Breaking News

Erdog'anning AQShga tashrifidan nimalar kutilyapti?


Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an

13-noyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an AQSh rahbari Donald Trampning taklifiga binoan Vashingtonga safar qiladi. Demokrat senator Kris Van Xollen bu taklifni “o‘ta xunuk” deb atab, bekor qilinishi kerakligini ta’kidladi.

“Turkiya Suriyadagi kurd ittifoqchilarimizga hujum qilganidan va IShIDga qarshi kurashimizga g‘ov bo‘lganidan keyin Erdog‘anning Oq uyga safar bilan mukofotlantirilishi nihoyatda yomon xabar beryapti. Ishontirib aytamanki, Prezident Erdog‘anning safari bekor qilinishi bugun AQSh Senatida ovozga qo‘yilsa, yuz foiz qo‘llab-quvvatlanadi”, – dedi Xollen 8-noyabr kuni "Defense One" nashri Vashingtonda o‘tkazgan konferensiyada.

"Tramp ham, Erdog‘an ham shouni yaxshi ko‘radi"

Vashingtondagi “Amerika taraqqiyot markazi”ning Turkiya bo‘yicha mutaxassisi Maks Xoffman Trampning ham, Erdog‘anning ham kameralar qarshisida bo‘lishni, ishlar o‘zlariga bog‘liq ekanini ko‘rsatishni va shouni yaxshi ko‘rishiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, har ikki prezident ham Vashingtondagi uchrashuvda muhim kelishuvlarga erishilgani haqida tasavvur uyg‘otishga urinadi, ammo bu haqiqatga qanchalik to‘g‘ri kelishi savol ostida bo‘ladi.

“Prezident Erdog‘an birmuncha vaqtdan beri bor e’tiborini Trampga qaratib, Trampni AQSh hukumati boshqaruvidan va Kongressdan ajratuvchi strategiyani olib boryapti. Chunki AQSh hukumatining qolgan qismi va Kongress ayni paytda Turkiyaga qarshi dushmanona tutumda, Turkiyaning Rossiya bilan yaqinlashishidan va Suriyadagi qadamlaridan juda g‘azabda. Tramp esa bu narsalardan ko‘pam bezovta emas. Shu sababli Erdog‘an bor e’tiborini Trampga qaratyapti va kengroq miqyosda, hukumatlararo munosabatlar orqali emas, prezident bilan yuzma-yuz muloqot orqali istaganlarini olishga urinyapti”, – deydi Xoffman “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Uning fikriga ko‘ra, Erdog‘anning bu strategiyasi to‘g‘ri emas va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni bir necha yil avvalgidan yomonroq holatga olib keladi.

Turkiya prezidenti safar davomida Trampdan nimalarni istaydi? Maks Xoffmanning javobi shunday:

“Erdog‘an Vashingtonda nimalarni xohlashini ochiq-ravshan ma’lum qildi. Avvalo, Xalq banki masalasi va Rossiyadan "S-400" xaridi tufayli “Amerikaning raqiblariga sanksiyalar orqali qarshilik ko‘rsatish” (CAATSA) qonuni orqali har qanday sankiya tahdidi bartaraf etilishini istaydi. Xususan, Turkiyaning Suriya shimolidagi harakatlari tufayli Kongress joriy etishi mumkin bo‘lgan sanksiyalarni ham. Erdog‘an bu borada kafolat talab qiladi. Ikkinchidan, Turkiya "S-400" tizimini xarid qilgani uchun chiqarib yuborilgan "F-35" dasturiga qaytadan qo‘shilishni so‘rashi mumkin. Shunigdek, Trampdan Turkiyaning terrorchilikka qarshi kurashda qanchalik ishonchli ekani haqida maqtovlar eshitishni istashi mumkin”.

Xoffman fikricha, AQSh prezidenti o‘zini muammolarni hal qiluvchi sifatida ko‘rsatishni yaxshi ko‘rgani sababli Erdog‘anning ba’zi talablariga rozi bo‘ladi. Bu Xalq banki va CAATSA bilan bog‘liq masalalar bo‘lishi mumkin.

“Trampning "F-35" masalasida imkoniyati cheklangan, bu qonunan Kongressning nazoratidagi masala va Kongress Turkiyaning dasturga qayta qo‘shilishiga qat’iyan qarshi”, – deydi mutaxassis.

Aloqalar keskin sovib ketmaydi

Xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis Otabek Omonqulov Turkiya va AQSh o‘rtasida oxirgi vaqtda kuzatilayotgan tarangliklar vaqtinchalik holat ekanini, ziddiyatlarning kuchayib ketishidan har ikki taraf ham manfaatdor emasligini aytadi. Uning fikriga ko‘ra, ayniqsa, Turkiya murosa yo‘llarini qidirishga majbur.

“AQSh – global gegemon kuch. Turkiya mintaqaviy kuch, rivojlanayotgan davlat sifatida u bilan murosa qilishiga to‘g‘ri keladi. Munosabatlar yomonlashib, hatto Turkiyani NATOdan chiqarish masalasi kun tartibiga kelsa, bu birinchi navbatda Anqara uchun xavf tug‘ilishi demakdir, masalan, Rossiya va Eron tomonidan. Hozir Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar do‘stona ko‘rinsa-da, aslida ikki o‘rtada o‘zaro ishonch yo‘q. Rossiya ham, Xitoy ham Turkiyaning G‘arb orbitasidan chiqishini istaydi, albatta, lekin bu ayni paytda Turkiyaning zaiflashuvi demakdir”, – deydi Omonqulov.

Uning aytishicha, Suriya masalasi Turkiya va AQSh munosabatlarining jiddiy yomonlashishiga olib kelmaydi. Ayni paytda tomonlar o‘z manfaatlarini himoya qilishga urinyapti, kelishmovchiliklar bo‘lishi esa tabiiy, tarangliklar o‘tib ketadi, deydi mutaxassis.

Turkiya Suriyada maqsadiga erishdimi?

Vashington uchrashuvida Erdog‘an va Tramp muhokama qiladigan mavzulardan biri – Suriya masalasi. AQSh hukumat doiralari Anqaraning Suriya shimolidagi harbiy amaliyotidan va ayni paytda u yerda mavjudligidan norozi. Maks Xoffmanning fikiricha, Erdog‘an Suriyada maqsadlarining yarmiga erishdi, ammo bu Turkiyaning xalqaro obro‘si putur yetishi evaziga amalga oshdi.

“Menimcha, chigal natija hosil bo‘ldi, – deydi mutaxassis. – Uch maqsad bor edi: AQSh va “Suriya demokratik kuchlari” (SDK – asosan kurdlardan iborat qurolli guruh) orasidagi hamkorlikni strategik darajada yo‘q qilish. Ikkinchisi – Turkiyadagi qochqinlarning ortga qaytishi uchun joy ochish, chunki bu mavzu Turkiyada Erdog‘anning obro‘siga zarar yetkazadigan darajadagi siyosiy yuk holiga keldi. Uchunchisi – milliyatchilarning qo‘llab-quvvatlashini kuchaytirish, ATPning (Adolat va taraqqiyot partiyasi) harbiy operatsiyadan avval tushib ketgan obro‘sini ko‘tarish”.

Xoffman Turkiya prezidenti o‘z obro‘sini ko‘tarib olganini aytadi. Ammo u Turkiyadagi suriyaliklarni hali ham urush davom etayotgan mintaqaga qaytishga ko‘ndirish qiyin bo‘ladi degan fikrda.

“Erdog‘anning eng katta muvaffaqiyati SDKning Amerikaga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazish hamda AQShning Asad bilan muzokaralarida SDKni va muxtoriyat loyihasini qo‘lalb-quvvatlashini davom ettirishini imkonsiz holatga olib kelish bo‘ldi”, – deydi u.

Istanbuldagi universitetlardan birida iqtisod yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan Sardor Nazirov AQSh Suriya siyosatini olib borar ekan, o‘zining sodiq hamkori bo‘lmish Isroilning manfaatlari bilan ham hisoblashayotganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriyada kurdlar avtonomiyasining paydo bo‘lishi Isroilning manfaatlariga, milliy xavfsizligiga xizmat qiladi.

“Menimcha, Jenevada Suriyaning yangi konstitutsiyasini yaratish bo‘yicha muzokaralardan keyin vaziyat Suriyada federativ tizim barpo etishga qaratiladi, – deydi Nazirov. – Asosiy masalalardan biri esa Turkiyani qanday qilib kurdlarning muxtoriyatiga ko‘ndirish”.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG