Breaking News

AQSh fazo kuchlarini tashkil etish arafasida


Prezident Donald Tramp fazo kuchlarini tashkil etishga doir hujjatni imzoladi. Oq uy, 19-fevral, 2019

AQSh Prezidenti Donald Tramp 19-fevral kuni fazo kuchlarini tashkil etishga doir ko’rsatma berdi.

Hujjatda yangi harbiy xizmat AQShning fazodagi manfaatlarini himoya qilishi va tahdidlarga qarshi kurashishi nazarda tutilgan.

Ayrim raqib davlatlar fazodagi imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Favqulodda vaziyat va nizolar sharoitida AQSh fazodan foydalanishiga to’sqinlik qilish uchun faol harakat boshlangan, deyiladi hujjatda.

Pentagonning razvedka agentligi o’tgan hafta Xitoy va Rossiyaning harbiy fazo kemalari, energetik qurollar va maxsus kuzatuv tizimini yaratgani haqida axborot bergan.

Raketa hujumlaridan himoyalanish bo’yicha 2019-yilgi dasturda ham yuqoridagi tahdidlar inobatga olingan. Unda Shimoliy Koreya kabi davlatlarning ehtimoliy hujumlariga tayyor turish maqsadida fazoda raketa mudofaasini tashkil etish rejalangan.

Rasmiylarga ko’ra, fazo kuchlari kosmik xavfsizlikka ixtisoslashgan qo’shin tuzib, uni zarur jihozlar bilan ta’minlaydi. Fazo qo’mondonligi harbiy operatsiyalarni tashkil etish va mudofaa kuchlarini boshqarishga mas’ul bo’ladi.

Hujjatda Pentagondan 180 kun ichida fazo kuchlari byudjetini tasdiqlash va 90 kun ichida fazo qo’mondonligining operativ vakolatlariga o’zgartirishlar kiritish buyurilgan.

Mudofaa vazirligining “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, Kongressga yaqin orada maxsus reja taqdim etiladi. Fazo kuchlarining ilk besh yildagi yillik xarajati 73 million dollarni tashkil etishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG