Breaking News

AQSh-O'zbekiston: Prezidentlar uchrashuvidan keyingi bir yil


O'zbekistonda faoliyatini qayta boshlashga bel bog'lagan IREX tashkilotida AQSh va respublika orasidagi hamkorlik va mamlakatdagi o'zgarishlar haqida muhokama, Vashington shahri, 30-may, 2019

O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobovning qayd etishicha, ikki davlat orasidagi aloqa serqirra va har bir qirra ustida qattiq harakat ketmoqda. Oq uy rasmiysi Liza Kurtis deydiki, AQSh O'zbekistonni har tomonlama mustahkam mamlakat sifatida ko'rishni istaydi. Vashingtonning Markaziy Osiyo bo'yicha yetakchi tahlilchisi Fred Starr nazarida esa Amerika hukumati amaliy yordamni oshirishi kerak. "Amerika Ovozi"ning O'zbekiston bo'yicha muxbiri Navbahor Imamova tahlilicha, mamlakatda islohotlar tizimli tus olishi, sistema haqiqatdan ham yangilanib, mamlakat ochiq, demokratik, adolatli va farovon jamiyatga aylanishi uchun hozirgidan qattiqroq harakat qilmoq lozim. AQSh maqtovlari real ko'makka aylanmasa, O'zbekiston xalqining umidi oqlanmaydi. Mamlakatga qaytishga harakat qilayotgan IREX xalqaro nohukumat tashkilotida muhokama. Vahobov va Kurtis Toshkent va Vashington orasidagi hozirgi hamkorlikka urg'u berdi. Imamova O'zbekistondagi shijoat, kayfiyat va iroda haqida gapirdi. Starr esa mintaqaviy va xalqaro ta'sir haqida so'zladi.

O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov, IREX, 30-may, 2019
O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov, IREX, 30-may, 2019

Echi Vahobov: O'zbekiston va AQSh rahbarlari 2018-yilning 16-mayida strategik sheriklikning yangi sahifasini ochishgan va shundan beri har bir jabhada yangicha to'lqin boshlangan, yangicha sa'y-harakatlar olib borilmoqda. O'zbekiston Yaqin Sharqdagi qaynoq nuqtalardan o'z fuqarolarini olib kelayotgani misolida, deydi elchi, davlat qay yo'ldan ketayotganini yaqqol aks ettiradi.

O'zbekiston hukumati fuqarolar qayerda nima bilan mashg'ul bo'lmasin, ularga g'amxo'rlik qilishni o'z burchi deb biladi. Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda prezidentlikni boshlaganidan beri rahbariyat inson manfaatlari, huquqlari va ravnaqini birinchi o'ringa qo'yishni va'da bergan va bu pozitsiyada qat'iy.

Islohotlar respublikani har jihatdan oldinga yetaklashi kerak, iqtisodni erkinlashtirishdan tortib ijtimoiy farovonlik, qonun ustuvorligi va adolat, xalqaro hamjamiyat va qo'shnilar bilan yaqindan hamkorlik, O'zbekistonning global nufuzini oshirish va hokazo. Toshkent Vashingtonning quvvatlovidan mamnun va AQShga ishonchli hamkor sifatida qaraydi.

O'tgan bir yil ichida aloqalar jadallashib, hukumat va nohukumat doiralarining almashinuvi faollashdi. Ikkala poytaxtda ham delegatsiyalar tinmaydi. Yuqori darajali tashriflar, madaniy dasturlar, texnik mashg'ulotlar - Amerika va O'zbekiston yangidan-yangi rishtalarni bog'lash bilan band. Masalan, ta'lim bobida hozir AQSh universitetlari O'zbekistonga katta qiziqish bildirmoqda. Missuri shtatidagi "Webster" universiteti mamlakatda ish boshlagan. Yaqinda Vashingtondagi elchixonada kechgan ta'lim forumida Amerikaning yetakchi oliygohlari qatnashdi va O'zbekistondagi imkoniyatlar bilan tanishdi.

Liza Kurtis, Oq uy rasmiysi, IREX, 30-may, 2019
Liza Kurtis, Oq uy rasmiysi, IREX, 30-may, 2019

Liza Kurtis: Ikki davlat rahbarlarining o'tgan yili Oq uydagi muzokaralari va Prezident Mirziyoyevning tashrifi paytida imzolangan hujjatlar va undan keyingi sa'y-harakatlar meva bera boshlagan. Masalan, bugun USAID, AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi yangi dasturlar boshlamoqda, millionlab dollar sarmoya qilinmoqda. Savdo va iqtisodiy jabhada ham bugun tomonlar yaqindan ishlamoqda, bir-birimizni yaxshiroq tushunamiz.

Amerika bizneslari O'zbekistonga kirishi uchun sharoit yaratish borasida hukumat choralar ko'rmoqda, kuzatayapmiz. Xususan, mualliflik huquqlari himoyasi ustida ishlar olib borilmoqda. Inson huquqlari, oshkoralik va erkinlik bobida ham Toshkent ancha dadil qadamlar tashladi. Muammolarni ham ochiq va to'g'ridan-to'g'ri muhokama qilamiz. O'zbekiston bilan aloqalarimiz jadallashgani mintaqa bo'ylab aks sado bermoqda, chunki bu harakatlar Markaziy Osiyoning global mavqeini va ayniqsa uning jahon bozoridagi o'rnini kuchaytirishda qo'l keladi.

Afg'oniston yuzasidan hamkorlik, ekstremizm-radikalizmga qarshi kurash va xavfsizlik bilan bog'liq boshqa masalalardagi hamkorlikdan ham Tramp ma'muriyati bag'oyat mamnun va minnatdor. Qilinadigan ishlar talay, bu hammaga ayon. Muhimi, bu borada hamfikrmiz va o'zaro manfaatlar yo'lida birga ishlayveramiz.

IREX nohukumat tashkiloti, 30-may, 2019
IREX nohukumat tashkiloti, 30-may, 2019

Navbahor Imamova: "Amerika Ovozi" o'tgan yilning yozidan beri o'z auditoriyasiga O'zbekistondan materiallar uzatib kelmoqda. Hukumat, parlament, xususiy va nohukumat sektorlar, shuningdek, oddiy odamlar hayotida qanday o'zgarishlar bo'layotgani va bo'lmayotganiga e'tibor qaratayapmiz. Jamoatchilik bilan doimiy muloqotdamiz.

Mamlakatda yangi rahbar kelganidan keyingi ko'tarinki kayfiyat hozir real sinovlar va qiyinchiliklar bilan almashgan. Hukumat va xalq orasida boshlangan muloqot samara bermayapti, qilinayotgan ishlar xo'jako'rsinga, ko'rilayotgan choralar tub muammolar ildizga bolta urmayapti, degan fikrlar keng. O'zbekiston bo'ylab odamlar o'zlarini qiynagan masalalarni rahbariyat diqqatiga olib chiqishga, adolat izlashga harakat qilmoqda lekin yechimlar faqat hukumatga emas, jamiyat a'zolarining o'ziga ham bog'liq ekaniga uncha ahamiyat berilmayapti. Ya'ni, hukumat va fuqaro bu jihatdan hali bog'langan. Hukumat o'z ishlarini tushuntira olmayapti, fuqaro esa o'zini.

Bu degani ommaviy axborot vositalari faoliyati uchun, ularning erkinligi va professional ishlashi uchun yo'l ochilaverishi kerak. Xafsalasiz yurganlar ko'p, lekin bor imkoniyatdan foydalanib, o'z g'oya va tashabbuslarini ishga solayotganlar, o'zi mustaqil yoki jamoalar tuzib, oldinga harakat qilayotganlar ham talay. Yoshlar O'zbekistonning qoq yarmi. Muammolardan noliyotganlar ham, yechim izlayotganlar ham, fuqarolik pozitsiyasini ifoda etayotganlar ham, eng og'ir masalalarni ko'tarib chiqayotganlar ham asosan yoshlar. Ular orasida Prezident Mirziyoyevni quvvatlab, unga ishonadiganlar ko'p.

Agar mana shu avlodning ishonchi va umidi so'nsa, davlatga eng katta zarba shu jihatdan bo'ladi, ya'ni joriy tuzum yoshlar xohish-istaklarini nazarga ilmaydigan tuzum sifatida namoyon bo'ladi. Hukumat hozir har bir qadamida mana shu ehtimolni yodda tutmog'i lozim. O'z bizneslari va loyihalarini amalga oshirib, o'ziga xos yutuqlarga erishayotgan, qiyinchiliklarni yengib oldinga siljiyotgan doiralar uchun imkoniyatlarni kengaytirishdan davlat manfaatdor. Korrupsiya, yulg'ichlik, xavfsizlik organlariga nisbatan qo'rqinch, tizimga nisbatan ishonchsizlik - keng tarqalgan holat. Ularga qarshi kurash uzoq vaqt oladi deyishning o'zi yetmaydi, chunki odamlar o'zgarishlarni bugun o'z hayotlarida sezishni istaydi.

Fred Starr, akademik, tahlilchi, IREX, 30-may, 2019
Fred Starr, akademik, tahlilchi, IREX, 30-may, 2019

Fred Starr: O'zbekistondagi o'zgarishlar tarixiy va misli ko'rilmagan. Islohotlar dasturi barcha jabhalarni qoplaydi va uni hozirgidan ham ko'proq va kengroq quvvatlash lozim. Xususan, Qo'shma Shtatlar jarayonga yanayam jiddiyroq yondashishi kerak. Hozir nafaqat musulmon dunyosidagi, balki jahon bo'ylab bunchalik orzumand va ijobiy ruhdagi jamiyatni topish qiyin. Mayda-chuyda muammolarga o'ralashib qolmaslik kerak. Muhim masalalar nima? Muammolar zaminida o'zi nima yotibdi? Islohotlar samara berishi uchun biz nima qila olamiz? Mana shularni o'ylash kerak.

Qay sektorda bo'lmasin, Amerika O'zbekiston bilan bir yoqadan bosh chiqarishi kerak. Oldingi xatolardan saboq olishimiz kerak: biz ular ustida emas, ular bilan ishlaymiz. Iqtisodni ko'tarish uchun nima qilmoq zarurligi haqida Xalqaro Valyuta Jamg'armasi rahbari Kristin Lagard yaqinda bergan maslahatlarga tayanish kerak. O'zbekiston o'zgarsa, butun mintaqadagi o'zgarishlarga turtki beradi. Afg'oniston Markaziy Osiyoning bir qismi. Uni mintaqaga siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan qo'shaverish kerak. Mintaqa besh emas, olti davlatdan iborat. Amerika buni tan oladigan vaqt keldi va shunga qarab, siyosat yuriting.

O'zbekiston-AQSh: Prezidentlar uchrashuvidan bir yil o'tib...
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:52 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG