Breaking News

Meksikada Amerika tomon yo'nalgan yangi migrantlar karvoni


Migrantlar bilagiga maxsus bog’ich taqilmoqda. Bog’ich oqim hajmini nazorat qilishga xizmat qiladi. Meksika. 17-yanvar, 2019
Migrantlar bilagiga maxsus bog’ich taqilmoqda. Bog’ich oqim hajmini nazorat qilishga xizmat qiladi. Meksika. 17-yanvar, 2019

Markaziy Amerikadan minglab migrantlar Meksika janubiga yetib kelgan. Ular Gonduras, Salvador, Gvatemala va Nikaragua fuqarolaridir. Meksika Milliy migratsiya instituti ma’lumotlariga ko’ra, chegaradan jami 969 migrant o’tgan.

Muhojirlarning yangi karvoni Amerikada immigratsiya siyosati bo’yicha ketayotgan bahslarni keskinlashtirmoqda. Voqelik Meksika bilan chegaraga devor o’rnatish zaruriyatini asoslashga xizmat qiladi.

Meksika Prezidenti Andres Manuel Lopez Obrador masalaga gumanitar yondashuv lozim deb biladi. Obrador migrantlar oqimini to’xtatish uchun ish o’rinlarini taklif etmoqchi. Evaziga Trampdan mintaqaning iqtisodiy rivojlanishini tezlashtirishga ko’mak berishini so’ramoqda.

Amerikada to’rt haftadan beri hukumat faoliyati qisman to’xtatilgan. Prezident Donald Tramp AQSh-Meksika chegarasida devor qurish uchun 5,7 milliard dollar talab qilmoqda. Demokratlar bunga keskin qarshi. Ular 1,3 milliard dollar ajratish tarafdori.

Meksikaga kirgan migrantlar bilagiga maxsus bog’ich taqilmoqda. Bog’ich oqim hajmini nazorat qilishga xizmat qiladi. Migrantlar davlat organlarida ro’yxatga olingunga qadar ana shunday yurishga majbur.

“Ro’yxatga olingach, belgilangan talablarga javob berganlarga gumanitar viza beriladi. Ular Meksikada ishlashi yoki Amerikadan boshpana so’rashi mumkin”, - deydi Meksika Immigratsiya xizmati rasmiylaridan Ana Laura Martinez de Lara.

“Meksikaga kirgan migrantlar tartib-qoidalarga to’liq rioya qilmoqda. Namoyish va tartibsizlik kuzatilmagan. Meksikada qolib ishlamoqchi bo’lganlar ham bor”, - deydi u.

Martinez de Lara Gvatemaladan yana 700 nafar migrant Meksikaga kirish arafasida ekanini aytdi. Meksikaga noqonuniy o’tish hollari bo’yicha ma’lumot yo’q.

Meksika Tashqi ishlar vaziri Marselo Ebrard AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan uchrashishi kutilmoqda. Vazir migratsiyani nazorat qilish taklifini muhokama qilishni rejalagan. Vazirlik vakilining aytishicha, uchrashuv sanasi ma’lum emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG