaqat hozirgi holat, balki o'tmish haqida ham uydirma gaplar aytmoqda, deydi. Gap bu yerda Trampning aynan "oldingi prezidentlar menga devor qurish zarurati haqida gapirgan" degan iddaolari haqida ketmoqda. Hozirda hayot to'rt sobiq prezidentning birortasi bunday demaganini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG