Breaking News

Kelli Kraft - AQShning BMTdagi yangi elchisi


Kelli Kraft Senat oldida, Vashington, 19-iyun, 2019

AQSh BMTga yangi elchi yubormoqda – Kentuki shtatidan Kelli Kraft. Senatda zo’rg’a ovozdan o’tgan Kraftga nisbatan asosiy tanqid shuki, xonim tashqi siyosat bobida tajribaga ega emas. BMTda Amerikaning bosh diplomati bo’lish chuqur bilim, o’tkir zehn va malaka talab qiladi.

BMTda AQShning yangi elchisi ish boshladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:19 0:00

Kelli Kraft fermerlar avlodidan. Ajdodlari tamaki yetishtirib mol-dunyo orttirgan. Kraft azaldan tadbirkor.

Kraft va uning turmush o’rtog’i Jo, ko’mir sanoatida pul qilgan milliarder respublikachilarning yirik homiysi, siyosiy donor. Oila ko’plab senatorlarni quvvatlagan. Donald Trampning prezidentlikka saylanishi uchun 2016-yilda bir million dollar bergan.

Tramp Kelli Kraftni ikki yilcha oldin Kanadaga elchi qilib yubordi. Kraft AQSh-Kanada-Meksika yangi savdo bitimi yuzasidan muzokaralarga hissa qo’shdi.

Bundan boshqa uning biror diplomatik tajribasi yo’q. Tabiiyki, tanqidga uchradi, savolga tutildi.

“Elchi xonim, gapning ochig’i, siz bu ishni eplay olishingizga ishonmayman. BMTda elchi bo’lish – juda murakkab vazifa. Tarixan, bu lavozimga eng tajribali vakillarimizni yuborganmiz. BMTdagi elchilarimiz tashqi siyosat va diplomatik boshqaruv bobida oldinda yurgan”, - deydi demokrat senator Bob Menendez.

Senator nomzodni Kanadada elchi bo’lib yurganida deyarli ishlamagan deya tanqid qildi.

“608 kunning yarmidan ko’pida u ishlamagan. Qani liderlik, mas’uliyat?“

AQShning BMTdagi oxirgi elchisi Nikki Heyli yil boshida ketgan
AQShning BMTdagi oxirgi elchisi Nikki Heyli yil boshida ketgan

Nomzodlarga qattiq savollar berish – demokratik jarayon, deydi siyosiy tahlilchi Richard Govan.

“Kraftning xalqaro diplomatiya bo’yicha bilim va tajribasi juda oz. Biroq undan oldingi elchi Nikki Heyli ham shunday edi. Kraftdan ko’p narsa kutishmayapti, lekin u hali hayron qoldirishi mumkin. BMTda do’st orttira olsa-chi? Mana shu eng muhimi”.

BMT oldidagi eng yirik maqsadlardan biri global iqlimdagi salbiy o’zgarishlarni bartaraf etish, ularga qarshi kurashish. Kraft esa bu o’zgarishlarga ishonmaydi. Oilaviy biznesi ko’mirga asoslangan. An’anaviy energiya manbalari tarafdori.

“Iqlimdagi o’zgarishlarga befarq emasman. Sayyoramiz kelajagiga tahdid soladigan har qanday holatga jiddiy qarayman. BMTdagi elchi sifatida men bu boradagi muhokamalarda faol qatnashib, nimaiki muammo bo’lsa, ularni yechish yo’lida jonbozlik qilaman. Bunga hech shubha qilmang”, - deydi Kraft jurnalistlar bilan gaplashar ekan.

Kelli Kraftdan oldingi elchi Nikki Heyli vazifadan yil boshida ketgan. Heyli Vazirlar mahkamasi a’zosi edi. Kraftga bunday joy berilmagan. Heyli AQSh tashqi siyosatida ahamiyatli rol o’ynay oldi, lekin yangi elchidan bunday faollik kutilmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG