Breaking News

Turkiyada mahalliy saylovlar qanday o'zgarish yasaydi?


Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an saylov natijalari e'lon qilingandan keyin nutq so'zlamoqda. Anqara, Turkiya, 1-aprel, 2019

31-mart kuni Turkiyada o’tgan mahalliy saylovlarning ilk natijalari Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an partiyasi AKP uchun qoniqarli emas. Partiya mamlakatning bir qator yirik shaharlari nazoratini boy bergan. Erdog’an Anqara va Istanbulda berilgan ovozlar hisob-kitobidan arz qilmoqda. Biroq aksariyat tahlilchilar saylov natijalari qudratli davlat rahbari uchun mag’lubiyat bilan yakun topganini ta’kidlamoqda.

Prezident Erdog’an o’z partiyasi nomzodlarini qo’llab-quvvatlagan edi. Biroq dastlabki saylov natijalariga ko’ra, hukmron AKP partiyasi uch yirik shahar – Anqara, Istanbul va Izmirda mag’lubiyatga uchragan.

“Nazarimda, Turkiyani kuzatib turganlar, aksariyat aholi Erdog’an va AKP nufuzining tushib ketganidan hayratda”, - deydi “Ozodlik uyi” vakili Neyt Shenkan.

“Menimcha, joriy natijalar Turkiyada saylovlar adolatli kechmaydi, degan qarashlarga yakun yasaydi. Saylovlar haqqoniy va raqobatga asoslangan”, - deydi tahlilchi Ozgur Unluxisarjikli.

Jumhuriyat Xalq partiyasidan nomzod Ekrem Imamog’lu 25000 ovoz farqi bilan yetakchilik qilmoqda. Biroq AKP partiyasi ovozlarni qayta sanash uchun ariza berdi.

“AKP o’z mag’lubiyatini tan olgisi kelmayotgan ko’rinadi”, - deydi Neyt Shenkan.

Erdog’an o’n yildan ortiq siyosatda yetakchilik qildi. Tahlilchilarga ko’ra, samarasiz iqtisodiy siyosati uning aholi o’rtasidagi nufuzini tushirib yubordi.

“Saylovchilarni iqtisodiy inqiroz, ishsizlik, inflyatsiya va milliy valyutaning dollar kursiga nisbatan qadrsizlanishi kabi keskin muammolarning real yechimi qiziqtiradi. Shundan kelib chiqib, va’dalar va amallar o’rtasidagi nomutanosiblik xalqning e’tirozlarini oshirib yubordi”, - deydi Jorjtaun universiteti vakili Sinan Jiddi.

“Iqtisodiy tanazzul noroziliklarni birinchi planga olib chiqdi. Natijada, Erdog’an tarafdorlari ham o’z qarashini o’zgartirdi. Muxolif partiyalar ham fursatdan unumli foydalana oldi”, - deydi Shenkan.

“Iqtisodiy muammolar va korrupsiya avj olar ekan, uzoq yillardan beri hukmronlik qilib kelayotgan AKP odamlarning paymonasini to’ldirgan”, - deydi Jon Xopkins universiteti olimasi Lisel Xintz.

Ekspertlarga ko’ra, saylov natijlari mamlakat siyosatida keskin o’zgarish yasamaydi. Biroq siyosiy o’tish davridan darak beradi.

“Shubhasiz, Prezident Erdog’an siyosiy sahnada yetakchilikni saqlab qoladi. Biroq siyosiy maydon Anqaraning yangi meri kabi yosh, shiddatga to’la va o’zgacha liderlik qobiliyatiga ega turfa fikrli figuralar bilan boyimoqda”, - deydi Unluxisarjikli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG