Breaking News

Xanoy sammiti va Kongress tinglovi nimalarni o'zgartiradi?


Joriy hafta AQSh prezidenti uchun qanday o'tdi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:58 0:00

Bu hafta Donald Tramp prezidentligining yana bir sensatsion davri bo’ldi. Tramp Vyetnam poytaxti Xanoyda Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan sammitda yadroviy kelishuvga erisha olmadi. AQSh poytaxtida esa Trampning bir paytlar eng ishongan odamlaridan biri, sobiq advokati Maykl Koen Kongress huzurida unga qarshi ko’rsatma berdi.

Vyetnam poytaxti Xanoyda AQSh-Shimoliy Koreya rahbarlari o’rtasida samarasiz muzokaralar o’tdi. Shimoliy Koreya yadroviy dasturidan hali-beri voz kechmoqchi emas.

“Kimning o’z qarashi bor, lekin bizning qarashimiz boshqa. Biroq o’tgan yilgi fikrlarimiz nisbatan bir-biriga yaqinlashdi. Ko’zlangan maqsadga yetamiz. Harakatlarni davom ettiramiz”, - dedi Prezident Tramp.

AQSh rahbari dunyoning u tarafida safarda ekan, Kongressda Trampga qarshi berilgan ko’rsatma berilib, prezidentning siyosiy nufuziga zarba urildi.

Prezident Trampning sobiq advokati uni Kongress va ommaviy axborot vositalari qarshisida ayblarga ko’mib tashladi.

Maykl Koen prezidentni jinoyatlarda ayblab, uning so’zi bilan aytganda, “asl qiyofasini fosh etuvchi portretini” tasvirlab berdi.

“Tramp irqchi, yolg’onchi va firibgar”, - deb atadi Koen.

Tramp Koenning ayblovlarini inkor etdi. Respublikachilarga ko’ra, Koen yolg’onchi, demokratlar esa uning ko’rsatmasidan impichment da’vo qilishda foydalanmoqchi.

Respublikachi kongressmen Kley Xiggins shunday deydi:

“Bu prezident sha’nini bulg’ash va impichment uchun zamin hozirlashga urinishdan boshqa narsa emas”.

Tahlilchi Rendi Zelinga ko’ra, Koenning iqrorlari vositasida berilgan siyosiy va huquqiy zarba jiddiy o’zgarish yasay oladi.

“Koen ishonchli guvoh emas. Lekin vaziyatni yaqindan ko’rgan va bilgan. O’zi ham rol o’ynagan”, - deydi Zelin.

Tramp AQSh Kongressidagi tinglovni Xanoydan kuzatdi.

“Shunday muhim tadbir paytida soxta tinglov uyushtirishdi”, - deydi Tramp.

Reytinglar past, tekshiruvlar avjida ekan, Tramp Shimoliy Koreya bilan til topishish umidida ekanini eslatib turdi.

“Shimoliy Koreya bilan kelishuv Trampning yagona siyosiy yutug’i bo’lishi mumkin edi. Suriya va Afg’onistondan qo’shinlar chiqarilayotgan, ittifoqchilar bilan aloqalar yomonlashayotganida bu zarur edi”, - deydi tahlilchi Deyvid Kim.

Ekspert Jon Fortiyerga ko’ra, Shimoliy Koreya bilan samarasiz sammit va Koenning ko’rsatmlari Trampning ikkinchi muddatga saylanish ehtimollarini pasaytirishi mumkin.

“Aholining 43-44 foizi Tramp siyosatini yoqlaydi. Bu yomon ko’rsatkich emas. Biroq bu raqamlar saylovda natijaga erishish uchun yetarli emas”, - deydi Fortiyer.

Prezident oldida cheksiz muammolar. Rossiya bo’yicha maxsus tergov xulosalari ham Tramp kelajagiga jiddiy ta’sir ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG