Breaking News

Tramp favqulodda holat e'lon qildi


Oq uy, 15-fevral, 2019

Prezident Donald Tramp Meksika bilan chegarada o'zi xohlagan devorni qurish uchun Kongress bermayotgan mablag'ni favqulodda holat e'lon qilib olmoqchi. Bugun u Oq uydan shuni bayon etdi.

Prezident deydiki, janubiy chegarada vaziyat tahlikali, har kuni minglab hujjatsiz muhojirlar, ular qatorida jinoyatchilar, kirib kelmoqda. Muammoni baland va mustahkam devor hal qiladi, deydi u.

Janubiy Amerikadan migrantlar karvonini cheklash uchun keskin choralar ko'rish payti keldi va Vashington masalaga ortiq ko'z yuma olmaydi, deydi Tramp.

Biroq Kongress nazarida noqonuniy immigratsiyaga qarshi va chegara xavfsizligi uchun milliardlab dollar ajratilgan, ahvol oldingi yillarga qaraganda ancha yaxshi va vaziyat fojiali emas.

Nimaga qancha sarflashni qonunchilar hal etadi, byudjetni tasdiqlash vakolati Kongressniki, deydi vakillar.

Tramp saylov davrida bergan va'dasini bajarish uchun vakolatidan chiqayotgan bo'lishi mumkin. Qonunchilar yoki fuqarolar uni sudga berishga haqli va yaqin kunlarda bu borada muayyan qadamlar tashlanishi kutilmoqda. Oq uy bu ehtimolga tayyor ekanini bildirgan.

Amerika tarixida oldin bunday holat kuzatilmagan. Oliy sud favqulodda holat "asossiz e'lon qilingan", degan da'volarni ko'rib chiqishi juda qiziq bo'ladi", deydi tahlilchilar.

Demokratlar lideri, Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi fikricha, Prezident Tramp asossiz qarorlar qilmoqda va buning uchun javob berishi kerak
Demokratlar lideri, Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi fikricha, Prezident Tramp asossiz qarorlar qilmoqda va buning uchun javob berishi kerak

​2018-yilning oxiri, 2019-yil boshida ​Trampning devor talabi bois hukumat 35 kun ishdan to'xtab qoldi. Kongress hozir bu yilgi byudjet yuzasidan kelishib olgan va tasdiqlagan. Biroq unda devor uchun mablag' yo'q.

Hukumat yana yopilib qolmasligi uchun Tramp qonunchilar ma'qullagan byudjetni qabul qilishga majbur, lekin favqulodda holat e'lon qilib, tabiiy ofatlarga ajratiladigan moliyani devor uchun ishlatmoqchi.

Tramp devor uchun 5,7 milliard dollar so'ragan edi, lekin chegaraning ayrim qismlarida to'siqlarni yangilash va tuzatish uchun 1,4 milliard dollar ajratilmoqda xolos.

Aslida, deya eslatmoqda Oq uy, mustahkam devor uchun 8 milliard dollar zarur.

Kongressdagi demokratlar va ko'plab respublikachilar fikricha ham aslida devorga umuman hojat yo'q. Devor noqonuniy immigratsiyaga qarshi samarali chora emas, deydi ular.

Spiker Pelosi va Senatda demokratlar sardori Chak Shumer Prezident Trampni bosh qomusni buzayotganlikda ayblamoqda. Alamzada prezident vakolatlarini unutyapti, deydi ular.

Byudjet qabul qilinishi, prezidentning bunday keskin qadamlar tashlashi respublikachilar uchun mag'lubiyat, deydi siyosatdonlar, 2020-yilgi saylovlar oldidan xalq ko'ziga salbiy ko'rinadigan holatlar.

Prezident esa "xalq men tomonda" deydi. Ommaviy so'rovlar buni aks ettirmaydi. Chegarada vaziyat Tramp iddao qilayotganidek qo'rqinchli ekanini isbotlovchi dalillar yo'q. Chegara xizmatining o'zi ham hamma narsa nazorat ostida, deb qayd etmoqda.

Agar chegaradagi bugungi ahvol fojiali ekani da'vo qilinib favqulodda holat e'lon qilinsa, unda Amerikadagi ko'plab muammolar yuzasidan ham shunday qilish mumkin. Mana shu ehtimol Oq uy qarorini shubha ostiga qo'yib, prezidentga ishonchni yanada yemiradi, deydi Pol Shiff Berman, Jorj Vashington Universiteti professori.

Tramp sudlanishga tayyor. Federal sud ishni ko'rib chiqadi, Oq uyni aybdor deb topadi va masala pirovardida Oliy sudga oshiriladi.

"U yerda balki yutarmiz",- deydi prezident.

AQSh-Meksika chegarasi, Kaliforniya shtati
AQSh-Meksika chegarasi, Kaliforniya shtati

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG