Breaking News

O'zbekistonda maddohlik yana avj olyaptimi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir guruh fuqarolar davrasida

Prezidentlikka kelganiga ikki yildan oshgan Shavkat Mirziyoyevning “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” deb nomlangan to’rtinchi kitobi jamoatchilikka taqdim qilindi. Prezidentning milliy taraqqiyot va yuksalishga doir nutqlaridan tashkil topgan bu kitobi ta’lim yurtlarida targ’ib qilinmoqda. Avvalroq, Mirziyoyevning besh tashabbusi haqida she’r yozgan qizaloq avtomobil bilan taqdirlangan edi.

O'zbekistonda maddohlik
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:06:18 0:00

Marhum prezident Islom Karimov davrida maddohlikka qarshi tanqidi ortidan qamalib chiqqan jurnalist Dilmurod Sayyid yangi hokimiyat ham madhiyabozlikni to’xtatmaganidan xavotirda.

Milliy universitetda taqdimoti o’tkazilgan “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” kitobi 2016-yil prezidentlikka kelgan Shavkat Mirziyoyevning to’rtinchi kitobi.

Bundan avval uning “Buyuk kelajakni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz”, “Milliy taraqqiyot yo’limizni qat’iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko’taramiz”, “Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir” deb nomlangan kitoblari nashrdan chiqarilgan edi.

Prezidentning birin-ketin chop etilayotgan kitoblari Karimov davridagi kabi oliy o’quv yurtlari dasturlariga kiritilgani yoki talabalar uchun o’qish majburiy qilingan adabiyot sifatida belgilangani haqida ma’lumot yo’q.

Shavkat Mirziyoyev 1-iyun kuni Toshkent viloyatiga safari davomida o’zi tomonidan surilgan 5 yo’nalish haqida she’r o’qigan 3-sinf o’quvchisi Fazilat Yoqubovaning otasiga “Kobalt” avtomobili sovg’a qilgan edi.

Oradan biroz o’tib, matbuot Sirdaryo viloyatida yana bir yosh bolakay prezidentning 5 tashabbusi madh qilingan she’r yozgani haqida xabar berdi. Bu xabar ijtimoiy tarmoqda muhokama qilinar ekan, bolaning otasi prezidentning “Kobalt”iga umid qilib turgani kinoya qilindi.

Maddohlik o’zbek jamiyatini hamon tark etmayotganiga doir jamoatchilik orasida xavotirlar mavjud. Ayniqsa, bu madhiyabozlik hukumat tomonidan rag’batlantirilayotgani inobatga olinsa, deydi faollar.

"Prezidentning kitobi nashrdan chiqdimi, istaymizmi yo’qmi, ertadan uning targ’iboti, o’qitilishi boshlanishiga shubha qilmasa ham bo’ladi. Gap kitobning saviyasida, ma’no-mohiyati ham emas, balki prezidentning kitobi nashrdan chiqqanida. Umuman, maddohlik, shaxsga sig’inishga barham beradigan odam prezidentning o’zi bo’lishi kerak. Prezident minbardan turib maddohlikni yig’ishtiringlar, men ham siz kabi xalqdan chiqqan odamman, deb turganiga qaramasdan, bu holatlarga nisbatan chora ko’rmas ekan, jamiyatda bu davom etaveradi. To’g’ri, matbuot turg’unlik davridagi kabi har bir gapda prezidentni olqishlashi kuzatilmaydi, ammo hokim haq, vazir haq darajasi yuqori pog’onaga chiqishi ehtimoli yaqin”, - deydi jurnalist.

Dilmurod Sayyidning “Yo’q haqida badiha” maqolasi 2005- yilda, O’zbekistonda maddohlik, diktatura avjga chiqqan paytlari yozilgan edi. Jurnalist jamoatchilikda keskin munozara qo’zg’agan bu maqolasi chiqishidan so’ng bosimlar ostida qolgan, keyinchalik firibgarlikda ayblanib, 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Dilmurod Sayyid mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan ozodlikka chiqqan siyosiy mahbuslardan biri. U yangi hokimiyat davrida nisbiy o’zgarishlar bo’layotganini e’tirof etadi, ammo jamiyatdagi aksariyat muammolar, xususan, uning maqolasida ko’tarilgan maddohlik, madhiyabozlik holatlari bartaraf etilmaganini aytadi.

“Hali 2005-yilda, undan oldinroq ham tanqid qilib chiqqan muammolar jamiyatda hamon mavjudligidan taassufdaman, albatta. Ta’lim sohasi, ijtimoiy sohada haliyam osilib turibdi bu muammolar. Shaxsan men, oddiy fuqaro sifatida hozirgi vaziyatda jamiyatda taraqqiyot bo’lishiga ishonmayman. Prezident aytgani bilan, maddohlik, madhiyabozlik rag’batlantirib turilar ekan, bundan manfaatdor bo’lgan qatlam hamisha topiladi, bu tabiiy”, - degan fikrda jurnalist Dilmurod Sayyid.

O’zbek jamiyatida prezident shaxsi ulug’lanishi bilan bog’liq holat - maddohlarda moddiy rag’bat umidi ko’zga tashlanadi. Ayni paytda mamlakatda egizak farzandlarni prezident ism-sharifi bilan atash, buning evaziga ota-onalarni avtomobil bilan taqdirlash urfga kirgan. Hatto egizak farzandlariga prezident ismi sharifini bergan, ammo tegishli sovg’a olmagan ota-onalarning hukumat qabulxonasiga ariza bilan murojaat qilishgani kabi holatlar ham qayd qilingan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG