Breaking News

AQSh Shimoliy Koreya va Venesuela bo'yicha nima qilmoqchi?


Shimoliy Koreya va Venesuela bo'yicha AQSh siyosati
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:43 0:00

Shimoliy Koreyaning yangi raketani sinovdan o'tkazishi hamda Venesuelada Nikolas Maduroning keskin tus olgan namoyishlar ortidan hanuz hokimiyatda qolayotgani Vashington uchun yangi muammolar tug'dirmoqda.

Shimoliy Koreya qisqa masofaga uchadigan yangi raketani sinovdan o'tkazdi. Mamlakat yetakchisi Kim Chen Un nazoratida o'tgan bu voqea yadro sinovlari yuzasidan Vashington-Pxenyan muloqoti to'xtab qolgan bir paytda yuz berdi. Tramp ma'muriyati sanksiyalar bekor qilinishi uchun Shimoliy Koreya yadro dasturini to'xtatgani tasdiqlanishini talab qilmoqda; Kim esa jazo choralari zudlik bilan bekor qilinishini so'rayapti.

"Yadrosizlanish jarayonini to'la tasdiqlash mumkin bo'lgan natijani qo'lga kiritish imkoniyati hanuz bor. Rais Kimning o'zi buni yaqinda qayta tilga oldi. Hafta oxirida bo'lgan ish bu imkoniyat yo'lida to'siq bo'lmaydi, degan umiddamiz. Muzokaralar stoliga qaytishni, muloqotni davom ettirishni istaymiz", - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Yangi sinovdan xavotirga tushganlar kam emas. Sharqiy Osiyo bo'yicha Senat Tashqi aloqalar quyi qo'mitasi raisi Kori Gardner Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni yanada kuchaytirishga chaqirdi. Agar Koreya yarimorolini yadrodan xoli hududga aylantirishni istasak, bosimni oshirishimiz lozim, dedi u.

Prezident Donald Tramp muzokaralarini olqishlayotganlar demokratlar orasida ham bor.

"Men Trampni ayblamaydigan bir mavzu bu. Kim Chen Un bilan o'tirib gaplashish yaxshi fikr. Bu juda qiyin ish, lekin Shimoliy Koreya sayyoramiz uchun tahdidligi aniq", - dedi demokrat senator Berni Sanders.

Venesuela ham Tramp ma'muriyati uchun boshog'riq bo'lishda davom etyapti. AQSh qo'llagan muxolifat yetakchisi Xuan Guaydoning o'tgan hafta isyonga da'vati muvaffaqiyatsiz yakunlandi.

"Ishlar doim ham silliq ketmaydi. Maduro hokimiyatda, lekin boshqara olmayapti. Prezident Tramp oldida choralar ko'p: diplomatik, siyosiy va hamkorlar bilan chora ko'rish yo'llari. AQSh harbiylarini jalb etish imkoniyati ham mavjud. Biz hammasini ko'rib chiqyapmiz. Vaziyat taqozo etsa, tayyor turamiz", - deydi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.

O'tgan hafta Pompeo Maduroni Kubaga qochmaslikka Rossiya ko'ndirganini aytgan edi. Bir necha kun o'tib Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Uning aytishicha, Putin Venesuela ishlariga aralashmasligini, mamlakatdagi vaziyatga ijobiy yechim topilishidan umidvorligini aytgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG