Breaking News

Vashingtonda Erdog'an-Tramp uchrashuvidan nimalar kutilyapti?


AQSh va Turkiya rahbarlari Yaponiyaning Osaka shahrida o'tgan "Katta yigirmalik" sammiti doirasida o'tgan uchrashuvda, 2019-yil, 29-iyun
AQSh va Turkiya rahbarlari Yaponiyaning Osaka shahrida o'tgan "Katta yigirmalik" sammiti doirasida o'tgan uchrashuvda, 2019-yil, 29-iyun

13-noyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Vashingtonda AQSh rahbari Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazadi. Bundan oldin AQSh Davlat kotibining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Jeyms Jeffri 8-9-noyabr kunlari Turkiyada bo'lib, turk rasmiylari va Suriya muxolifati vakillari bilan uchrashadi. Muhokama qilinadigan asosiy mavzu – Suriya shimolidagi vaziyat va IShIDga qarshi kurash. Ammo ikki tomonlama uchrashuvlar bu bilan cheklangan emas.

Xo‘sh, bu uchrashuvlar oxirgi vaqtda Anqara va Vashington o‘rtasida taranglashgan munosabatlarni yumshata oladimi?

Gaplashadigan gap ko‘p

O‘tgan hafta AQSh Vakillar palatasi XX asr boshlarida Turkiya hududida yuz bergan armanlarning ommaviy o‘limini genotsid deb tan oluvchi qonun loyihasini qabul qilgani Anqaraning jiddiy noroziligiga sabab bo'ldi. Shundan so‘ng turk rasmiylari Prezident Erdog‘anning AQShga safari bekor qilinishi mumkinligini bildirgan edi.

Tramp Suriyaning shimoli-sharqidan amerikalik askarlarni olib chiqib, Turkiyaning oktabr oyidagi harbiy amaliyotiga yashil chiroq yoqqandek ko‘rinsa-da, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Oq uy Turkiyaga nisbatan sanksiya joriy etdi. Bu sanksiya 17-oktabrda tomonlar Suriyada o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olganidan so‘ng to‘xtatildi.

Biroq sanksiyalar mavzusi kun tartibidan tushganicha yo‘q. Amerikalik bir qator senatorlar Tramp boshqaruvidan Turkiyaning Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuvni buzib-buzmagani haqida ma’lumot so‘rab, agar Anqara kelishuvni buzgan bo‘lsa, qaqshatqich sanksiyalar bilan javob qaytarilishini talab qildi. Bu talab senatorlar Lindsi Grem, Marsha Blekbern, Krsi Van Xollen, Richard Blumental, Jin Shaxinning Davlat kotibi Mayk Pompeoga yo‘llagan xatida aks etgan.

Senatorlarning ta’kidlashicha, Turkiya AQSh bilan kelishilgan hududdan tashqarida harbiy amaliyotni davom ettiryapti; Anqara qo‘llab-quvvatlayotgan kuchlar esa Tel Tamer aholi punktida suriyalik kurdlarga hujumlar uyushtirgan. Senatorlar agar Anqara zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmasa, Turkiya iqtisodiyotini izdan chiqarish to‘g‘risidagi Prezident Trampning tahdidini eslatib o‘tdi.

Turkiya va AQSh o‘rtasida taranglikka sabab bo‘lib kelayotgan mavzulardan yana biri – Xalq banki masalasi. AQSh Turkiyaning bu bankini Eronga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni aylanib o‘tgan holda 20 milliard dollar miqdorida pul o‘tkazish va moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishda ayblamoqda. Nyu-York Janubiy okrug prokuraturasi tayyorlagan ayblov xulosasida Xalq bankiga firibgarlik va “pul yuvish” singari oltita ayb qo‘yilgan. Bankning o‘zi ham, rasmiy Anqara ham bu ayblovlarni rad etyapti. Xalq banki bo‘yicha sud ishi Nyu-Yorkda hali ham davom etmoqda.

Kurdlarni qo‘llayotgan faqat AQSh emas

Anqara va Vashington o‘rtasida taranglikka sabab bo‘lib kelayotgan eng katta masalalardan biri – Suriyadagi kurd guruhlari taqdiri. Anqara kurdlarning “Xalq mudofaa otryadi” (YPG) va uni o‘z ichiga olgan “Suriya demokratik kuchlari” (SDK) harakatini terrorchi hamda Turkiyaga qarshi kurashib kelayotgan Kurdiston ishchi partiyasining (PKK) Suriyadagi qurolli qanoti deb biladi. AQSh esa kurd jangchilarini Suriyada IShIDga qarshi kurashda o‘ziga hamkor deb tanlagan va ularga ko‘mak berib kelyapti.

Biroq suriyalik kurdlarga yordam ko‘rsatayotgan birgina AQSh emas. Vashingtonning Yaqin Sharqdagi eng yaqin hamkori bo‘lmish Isroil ham kurdlarni qo‘llab-quvvatlayapti. Isroil Tashqi ishlar vaziri o‘rinborasi Sipi Xotoveli uning mamlakati suriyalik kuchlarni Eronning mintaqadagi ta’siriga qarshi muvozanatlovchi kuch sifatida ko‘rishini, kurdlarga diplomatik va gumanitar yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qildi.

“Amerikaliklar bilan uchrashuvlarda kurdlar haqidagi haqiqatlarni tilga olyapmiz, kurd xalqining yonida bo‘lganimizdan faxrlanamiz”, – dedi Xotoveli Knessetdagi nutqida.

Anqaradagi Inqiroz va siyosat tadqiqotlari markazining (ANKASAM) xalqaro huquq bo‘yicha mutaxassisi Olimjon Sobir “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Turkiya 9-oktabrda Suriyaning shimolida boshlagan harbiy amaliyotni sharhlar ekan, Anqaraning maqsadi mazkur hududni kurd jangchilaridan tozalash bo‘lganini aytadi.

“Chunki ular Turkiyaning milliy xavfsizligiga tahdid demakdir”, – deydi u.

Prezident Rajab Toyyib Erdog‘an Vashingtonga safari asnosida AQShning suriyalik kurdlarga yordamini ham muhokama qilishini bildirdi.

“Amerika 32-33 ming yuk mashinasida, afsuski, zarur vositalar, qurol-yarog‘ va hokazo narsalar yubordi. Bularni yuzma-yuz muhokama qilish boshqa, telefonda muhokama qilish boshqa. Kechqurungi telefon muloqotida bularni yuzma-yuz gaplashib olishga kelishdik”, – dedi u 6-noyabr kunı Tramp bilan bo‘lib o‘tgan telefon muloqotiga ishora qilib.

Shuningdek, Erdog‘an AQSh bilan kelishuvda belgilanganidek, kurd jangchilar haligacha Suriyaning Turkiya bilan chegarasidagi xavfsiz hududdan chiqib ketmaganini ta’kidladi.

“Ular Suriya milliy armiyasiga (Turkiya qo‘llab-quvvatlayotgan qurolli muxoliflar) hujum qilyapti. Bunga jim qarab turamizmi?” – dedi Turkiya prezidenti.

Ammo “Suriya demokratik kuchlari” qo‘mondoni Mazlum Kobani Iroqning "Rudaw TV" telekanaliga bergan intervyusida kurd jangchilar Turkiyaning talabini bajarganini aytdi. Bundan tashqari, u Vashingtonning SDKga yordami davom etishini bildirdi. Mazlum Kobani AQSh va Turkiya kelishuvidan keyin amerikaliklarning hududga qaytishini izohlar ekan, buning neft bilan bog‘liq emasligini, neft shunchaki bahona ekanini ta’kidladi.

“Hamma ularning bu yerda qolishi kerakligini bilar edi va ular neftni sabab qilib ko‘rsatishyapti. Qaror qaytadan ko‘rib chiqilishi uchun shunday sabab o‘ylab topildi. AQShning bu yerda bo‘lishi neft sababli emas, bo‘lmaydi ham. Bu yerda yangi muvozanat hosil bo‘ldi va AQSh bu muvozanatning bir joyidan o‘rin olish uchun bu yerda qolishi kerakligini biladi. Qolaversa, AQSh boshqaruvi ustidagi bosimlar yengillashishi uchun ana shunday qaror qabul qilindi. AQSh kuchlari bu shaklda qachongacha qolishini bilmaymiz. Biz uchun muhimi shu: biz hech qachon AQSh kuchlari oxirigacha qolsin va bizni himoya qilsin demadik. Buni na AQShdan, na boshqa kuchlardan istadik. Biz faqatgina AQSh boshchiligidagi xalaqaro kuchlar Suriya muammosi hal bo‘lgunga qadar bu yerda qolishini istaymiz”, - dedi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG