Breaking News

Nyu-Yorkda Musulmon patrul xizmati ish boshladi


Imom va Qur'on maktabi direktori Nazrul Islom Nyu-York ko'chalarida patrullik ham qilmoqda.

Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahrida yuz bergan terror xurujida 50 musulmon nobud bo'ldi. Bu shahardan 15 ming kilometr uzoqlikda, Nyu-York shahrida esa Musulmon patrul xizmati ish boshladi. Ular mahallalarda tartib saqlashga o'z hissalarini qo'shmoqchi.

Nazrul Islom imom va Qur'on maktabi direktori. U endi Nyu-York ko'chalarida patrullik ham qiladi. Qurolsiz, "Assalomu alaykum" deb yozilgan mashinada yuradi.

"Masalan, qaysidir arab davlatidan bu yerga kelgan muhojir biror yordamga ehtiyoj sezishi mumkin va shu yozuvni ko'rsa, albatta, bu mashinada musulmon odam borligini biladi. Ular inglizcha bilmasligi ham mumkin. Demak, ular kelib, biror narsa kerak bo'lsa, so'rashi mumkin", - deydi u.

Yangi Zelandiyada yuz bergan terror xuruji dunyo bo'ylab musulmonlar va muhojirlarga qarshi kuchaygan navbatdagi nafrat to'lqini bo'ldi.

Yangi tashkil etilgan Musulmon patrul xizmati jinoyatchilikning oldini olish va yoshlarga murabbiylik qilish bilan birga shaxsiy mummoga yo'liqqan odamlarga ham yordam ko'rsatadi.

Turli tillarda so'zlashuvchi 50 dan ortiq ko'ngillilar yig'ilgan. Ular xavfsizlik xizmati, birinchi tibbiy yordam, diniy tarbiya va ruhiy maslahat berish bo'yicha tayyorgarlikdan o'tgan. Bunday guruh shaharda yagona emas. Bruklinda ham Osiyoliklar patrul xizmati bor.

"Nega musulmonlarda bu narsa yo'q, deb doim o'ylardim. Hammada bo'lishi kerak. Bu ajoyib, shunday emasmi?" - deydi amaliyotlar bo'yicha rahbar Mahvish Fatma.

Bruklindagi Osiyoliklar patrul xizmati politsiyaga o'xshash mashinada yuradi. Til muammolari va jinoyatchilikning oshishi uning yaratilishiga sabab bo'lgan.

"Irqchilikni butkul yo'qotib bo'lmaydi, shu bois sizning nomingizdan gapiradigan tashkilot bo'lishi kerak", - deydi mahalliy tadbirkor Toni Dzyan.

Patrul asoschisi Lui Lyu 1990-yillarda Xitoydan kelgan.

"Besh yil oldin tashkilotimizni boshlaganimizdan beri politsiya va mahalliy aholi o'rtasida, ayniqsa, jinoyat qurbonlari bilan aloqalar yaxshilandi. Muhojirlarni hech qanday qo'rquv yoki xavotirsiz o'z fikrlarini aytishga o'rgatdik. Huquq-tartibot idoralari bizga ishonch bildiryapti", - deydi u.

Bruklinda ulg'aygan Mahvish Fatma patrul xizmatidagi ko'ngillilarni mahalladoshlari iliq kutib olishidan umidvor.

"Har bir mahallada o'zining jamoatchilik patruli bo'lishi kerak", - deydi u.

Musulmon patrul xizmati o'z ishini butun shahar bo'ylab yoyish niyatida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG