Breaking News

AQSh qo'shinlari Suriyadan chiqsa, nimalarni kutish mumkin?


Qadrsizlanib borayotgan Suriya lirasi
Qadrsizlanib borayotgan Suriya lirasi

The Wall Street Journal” nashrining ma’lum qilishicha, Suriya Demokratik kuchlari (SDK) o’z nazoratidagi hududlarda neft savdosini yo’lga qo’ygan. AQShning kurdlardan iborat ittifoqchisi sanalgan SDK Vashingtonning iqtisodiy sanksiyalarini chetlab o’tmoqda.

AQSh qo’shinlarining Suriyani joriy yil aprelida tark etishi kutilmoqda. Suriya hukumati va kurdlar muxtoriyatning ehtimoliy shartlarini muhokama qilmoqda. Arab manbalariga ko’ra, neft resurslari muzokaralar markazida turgan masala hisoblanadi.

Tomonlar o’rtasidagi muzokaralar yanvar oyining o’rtalaridan boshlangan. Damashq va Rossiya havo bazasida o’tgan uchrashuvlarda Suriya hukumati rasmiylari qatorida razvedka xizmati raisi Ali Mamluk ham ishtirok etgan.

Suriya hukumati mamlakatning shimoli-sharqidagi kurdlar nazorat qilayotgan neft konlari masalasida tortishmoqda. Kurdlar o’z ona tilida ta’lim olish talabi bilan chiqqan. Damashq buni inkor etmoqda.

“The Wall Street Journal” nashriga ko’ra, hukumatga qarashli “Qatirji group” kompaniyasi SDK neftini xarid qilib, mahalliy hududlarni yoqilg’i bilan ta’minlamoqda. Kompaniya rahbariga AQSh tomonidan iqtisodiy sanksiya joriy qilingan.

Parij universiteti professori Xattar Abu Diabning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, neft savdosi asosan qora bozor kelishuvi asosida amalga oshiriladi. Jumladan, “Islomiy davlat” ham o’z vaqtida ana shu hudud yoqilg’isini Suriya hukumatiga sotgan.

Abu Diabga ko’ra, AQSh kuchlarining Suriyadan chiqishi arafasida tomonlar o’zaro munosabatlardagi muvozanat bo’shlig’ini to’ldirishga harakat qilmoqda. Joriy vaziyatda Turkiya ikki qarama-qarshi taraf – AQSh va Rossiya bilan muzokaralarga kirishgan. Tahlikali jarayonda kurdlar AQSh va Suriya hukumati bilan muloqot qilmoqda.

Bayrutdagi Amerika universitetining siyosatshunos olimi Hilol Hasan vaziyatni shunday sharhlaydi:

“Suriya urushi chetdan sahnalashtirilgan urush. Tomonlar boshqa kuchlar nomidan urushmoqda. Kurdlarga pul kerak. Ular yoqilg’i uchun pulni Suriya hukumatidan ololmasa, AQShdan olishi mumkin. AQSh uchun ham hech qanday mafkuraviy muammo yo’q. Siyosat pragmatizmga asoslangan. Assad ham neftni kurdlardan ololmasa, boshqa manbalardan olaveradi”.

Livanning sobiq moliya vaziri iqtisodchi Jorj Kormning “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, kurdlar Suriya hukumati bilan til topishishdan manfaatdor. Turkiyaning Suriya shimolida xavfsiz hudud joriy qilish rejasi kurdlarni xavotiga solgan.

“Suriyani iqtisodiy qudratga ega Xitoy, Rossiya va Eron kabi davlatlar dastaklamoqda. AQShning iqtisodiy sanksiyalari Suriya hukumatiga jiddiy ta’sir ko’rsatmaydi. Suriya iqtisodi avvaldan ichki manbalarga tayangan, tashqi dunyoga qaram bo’lmagan”, - deydi Korm.

Biroq arab OAVda ma’lum qilinishicha, Suriya lirasining AQSh dollariga nisbatan qiymati sezilarli darajada tushib ketgan. Qora bozorda bir dollar 600-700 Suriya lirasiga teng kelgan. Iqtisodiy muammolar kuchaygan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG