Breaking News

AQSh-Janubiy Koreya tangligidan kim yutadi?


AQSh-Janubiy Koreya askarlarining qo'shma harbiy mashg'uloti, Pxoxan, Janubiy Koreya, 2016-yil, 12-mart

AQSh-Janubiy Koreya munosabatlari harbiy paktlar bo’yicha tomonlarning bir-biriga zid pozitsiyalari sababli tanglikka yuz tutmoqda. Ekspertlarga ko’ra, kelishuvga erishilmasa, Seul milliy xavfsizligi jiddiy tahdidlar qurshovida qoladi.

Janubiy Koreya qo'shilgan ikkita harbiy shartnomaning amal qilish muddati yakuniga yetmoqda: Seulning Tokio bilan maxfiy axborot almashinuvi to’g’risidagi pakti 23-noyabr kuni nihoyasiga yetadi. Seul mudofaasi xarajatlariga yordamlashish bo’yicha Vashington bilan imzolangan shartnoma ham 31-dekabr kuni poyoniga yetadi.

“Ittifoqchilik munosabatlari katta bosim ostida. Shuning uchun ham o’tmishdagi qadar qudratli emas”, - deydi “Rand Corp” tadqiqot markazining mudofaa bo’yicha eksperti Bryus Bennett.

Namoyishchilar AQSh-Janubiy Koreya harbiy mashg'ulotlariga qarshi chiqmoqda. Seul, AQSh elchixonasi qarshisida, 5-avgust, 2019.
Namoyishchilar AQSh-Janubiy Koreya harbiy mashg'ulotlariga qarshi chiqmoqda. Seul, AQSh elchixonasi qarshisida, 5-avgust, 2019.

Vashington Seuldan Tokio bilan maxfiy axborot almashinuvi bo’yicha paktni tugatmaslikni talab qilib keladi. Biroq Seul o’z qaroridan kechmagan.

Janubiy Koreya avgust oyida Yaponiya bilan shartnomani tugatishini e’lon qilgan edi. 1910-1940-yillarda yapon mustamlakasi davrida qo’llangan majburiy mehnat bo’yicha Seul da’volarini Tokio tan olmagan. Shundan keyin tomonlar o’rtasidagi kelishmovchilik kuchayib ketgan edi.

Vashington o’zining ikki ittifoqchisi o’rtasida mazkur shartnomaning amal qilishini istaydi. Xususan, Shimoliy Koreya tahdididan ogohlik va favqulodda vaziyatlarda hamkorlikda ishlash yuzasidan hujjat muhim strategik ahamiyatga ega.

AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper (chapda) va Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Chjon Kyon Du. Seul, 9-avgust, 2019.
AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper (chapda) va Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Chjon Kyon Du. Seul, 9-avgust, 2019.

“AQSh hukumati shartnomani yangilamaslik qaroridan qaytarish maqsadida Janubiy Koreyaga bosimni kuchaytirgan. Vashingtonga ko’ra, mintaqa xavfsizligi masalasi Yaponiya bilan o’zaro kelishmovchilik masalasidan ustun. Biroq Seul muammoga ikki tomonlama munosabatlar doirasida yondashmoqda”, - deydi AQSh-Janubiy Koreya siyosati Kengashi direktori Skot Shnayder.

Bundan tashqari, Vashington Janubiy Koreyadagi 28 500 kishilik AQSh kuchlarining moliyaviy ta’minoti uchun Seuldan besh milliard dollar mablag’ ajratishni talab qilgan.

Seulning joriy yildagi ulushi 924 million dollar bo’lgan. Biroq Vashingtonning yangi talabi ushbu ko’rsatkichdan besh barobar ko’p.

AQShning F-35 qiruvchi samolyoti Seulda. 16-oktabr, 2017.
AQShning F-35 qiruvchi samolyoti Seulda. 16-oktabr, 2017.

“Mudofaa xarajatlari taqsimoti bo’yicha Seul va Vashington kelishuvga erishishi lozim. Biroq masalaga qanday yechim topilishi o’zaro munosabatlar sifatiga ta’sir ko’rsatadi. Tomonlar buni inobatga olishi kerak”, - deydi Bennett.

Kelishmovchiliklarni hal etishda Pxenyanning Seul-Vashington ittifoqini tugatish rejasini ham unutmaslik kerak. Bennettga ko’ra, shu yo’l bilan Shimoliy Koreya Janubiy Koreyaga nisbatan harbiy ustuvorlikka erishishni ko'zlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG