Breaking News

Tramp qurol sotishni cheklovchi Kongress rezolyutsiyalariga veto qo'ydi


Prezident Donald Tramp 24-iyul kuni Kongressning uch rezolyutsiyasiga qarshi veto qo’lladi. Rezolyutsiyalar Tramp ma’muriyatining Kongress roziligisiz Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga milliardlab dollarlik qurol-aslaha va harbiy texnika sotishiga chek qo’yishni nazarda tutadi.

Davlat kotibi Mayk Pompeo o’tgan oyda AQShning Fors ko’rfazidagi ikki ittifoqchisiga 8,1 milliard dollarlik qurol sotilishiga izoh bergan edi. Pompeoga ko’ra, Eron tahdidi oshib borayotgan bir paytda Tehron dushmanlari bo’lgan bu ikki davlatga qurol yetkazib berish to’g’ri qaror.

Biroq Trampning Kongress bilan hisoblashmay turib, qurol savdosi masalasini hal qilishga doir may oyida bergan qarori qonunchilarning keskin e’tiroziga sabab bo’ldi. Senat demokratlari va respublikachilari birlashib, Tramp ma’muriyatining qurol savdosiga chek qo’yish to’g’risidagi rezolyutsiyani ishlab chiqdi. Bu xatti-harakat Tramp tashqi siyosatidan har ikki partiyaning noroziligi sifatida baholandi.

Oq uy mamlakat ittifoqchilari tahdid bilan yuzlashib turgan paytda qurol savdosini to’xtatish mamlakat nufuziga salbiy ta’sir qilishini bildirgan. Savdo paketi minglab yuqori aniqlikda nishonga oladigan qurollar, bomba va o’q-dorilar, havo kuchlari uchun zarur texnik uskuna va ehtiyot qismlaridan iborat.

Senatning Xalqaro munosabatlar qo’mitasidagi yetakchi demokrat Bob Menendez tashabbusga rahbarlik qildi. Senatorga Trampning Kongressdagi respublikachi ittifoqchilaridan Lindsi Grem va Rend Pol ko’maklashdi.

Kongressdagi e’tirozlar Tramp ma’muriyatining Riyod bilan yaqin munosabatlari, xususan, Saudiyaning Yamanda olib borayotgan urushini dastklashi bilan bog’liq. Urush fuqarolar hayotiga zomin bo’lmoqda. Shuningdek, jurnalist Jamol Qoshiqchining Saudiya agentlari tomonidan qatl qilinishi ham shikoyatlarga bosh asos bo’lgan. Trampning qurol savdosiga doir qarori Kongress va Oq uy o’rtasidagi ixtiloflarni alangalatib yubordi.

O’tgan oyda Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi demokrat Eliot Enjel davlat departamentini qurol savdosi bo’yicha tanqid qilgan edi. U qarorni “Kongressning yuziga tarsaki tushirish” deb baholagan. Enjelga ko’ra, Tramp ma’muriyati Eron tahdididan ayyorona foydalanib, qurol savdosiga erishmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG