Breaking News

Pitsburgdagi oʻzbeklar o'z jamiyatini tuzmoqchi


Pitsburg - Pensilvaniya shtatining yirik shaharlaridan biri

Norasmiy maʼlumotlarga koʻra, Pitsburg shahrida uch mingdan ortiq oʻzbek istiqomat qiladi. Pensilvaniyaning eng yirik shahri Filadelfiya va uning atrofidagi o'zbekistonliklarning "Yurtdosh" jamiyati bor. Endilikda Pitsburgdagilar ham birlashmoqchi.

28-iyul kuni AQShning Pensilvaniya shtati Pitsburg shahrida istiqomat qiluvchi oʻzbeklar oʻz jamiyatini tashkil etish maqsadida ilk maslahat yigʻinini oʻtkazdi. Soʻlim dam olish bogʻida yuzdan ortiq erkak to'plandi. Biror ayol ko'rinmadi. Maslahat yigʻini Oʻzbekistondagi odatga koʻra, keksalarning hayr duosi bilan boshlandi.

Pitsburgdagi o'zbeklar birlashmoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:59 0:00

Shundan soʻng Pitsburg oʻzbek jamiyatini tashkil etish tashabbus guruhi aʼzolari yigʻilganlarga bu tashkilotdan koʻzlangan maqsadlar haqida gapirdi. Vatandoshlar fikr va mulohazalarini bildirdilar. Savol-javob bo'ldi.

Tashabbus guruhi yetakchisi Bahodir Sodiqov deydiki, vatandoshlar oʻzbek jamiyati borasidagi taklifni toʻliq qoʻllab, buning ayni muddao ekanini aytgan.

“Bugun biz mana shu uchrashuv davomida angladikki, jamiyatga juda ham talab katta. Xudo xohlasa, mana shu insonlar koʻmagi bilan jamiyat faoliyatini yoʻlga solib olamiz”, - dedi Sodiqov.

Tadbirda yigʻilganlarga tashabbus guruhi tomonidan tayyorlangan maxsus soʻrovnoma tarqatildi. Soʻrovnoma qator masalalarni qoplaydi, xususan oʻzbek madaniyati, maʼnaviyati va tarixini Amerikada oʻsayotgan oʻzbek bolalariga oʻrgatish zarur yoki zarur emasmi? Pittsburgdagi boshqa muhojir jamoalari hamda amerikaliklar, rasmiy idoralar va ta`lim muassasalarida o`zbek madaniyati, ma`naviyati va tarixi haqda ma`lumot berib borish kerakmi?

Yigʻin tashkilotchilariga koʻra, berilgan javoblarning barchasi, tashabbus guruhi toʻgʻri yoʻlda ekanini isbotladi.

Norasmiy maʼlumotlarga koʻra, Pitsburg shahrida uch mingdan ortiq oʻzbek istiqomat qiladi.
Norasmiy maʼlumotlarga koʻra, Pitsburg shahrida uch mingdan ortiq oʻzbek istiqomat qiladi.

Tadbirga kelgan mehmonlardan biri yosh aktyor Sherzod Saydaliyev:

“Bunday jamiyatning boʻlishi avvalo farzandlarimiz uchun foydali. Farzandlarimiz hayoti yaxshi boʻlishi uchun, yaxshi maktablarda, oliygohlarda oʻqishi uchun harakat qilayotganimizdan keyin, albatta ularning tarbiyasini ham birinchi oʻringa qoʻyishimiz shart. Chunki bizdan olgan tarbiyani keyinchalik ular ham oʻz farzandlariga meʼros qilib qoldirishadi. Mana bu jamiyatning ochilishi esa bugun biz farzandlarimizga hadya qilganimiz eng katta meʼrosdir”.

Yigʻin tashkilotchilariga koʻra, koʻplab vatandoshlar ishda ekani yoki boshqa sabablar bilan tadbirga kelolmagan, ammo ular Pitsburg oʻzbek jamiyatini qurish tashabbus guruhi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda ochilgan sahifalar orqali jarayonni kuzatib bormoqda.

Jamoa Oʻzbekiston mustaqilligi kunini keng nishonlash va unga albatta Oʻzbekistonning AQShdagi konsulini taklif etish niyatida.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG