Breaking News

Turkiya va AQSh Suriya shimolidagi xavfsiz zonani birgalikda nazorat qilmoqda


Xavfsiz zona deb belgilangan Suriya-Turkiya chegarasidagi hudud, Suriyaning Raqqa viloyati Tal Abiyad shahri yaqini

Turkiya va AQSh harbiylari Suriya shimoli-sharqida xavfsiz zona deb belgilangan hududni birgalikda nazorat qilishni boshladi.

Suriyalik kurdlarni turk chegarasidan uzoqroq tutish uchun Anqara bufer zonasini Suriya tomon 30 kilometrgacha surishni talab qilgan edi. Biroq kurd jangchilari chegaradan 14 kilometrga chekingan, xolos.

Turkiya suriyalik kurdlarni terrorchi tashkilot deb topilgan Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqador deb bilarkan, ularga xavf sifatida qaraydi. AQSh suriyalik kurdlarni "Islomiy davlat" terrorchi to'dasiga qarshi kurashda kuchli va samarali hamkor deb biladi.

AQSh va Turkiya rasmiylari ushbu xavfsiz zona hajmi va uni kim nazorat qilishi kerakligi xususida hamon muzokara qilmoqda.

"Assoshieytid Press" axborot agentligi jurnalistlari Turkiyadan Suriyaga bronetransportyorlar o'tganini, so'ng bir yarim kilometr narida turgan AQSh harbiy transporti bilan birga hudud nazoratiga kirishganini, chegara ustidan kamida ikkita harbiy vertolyot uchib yurganini aytadi.

Turkiya Mudofaa vazirligi qo'shma patrul ish boshlaganini tasdiqlab, patrulga dronlar ham jalb etilganini ma'lum qildi.

Patrul xandaqlar va to'siqlar olib tashlanganini nazorat qilish maqsadida kurdlarning bir nechta bazasini ko'zdan kechirib, AQSh harbiylari bir kun oldin kurd askarlari bilan birgalikda Turkiya tomoni talablari ijrosini nazorat qilgan.

Vashington so'nggi yillarda NATOdagi ittifoqchisi Turkiya va "Islomiy davlat"ga qarshi kurashdagi hamkori kurdlar o'rtasiga tushib, to'qnashuvlarning oldini olishga harakat qilmoqda.

Xavfsiz zonada birgalikda patrullik qilish kelishuvi AQShga Turkiyaning kurdlarga qarshi bir tomonlama hujumining oldini olishga imkon berdi.

Anqara Suriya demokratik kuchlari (SDK) deb nomlanuvchi ittifoqning, asosan, kurd jangchilaridan iborat Xalq mudofaa bo'linmalarini (XMB) tahdid deb ko'radi. SDK tarkibiga, kurdlardan tashqari, suriyalik arablar, assuriylar, turkmanlar va oz sonli boshqa etnik guruh vakillari kiradi.

Koalitsiya kuchlari vakili, AQSh polkovnigi Mayls Kaggingsning aytishicha, turk qo'shinlari istehkomlar olib tashlanganini nazorat qilib, XMB tashlab chiqqan hududlarni ko'zdan kechirdi.

"Qo'shma patrul AQSh tomoni Turkiyaning xavfsizlik bobidagi asosli xavotirlarini jiddiy qabul qilishini ko'rsatishi bilan bir qatorda koalitsiya va SDK kuchlariga Daishga qarshi kurashni davom ettirish imkonini ham bermoqda", - deydi polkovnik.

Ilk qo'shma patrul ikki yarim soat davom etib, chegara atrofidagi to'rtta qishloqqa kirib chiqqan. Patrul paytida mahalliy yo'llar to'silgani aytiladi.

Turkiya bir nech yil oldin qabul qilgan suriyalik qochqinlarni xavfsiz zonaga ko'chirish ustida o'ylanmoqda. Ayni damda mamlakatda 3,6 million qochqin bor. AQSh xavfsiz zona yaratilishiga qarshi chiqsa, Anqara G'arb mamlakatlari bilan chegarasini ochib, qochqinlarning Yevropaga chiqishiga to'sqinlik qilmasligini do'q-po'pisa qilgan.

Suriya hukumati AQSh-Turkiya kelishuvini qoralab, xalqaro qonunchilik va Suriya suverenitetiga qarshi harakat deb baholadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG