Breaking News

Farg'ona viloyati hokimi Aktobe qurbonlari yaqinlarini haqoratladi


Farg'ona viloyati hokimi Shuhrat G'aniyev
Farg'ona viloyati hokimi Shuhrat G'aniyev

Ijtimoiy tarmoqlarda va O'zbekistonning mahalliy axborot saytlarida Farg'ona viloyati hokimining yig'ilish qatnashchilari va Toshloq tumani aholisini haqoratlagani aks etgan audio yozuv paydo bo'ldi.

Toshloq aholisini "haromilar" deb atagan hokim Shuhrat G'aniyevning bu haqoratlari, ayniqsa, Aktobe fojiasi qurbonlari muhokama qilingan majlisda aytilgani, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimlar daxlsizligini kafolatlashi ortidan yangrayotgani kuchli norozilik uyg'otgan.

G'aniyev majlis davomida matbuotdan, u haqda yozishlaridan qo'rqmasligini ham aytib o'tgan.

Matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan audio yozuvdan hokimning majlisi Aktobe qurbonlari yuzasidan o'tkazilganini anglash mumkin. Qozog'istonda yonib ketgan 52 nafar o'zbekistonliklarning 16 nafari Farg'ona viloyatidan edi.

Shuhrat G'aniyevning bu haqoratlari jamoatchilikni larzaga keltirgan Aktobe fojiasi qurbonlarining dafn etilishi ortidan yangrayotgani, ayniqsa, jamoatchilikda keskin norozilik uyg'otgan.

Farg'ona viloyati hokimining haqoratlari aks etgan audio:

Shuhrat G'aniyev bu majlis davomida qurbonlar haqida to'xtaydi, faqat xotirlash uchun emas, fojiada ularning ota-onalarini, mahallani aybdor qilish uchun. Hokim bu majlisda Toshloq aholisining hajga borishiga, Rossiyaga ish izlab ketishiga taqiq qo'yadi.

Hokim haqoratlari ochiqlanishi ortidan matbuot, ijtimoiy tarmoqlar ham junbushga kelgan. Ijtimoiy tarmoqlarda hokimning o'ziga haqoratlar yog'ilayotgan bo'lsa, matbuot Farg'onada "yangi fir’avn" paydo bo'lgani haqida yozmoqda.

Jurnalist To'ra Murod "Farg'onadan yangi fir'avn chiqibdi!" deb nomlangan maqolasini bevosita Prezident Mirziyoyevga ochiq murojaat qilishdan boshlaydi.

Muallifga ko'ra, 52 farzandidan ajragan o'zbek xalqi motam ichida turgan bir paytda o'zini fir'avn sanagan hokim butun millatni haqoratlashga jazm qildi, millat ayollarini buzuqlikda ayblamoqda.

Hokim motam ichida turgan xalqning nafratiga uchrab bo'ldi, endi xalqni, toshloqliklarni bu haqoratdan himoya qilish, qaror berish navbati Prezident Shavkat Mirziyoyevda, deb yozadi jurnalist.

Prezident Mirziyoyev yaqinda parlamentga qilgan to'rt soatlik murojaatida hokimlar vakolatini jiddiy kengaytirgan, huquq-tartibot idoralarining hokimlar ishiga aralashishini taqiqlagan. Prezident o'zining shaxsiy ko'rsatmasisiz hech kimda hokimga nisbatan jinoiy ish ochish vakolati yo'qligini aytgan edi.

Shuhrat G'aniyevning bu chiqishi hokimlar tomonidan siyosiy muxolifat tilga olingan ilk bayonot ham deyish mumkin, o'tgan asrning 90-yillarini xotirlagan hokim muxolifatga qo'shilgan toshloqliklarni ham haromilar deb ataydi.

Muxolifat faoli O'ktam Ahmad xorijdagi uzoq yillik muhojirlikdan so`ng yaqinda O'zbekistonga qaytdi. Asli qo'qonlik faol viloyat hokimi xalq orasida so'kong'ichligi bilan tanilganini, viloyatda uning ishdan olinishi haqidagi gap-so'zlar yurganini aytadi.

O'ktam Ahmadga ko'ra, hokimliklarda siyosiy muxolifat eslanayotgani oddiy aholi orasida siyosiy uyg'onish boshlanayotganidan darak deyish mumkin.

"Yo'qotiladigan narsa yo'rgakdan yo'qotilishi kerak, degan bir gap bor. So'nggi paytda xalqimizda biroz siyosiy faollik uyg'onayotgani kuzatiladi, odamlar siyosat haqida gapirishdan cho'chishayotgani yo'q. Shuning uchun ham bunday gaplar aytilayotgan bo'lishi mumkin. Men "birlikchiman" odamlarni orasida yuribman, oz bo'lsa ham siyosiy faollik uyg'onmoqda", - deydi O'ktam Ahmad.

O'zbekistonda hokimlarning oddiy xalqni haqoratlashi, urib so'kishi birinchi bor qayd etilayotgan holat emas. Bundan avval Andijon, Sirdaryo viloyatidagi hokimlarining o'qituvchilarga qo'l ko'tarishi, urishi va haqoratlashiga doir videotasvirlar tarqalgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG