Breaking News

Meksika chegarasida minglab migrant AQShga kirish ilinjida


Xalqaro hayot: AQSh chegarasiga to'planayotgan migrantlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00

Siyosiy boshpana so'rab AQShning janubiy chegarasiga minglab odam kelgan. Ular Meksika tomonda hujjatlari bir yoqli bo'lishini kutib o'tiribdi.

Avtobus, mashinada yoki piyoda kelayotganlar bor.

Tixuana shahrida migrantlar vaqtinchalik boshpanalarda kun kechirmoqda.

"Vaziyat juda yomon. Ish yo'q. Zo'ravonlik ko'p. Ko'chalarda bemalol yura olmaysiz", - deydi AQShdan boshpana istayotgan migrantlardan biri.

Bu yerga kelayotganlarning aksariyati vatanidagi zo'ravonlikdan qochmoqda. 19 yoshli meksikalik Jorj onasi va boshqa oila a'zolari bilan kelgan.

"14 yil oldin bobomning ukasini va o'g'lini o'ldirishgan. Shundan beri haligacha bizning ortimizdan yurishadi", - deydi u.

Uning aytishicha, narkojinoyatchilar keyinroq bobosini ham o'ldirishgan. Bu kabi tahdid bilan yuzlashganlar oz emas.

"Uyushgan jinoiy guruhlar yo'l bo'yi ularni tinch qo'ymaydi. Biz depressiya, stress va ruhiy bezovtalikka uchragan bemorlarni ko'ryapmiz", - deydi Chegara bilmas shifokorlar vakili Gordon Finkbeyner.

Hammaning holati har-xil. Gonduraslik ayolning AQSh fuqaroligiga ega 12 yoshli farzandi bor.

Mana bu odam meksikalik, lekin Texasda ulg'aygan. U deportatsiya qilingach, Meksikadagi kartellar qo'lida o'lishiga bir bahya qolganini aytadi.

"46 yilik butun umrim u yerda o'tdi. Amerika fuqarosiga uylanganman. To'rt amerikalik o'g'lim, bir amerikalik qizim va 16 ta nabiram bor", - deydi u.

AQShda boshpana olish uchun ular ishonarli tazyiq va tahdidga uchragan bo'lishi lozim.

Amerikaga bu kabi arz bilan kelganlar soni yuzlab mingni tashkil etadi.

"Inshootlar, odam saqlash markazlaridagi joylar vaqtinchalik. Immigratsiya idorasining ishi boshidan oshib yotibdi. Ishlarni samarali va tez ko'rib chiqish uchun sudyalari yetishmaydi", - deydi chegaradagi xodimlardan biri.

Meksika hukumati Markaziy Amerikadan kelayotgan muhojirlarga vaqtinchalik hujjat bergan. Ularga yordam berayotgan ko'ngillilar AQSh tomonining sustligidan norozi.

"Bu ulkan byurokratiyani yorib o'tishga kuchimiz yetmaydi. Biz ularga faqat sabr qilishni ayta olamiz, xolos", - deydi Karlos ismli ko'ngilli.

So'nggi manzilga bir qadam qolgan, ammo ungacha oldinda hali to'siqlar ko'p.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG