Breaking News

Rossiya-O'zbekiston: Duma Oliy Majlis va Mirziyoyev bilan nimalarni gaplashdi?


O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Rossiya Dumasi vakillari bilan muloqotda, 16-sentabr, 2019

Salkam 15 yillik tanaffus ortidan O’zbekistonga safar qilgan Rossiya Dumasi delegatsiyasi Toshkentni Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga (KXSh) qaytishga chaqirdi.

Rossiya Dumasi rahbari Vyacheslav Volodin bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda, shuningdek, O’zbekiston parlamenti vakillari bilan o’tkazgan muzokarasi davomida ham gaplashgan. Ikki davlat qonunchilari o’rtasidagi muzokaralar Rossiya Federatsiyasi kengashi rahbari Valentina Matviyenkoning safari bilan davom etishi kutilmoqda.

Rossiya delegatsiyasi Prezident Mirziyoyev bilan uchrashgan.

Volodinning matbuotga bergan intervyusiga ko’ra, Mirziyoyev bilan ikki soat davom etgan uchrashuv natijasida tomonlar KXSh Parlament assambleyasi doirasida hamkorlikni boshlashi mumkin.

Toshkent Moskva tomonidan surilgan bu taklifga nisbatan hozircha biror munosabat bildirmagan, jumladan, kuzatuvchi maqomida hamkorlikka chaqirilayotgan Oliy Majlis ham.

Duma delegatsiyasining Oliy Majlisdagi muzokaralarida qonunchilikni muvofiqlashtirish, turli xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik muhokama qilingan.

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Rossiya Dumasi vakillari bilan muloqotda, 16-sentabr, 2019
O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Rossiya Dumasi vakillari bilan muloqotda, 16-sentabr, 2019

O’zbekiston Senati ma’lumotida tomonlarning MDH va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) Parlament assambleyalari darajasida hamkorlikka tayyorligi ta’kidlanadi, ammo KXSh doirasida hamkorlik masalasi muhokama qilingani yuzasidan hech narsa deyilmaydi.

Uchrashuvda Senat raisi Tanzila Norboyeva Duma rahbariga O’zbekistonda rus tiliga ko’rsatilayotgan ehtirom haqida aytgan.

Ikki davlat qonun chiqaruvchi organlari o’rtasidagi muzokaralar davom etishi, oktabr oyida Rossiya Federatsiyasi kengashi raisi Valentina Matviyenko O’zbekistonda rasmiy safar qilishi kutilmoqda.

O’zbekiston Rossiya yetakchiligidagi KXSh, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qaytishi mumkinligi yuzasidan munozaralar bu ittifoqlarga keskin qarshi bo’lgan oldingi rahbar Islom Karimov vafoti, Toshkentda hokimiyat almashishidan buyon avj ola boshladi.

Ammo hozirgacha bu munozaralar rasmiy ko’rinish olmagan va prezident darajasida o’tgan uchrashuvda muhokama qilingani ochiq bildirilmagan edi.

Rossiya matbuotida O’zbekistonning KXSh qaytish ehtimoli muhokamaga chiqib, ayrim ekspertlar bu narsaga hech narsa to’sqinlik qilmasligi, Islom Karimov endi yo’qligi, Toshkentda hokimiyat yangilanganini qayd etishmoqda.

Mirziyoyev hokimiyatga kelishining dastlabki yillarida O’zbekiston Karimov tanlagan tashqi siyosiy tamoyillariga sodiq qolishi, turli harbiy-siyosiy ittifoqlarga qo’shilmasligini ta’kidlagan edi.

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Rossiya Dumasi vakillari bilan muloqotda, 16-sentabr, 2019
O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Rossiya Dumasi vakillari bilan muloqotda, 16-sentabr, 2019

Bundan tashqari O’zbekistonning harbiy-siyosiy ittifoqlarga qo’shilmasligi qonuniy asoslarda ham mustahkamlangan, bu parlament tomonidan qabul qilingan tashqi siyosiy yo’nalishiga doir hujjatda belgilangan.

Ammo O’zbekistonda qonunchilik o’zgartirilishi ortiqcha qiyinchiliksiz amalga oshishi inobatga olinsa, bu mamlakat rahbarining siyosiy irodasiga bog’liq masala ekanligi ko’rinadi.

Sharhlovchilar O’zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan Rossiya bilan munosabatlar jiddiy qalinlashgani, tashqi siyosiy aloqalarda Toshkent Moskva izmiga o’tayotganini ta’kidlab kelishadi. Bu ayniqsa O’zbekistonning Qrim va Ukraina bo’yicha pozitsiyasida, boshqa xalqaro masalalarda aks etgan.

Muhojirlikda yashayotgan o’zbek yozuvchisi Safar Bekjon tashqi siyosatni Moskva bilan muvofiqlashtirish O’zbekistonning yangi hokimiyatiga qo’yilgan shartlaridan biri, deb hisoblaydi.

“Avval unchalik bo’lmasa-da, Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin O’zbekiston geosiyosiy masalada, xususan xalqaro aloqalarda ham Rossiya ta’sir doirasidan tashqarida ish qilolmaydi, shunday bo’lib qoldi. Juda ko’p masalalarda tashqi siyosiy yo’nalish Rossiyaga qarab belgilanadi”, - deydi Safar Bekjon.

Siyosatshunos Farhod Tolipovga ko’ra, Karimov va Mirziyoyevning Rossiyaga nisbatan siyosatini o’zaro qiyoslash noo’rin, bugungi geosiyosiy reallik boshqa.

“Gap shundaki, bu ikki prezident davridagi tashqi siyosatni taqqoslashdagi kontekst bir-biridan farq qiladi. Oldingi davrda Rossiyani o’zining geosiyosiy nufuzini hozirgi darajada tiklay olmagan, jumladan Markaziy Osiyodagi geosiyosiy raqobatda boshqa kuchlarning ishtirokiga to’sqinlik qilish qudratida emas edi. Bu davrda O’zbekiston-AQSh munosabatlari rivojlanishi jiddiy to’sqinlikka uchramadi. Ammo hozirgi davrda xalqaro sahnadagi vaziyat boshqa, AQShni o’zida ham tashqi siyosatdagi ustuvorlik o’zgargan, boshqa tomondan Rossiya xalqaro sahnaga qaytmoqda. Markaziy Osiyodagi raqobat keskinlashib bormoqda, mintaqa davlatlariga oson bo’lmaydi, qolaversa uchinchi tomondan Xitoy ulkan, qudratli geosiyosiy kuch sifatida mintaqaga kirib kelmoqda”, - deydi Farhod Tolipov.

Markaziy Osiyoda O’zbekiston hozirgacha Rossiyaning harbiy ishtiroki saqlab qolinmagan asosiy davlat hisoblanadi.

Bu istisno bir tomondan mintaqa markazida joylashgan O’zbekistonning geostrategik o’lchamini belgilovchi, boshqa tomondan Markaziy Osiyo Rossiyaning mutlaq harbiy nazoratidan xoli ekanligini ko’rsatuvchi mezonlardan biri sifatida e’tirof etib kelinayotgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG