Breaking News

AQSh sotsializm yo'lidan yuradimi?


O'zini demokrat-sotsialist deb atayotgan Berni Sanders

AQShda sotsializm atamasi uzoq yillardan buyon qora bo’yoq bilan ta’riflab kelingan tushuncha. Sotsializm siyosiy-iqtisodiy tuzum emas, balki dahshatli yot g’oya sifatida talqin etilgan.

Odatda, sotsializmga sanoat mahsulotlariga davlat egaligi, kommunizm va totalitar tuzum sifatida ta'rif berilgan. Sotsialistik partiyalarni aholi qo’llab-quvvatlamagan. Sotsialistlar nufuzi bir qadar ortgan 1920-yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok sotsialist Yujin Debs bor-yo’g’i 915 mingga yaqin ovoz olishga muvaffaq bo’lgan.

Biroq so’nggi so’rovlar natijasiga ko’ra, sotsialistik g’oyalar AQShda ommalashib bormoqda. Jumladan, 2020-yilda o’tishi kutilayotgan prezidentlk saylovlari uchun nomzod demokratlarning iqtisodiy, ijtimoiy va soliqqa oid siyosatida sotsialistik yondashuvlar ko'zga tashlanmoqda.

“Shunday bir noxush vaziyat hukmronki, Amerikaday boy mamlakat aholisi eng zarur ehtiyoj va talablarini qondirishga qiynaladi. Jamiyatda Amazon egasi Jeff Bezos kabi sanoqli milliarderlar ham bor. Biroq aholining katta qismi farzandining universitetdagi so’nggi semestri uchun to'lovni qanday qoplash yo’lini topolmay aziyat chekadi”, - deydi iqtisodchi olim, “Marksizmni anglash” asari muallifi Richard Volf.

Volfga ko’ra, ayni damda 44 millionga yaqin AQSh fuqarosi talabalik qarziga ega. Demokrat nomzodlar saylovoldi dasturlarida mazkur muammoga jiddiy urg’u bermoqda.

2016-yilda o’tgan prezidentlik saylovlarida nomzodlik uchun kurashgan senator Berni Sanders o’zini demokrat-sotsialist sifatida e’lon qilgan edi. Sanders bepul oliy ta’lim va tibbiy xizmatni joriy etish taklifi bilan chiqqan.

Sanders demokratlardan prezidentlik uchun nomzodlikni sobiq davlat kotibi Xillari Klintonga boy berdi. Biroq uning sotsialistik g’oyalari demokratik partiyaning o’z dasturi va pozitsiyasini qayta ko’rib chiqishiga turtki bo’ldi.

Sanders 2020-yilgi prezidentlik saylovlariga nomzodlik uchun yana kurashishini e’lon qildi. Biroq undan avval da’vogarligini bildirgan demokratlar ham sog’liqni saqlash imtiyozlarini kengaytirish, soliq siyosatini isloh qilish va iqlim o’zgarishi bilan bog’liq muammolarni bartaraf etish takliflari bilan chiqqan.

Senatdagi demokratlardan prezidentlik uchun nomzodini e’lon qilgan olti kishining beshtasi – Nyu-Jersidan Kori Buker, Nyu-Yorkdan Kirsten Jillibrend, Kaliforniyadan Kamala Xarris, Massachusettsdan Elizabet Uorren va Berni Sanders barcha uchun bepul tibbiy xizmatni joriy qilish taklifini olg’a surmoqda. Tibbiy xizmat juda qimmat va nozik masala bo’lgani uchun ham demokratlar uzoq yillardan beri bu mavzuga ko’z yumib kelar edi. Da’vogarlardan faqatgina Emi Klobushar bu taklifni yoqlamaydi.

Prezident Tramp va boshqa respublikachilar demokrat raqiblarini sotsialist tamg’asi bilan qoralamoqda.

“Amerika hech qachon sotsialistik mamlakatga aylanmaydi”, - dedi Tramp 5-fevral kuni Kongress va xalqqa murojaat qilar ekan.

2018-yilda o’tkazilgan so’rovlarga ko’ra, demokratlarning 57 foizi sotsializmni qo’llab-quvvatlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG