Breaking News

O'zbekistonda endi Til kengashi bor


Oxirgi yillarda O'zbekistonda lotin alifbosida ko'proq yozila boshladi. Ikki alifbo masalasi ham ko'ndalang.

Yaqinda tashkil topgan Til kengashi O’zbekistonda davlat tili haqidagi qonunni qayta ko’rib chiqishga chaqirmoqda. Tilshunos va adabiyotshunoslardan iborat jamoatchilik guruhi davlat tiliga doir qonunchilik kuchaytirilishi lozim deb hisoblaydi.

O'zbek tilini mustahkamlash uchun yangi tashabbus
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:48 0:00

Til haqidagi qonunga 30 yil to’layotganiga qaramasdan o’zbek tili davlat maqomiga to’liq chiqmagani sababi mavjud qonunchilik zaifligida, hukumat doirasida o’zbek tiliga nisbatan ehtiyoj shakllanmaganida ko’rilmoqda.

O’zbekistonda rus tiliga rasmiy maqom berish taklifi ortidan ko’tarilgan munozaralar jamoatchilikda boshqa bir tashabbusni boshlab berdi. Tilshunos va adabiyotshunos olimlardan iborat guruh jamoatchilik kengashi tuzishga qaror qildi.

Tashabbus yig’ilishi o’tkazilishi ortidan bu guruh Til bo’yicha jamoatchilik kengashi nomini oldi. Ayni paytda bu kengashni nodavlat tashkilot sifatida Adliya vazirligidan ro’yxatdan o’tkazish uchun harakat qilinmoqda.

Til kengashi faollari ichida professor Qozoqboy Yo’ldoshev, tilshunos olim Zuhriddin Isomiddinov, yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon, jurnalist, shoir Karim Bahriyev kabi jamoatchilikka taniqli shaxslar bor.

Kengash tashabbuschilardan biri, yozuvchi Nurulloh Muhahmmad Raufxonga ko’ra, tashkilotning dastlabki talabi davlat tili haqidagi amaldagi qonunni qayta tahririga erishishdir.

Adib Nurulloh Muhammad Raufxon
Adib Nurulloh Muhammad Raufxon

“Til muammosi ko’tarilishiga sabab, til haqidagi qonunimizni o’zi juda bo’sh, kasalvand bir holda tug’ilgani edi. Oktabr oyida 30 yil bo’ladi davlat maqomiga, shu davr mobaynida til haqidagi qonun deyarli ishlamadi. Qonun qabul qilindi, oktabr oyida til bayramiga doir bir-ikki tadbirlar o’tkaziladigan bo’ldi, shu bilan tugadi, jamiyatda hech kim bu qonun bilan hisoblashgani yo’q, uning bor-yo’qligi ham bilinmaydi. Chunki yaratilishidan shunday bo’sh yaratilgan edi. Natijani ko’ryapmiz, mustaqil bo’lganimizga 28 yil to’layapti, lekin tilning ahvoli faqat orqaga ketdi, buzilishda ham, obro’da ham. Hammasiga esa shu til haqidagi qonunning bo’shligi sabab. Shuning uchun ham kengash til haqidagi qonunni yangitdan tahrir qilishni birlamchi vazifa sifatida belgilamoqda. Ko’p davlatlardagi tul haqidagi qonun tajribasini o’rganib chiqyapmiz, loyihani jamoatchilik muhokamasiga qo’yamiz”, - deydi yozuvchi.

O’zbekistonda davlat tili haqidagi qonun 1989-yili 21-oktabr kuni qabul qilingan. Bu qonun keyinchalik 1995-yilda qayta tahrir qilingan. Qonun har ikki talqinida ham o’zbek tili O’zbekistonda davlat tili, rasmiy ish yuritish tili sifatida belgilangan. Ammo, 30 yillik tajriba o’zbek tili amalda to’laqonli ravishda davlat tuliga aylanmaganini ko’rsatgan.

Buning asosiy sababi hokimiyatda, hukumat doirasida ham til, ish yuritish ruscha shaklda qolganida ko’riladi:

“O’sha yaratilgan avvalgi qonun talablari rioya qilinmadi, bunga qonuni nazorat qiladigan davlat organlarini o’zi e’tibor bermadi. Buning sabablari ko’p, mana ijtimoiy tarmoqlarda ham yozishyapti, eng kattasi sababi esa, tepadagi o’tirganlarning ko’pchiligida o’zbek tiliga ehtiyoj yo’qligidir. Sovet davrida ta’lim olganlar, 90 foizdan ortig’i rus tilidan foydalanadi, rus tilida fikrlaydi, davlat boshqarishda, ehtimol hayotda, oilasida ham bu tilga ehtiyoji yo’qdir. Shuning uchun ham ular til muammosi dolzabrligini bilmaydi. O’zbekiston xalqi esa faqat shu besh foiz elitadan iborat emas, qolgan 95 foiz aholi bor. 33 millionga yetdik. Bu katta bir xalq. Bu mamlakatning tili. Agar tashqaridagi o’zbeklarni hisobga olsak 50-60 million odam gaplashadi bu tilda. Shuning uchun ham til masalasiga o’ta jiddiy qarash kerak”, - deydi Nurulloh Muhammad Raufxon.

Bir guruh ziyolilar tomonidan rus tiliga rasmiy maqom berish haqida tashabbus ko’tarilishidan so’ng jamoatchilikda mamlakatdagi davlat tili - o’zbek tili maqomi, o’rni va iste’mol ko’lamiga doir munozaralar boshlangan edi.

Til bo’yicha jamoatchilik kengashi aynan shu munozaralar ortidan tashkil bo’lgan dastlabki nodavlat tashkilot sifatida yuzaga chiqmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG