Breaking News

General Do’stum Tolibonni saylovda qatnashishga chaqirdi


Afg'oniston Vitse-prezidenti general Abdul Rashid Do'stum (oldinda)
Afg'oniston Vitse-prezidenti general Abdul Rashid Do'stum (oldinda)

Afg’oniston Vitse-prezidenti Abdul Rashid Do’stum Tolibon guruhini saylovda qatnashishga da'vat qildi. Agar yutsa, xohlaganidek davlat tashkil qilaversin, dedi o'zbek generali.

General Do’stum so'nggi ikki yilda ilk bor shimoliy viloyatlarga safar qilar ekan, Mozori Sharif shahrida tarafdorlari oldida so'zab, mamlakatdagi joriy vaziyat, kelgusi prezidentlik saylovi, toliblar bilan olib borilayotgan muzokaralarga to’xtalib o’tdi.

Bir necha oy Turkiyada yashagan Do’stum O’zbekiston chegarasidan Afg’onistonga o’tdi.

Turkiya va O’zbekistonda bo’lgan paytida ham mamlakatdagi vaziyatni kuzatib borgani va kelgusi rejalar ustida ishlaganini aytdi.

Vitse-prezident mamlakat bo’ylab, xususan, shimoliy viloyatlarda vaziyat og’irlashib borayotganidan xavotir bildirdi.

“Agar davlat rahbari, bosh vazir va milliy xavfsizlik kengashi qaror chiqarib, menga ruxsat bersa, olti oyda toliblarni Bodg’isdan Badaxshongacha yo’q qilaman. Yo’q qila olmasam, Afg’onistonni tark etaman”, - dedi general Do’stum.

Xorijiy askarlar Afg’onistonni tark etadi, degan gaplar ko’p aytilar ekan, uning nazarida G’arb davlatlari Afg’onistonni buncha tez tark etmaydi.

Abdul Rashid Do’stum xotin-qizlarni kelajakdan xavotirlanmaslikka chaqirdi. U vaziyat o’zgarganiga ishora qilar ekan, “ayollar xavotir olmasinlar” deya ta’kidladi.

“Tinchlik jarayoni uchun tashvish qilmanglar. Toliblar bir bor kelib urushni to’xtatsin, saylovda qatnashsin, yutsa “amirlik”larini tuzishsin”, - dedi general Do’stum.

U 2014-yili saylov targ’ibotlari paytida bergan va’dalarini esladi.

“Kampaniya paytida sizlarga so’z bergan edim. Injener emasman, iqtisodchi emasman, generalman, xavfsizlik bo’yicha armiya va politsiyaga yaxshi maslahat bera olaman degan edim, lekin bo’lmadi. Siz noumid bo’lmanglar, do’stlar. (Xorijiylar) ham Afg’onistonni “muft” tark etmaydi”, - deydi Do’stum.

U Mozori Sharifdan Shibirg’on shahriga qaytayotgan bir paytda Tolibon guruhi pistirmasiga duch keldi. Uning yaqinlari otishmalar natijasida ikki nafar askar o’lganini tasdiqladi.

Tolibon guruhi so’zlovchisi Zabihulloh Mujohid esa hujum natijasida general Do’stumning olti nafar qo’riqchisi o'lganini iddao qildi.

General 30-mart kuni Shibirg’on shahriga yetib keldi. U shimoliy viloyatlarning taniqli odamlari bilan muloqot qilib, kelgusi rejalari haqida maslahat olishi rejalangan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG