Breaking News

Isroil AQShning ikki qonunchisini mamlakatga kiritmoqchi emas


Isroilni tanqid qilishi bilan tanilgan ikki musulmon qonunchi Rashida Tolib (chapda) va Ilhan Umar.

Isroil ikki nafar AQSh qonunchisini mamlakatga kiritmasligi haqida e'lon qilgach, AQShning Isroilga hech qanday shartlarsiz yordam ko'rsatishini savol ostiga oluvchilar o'rtasida bahslar kuchaydi.

Vakillar palatasining demokrat a'zolari Ilhan Umar va Rashida Tolib Isroilni va uning falastinliklarga nisbatan siyosatini tanqid qilishi bilan tanilgan. Ular kelasi kunlarda Isroilga va G'arbiy sohildagi bir necha shaharga borishni rejalayotgan edi. Isroil Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Tzipi Xotoveli davlat telekanaliga intervyu berib, "Bu dunyoda bizning yashash huquqimizni inkor etadiganlarga Isroilga kirishga ruxsat bermaymiz. Bu tamoyil sifatida adolatli qaror", - dedi.

Bundan avvalroq AQSh Prezidenti Donald Tramp "Twitter" orqali Isroilni bu qonunchilarni mamlakatiga kiritmaslikka chaqirgan edi.

"Agar Isroil qonunchi Umar va Tolibning Isroilga borishiga ruxsat bersa, bu ulkan zaiflikdan dalolat beradi. Ular Isroildan va barcha yahudiy xalqidan nafratlanadi. Ular fikrini o'zgartirishning imkoni yo'q", - deb yozdi Tramp.

Umar va Tolib Isroilni tanqid qilgani uchun antisemitizmda ayblanadi. AQSh siyosatida yahudiylar va ular boyligining ta'siri kattaligi haqida yozgani uchun Umar o'z partiyadoshlari tomonidan ham malomat qilingan edi.

Umar va asli falastinlik qonunchi Tolib Isroilning G'arbiy sohildagi bosqiniga chek qo'yish uchun yahudiy davlatga iqtisodiy bosimni oshirishni maqsad qilgan BDS harakatini qo'llab-quvvatlaydi. Bu harakatning ba'zi a'zolari Isroilning yo'q bo'lishiga yetaklovchi yagona davlat siyosati tarafdori ekani aytiladi.

Obama ma'muriyati davrida AQShning Isroildagi elchisi bo'lgan Dan Shapironing aytishicha, Isroilning so'nggi qarori yahudiy davlatga qarshi boykot harakatining yanada kuchayishiga hissa qo'shadi.

"Isroilning Tolib va Umar tashrifiga ruxsat berish haqidagi dastlabki qarori dono qadam edi. Bundan voz kechilgani bema'nilik. Qonunchilarning Isroilga oid qarashlariga qo'shilmayman, buni qoralaganman. Lekin ularning kelib o'rganishida hech qanday zarar yo'q. Bunga qarshilik esa Isroilning AQShdagi mavqeiga putur yetkazib, BDS da'vosini kuchaytiradi", - deb yozdi Shapiro "Twitter" orqali.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG